$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari iste’moli botulizmni keltirib chiqarishi mumkin

konserva bonka

Oxirgi vaqtlarda Respublikamizning aksariyat shahar va tumanlarida aholi orasida ovqatdan zaharlanishning eng og‘ir turi, jumladan “Botulizm” kasalligi uchrab turmoqda. Ushbu kasallikning yuzaga kelishida uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari iste’moli muhim rol o‘ynaydi. Kasallik sporalari qulay sharoitga tushib qolganda, ko‘payib o‘zidan toksin ajratib chiqaradi.

Botulizm qanday rivojlanadi?

Botulizm kasalligini chaqiruvchi mikroblar ko‘pincha sabzavotlar, qo‘ziqorin, go‘sht va baliq mahsulotlaridan tayyorlash texnologiyasiga rioya etmasdan uy sharoitida tayyorlangan, sifatsiz konserva mahsulotlarida ko‘payib, ularni inson iste’mol qilganida, jarohatlangan teri yoki og‘ziga solganida kasallik rivojlanishi mumkin.

Tashqi muhitga chidamli bakteriyalar

Oziq-ovqat mahsulotlariga botulizm qo‘zg‘atuvchilari turli yo‘llar bilan o‘tadi. Masalan go‘shtga – hayvon so‘yilayotganda, nimtalanayotganda, baliqlarga esa qoplamalaridan yoki ichaklaridan tushishi mumkin. Ba’zi hollarda botulizm tuzlangan baliqlar orqali tarqalishi mumkin.

Sabzavot, mevalar va qo‘ziqorinlarga botulizm qo‘zg‘atuvchilarini sporalari asosan tuproqdan o‘tadi. Botulizm qo‘zg‘atuvchilari tashqi muhitga o‘ta chidamli bo‘lib, 100 gradus haroratda 6 soat, 120 gradusda esa 10 daqiqagacha tirik bo‘ladi.

Botulizm sporalari qulay sharoitga tushib qolganda, ko‘payib o‘zidan toksin ajratib chiqaradi. Sporalarni ko‘payishi va o‘zidan toksin ajratib chiqarishi uchun kislorodsiz muhit qulay hisoblanadi. Shu sababli, botulizm qo‘zg‘atuvchilari konservalangan mahsulotlarda, vetchina, kolbasa va baliqlarda yaxshi rivojlanadi.

Sporalarni rivojlanishi uchun 22-37 daraja eng qulay hisoblanadi. 14 haroratdan past darajada, 10 foizli osh tuzi eritmasida va 55 foizdan yuqori shakarli muhitda toksin ishlab chiqarishi to‘xtaydi.

Kasallik belgilari

Botulizm tayoqchasining ishlab chiqargan zahari qonga tez so‘riladi va juda kuchli ta’sir qiladi. Kasallikning yashirin davri 2 soatdan 8-10 kungacha, hatto 21 kungacha cho‘zilishi mumkin.

Botulizm kasalligida markaziy nerv tizimi zararlanishi belgilari kuzatiladi. Botulizm toksinlari bilan zararlangan oziq-ovqatlarni iste’mol qilgandan keyin 2-3 soat ichida, ba’zi hollarda esa, bir sutkadan keyin, zaharlangan kishining oshqozoni behuzur bo‘lib, qayd qiladi. Bosh qattiq og‘riydi, og‘iz bo‘shlig‘i va tomoq yo‘llari quriydi. Ko‘zi xiralashib, narsalar qo‘shaloq bo‘lib ko‘rinadi (diplopiya), qovoqlari tushib ketadi (ptoz), bemor yutinishga, chaynashga qiynaladi.

Botulinotoksinga asab tizimi, ayniqsa, kuchli sezgir bo‘lganligi uchun, meningial simptomlar kuzatiladi. Nafas olish, yutish va yurak urish reflekslarining buzilishi oqibatida o‘lim holatlari kuzatiladi.

Botulizm kasalligida shifokor kelgunga qadar bemorga ko‘p miqdorda suyuqlik berish tavsiya qilinadi. Bu esa, oshqozon-ichak yo‘lida mikroblarning zaharli ta’sirini bir muncha pasaytiradi. Unga qarshi zardob bemorga faqatgina shifoxona sharoitida qilinadi. 

Eng ko‘p tarqalgan turlar

Hozirda botulizm qo‘zg‘atuvchilarining 6 ta: A, B, C, D, E, R turlari aniqlangan bo‘lib, eng ko‘p tarqalgan turlari A, B, E hisoblanadi. Davolashda spetsifik botulizm toksinlarini neytralizatsiya qiluvchi anatoksinlardan foydalaniladi. Eng kuchli toksin A, eng kuchsiz esa S turi hisoblanadi.

Uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari ham botulizmni keltirib chiqaradi

Shuningdek, aholi o‘rtasida xonadon sharoitida tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanish – botulizm kelib chiqadi.

Buning sababi oddiy – uy sharoitida konserva mahsulotlari tayyorlashda hamma ham zarur texnologik jarayonlar, sanitariya me’yorlari va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘la rioya qilmaydi.

Shuningdek, ularni belgilangan haroratda saqlashga ham ko‘pincha e’tibor berilmaydi. Natijada konservadagi botulizm sporalari tez rivojlanadi va zaharli toksinlar chiqaradi.

Kasallikka chalinmaslik uchun tavsiyalar

Uy sharoitida pomidor, bodring, patisson marinadi, baqlajon ikralari kabi konserva mahsulotlarini tayyorlamaslik;

Belgilanmagan joylar, ko‘cha-ko‘ylarda sotilayotgan konserva mahsulotlarini xarid qilmaslik;

Do‘konlardan konserva mahsulotlarini xarid qilish jarayonida mahsulot yorlig‘i va unda keltirib o‘tilgan ishlab chiqaruvchi korxona nomi, ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddatiga alohida e’tibor berish;

Har qanday konserva mahsulotlarini ochishdan oldin uni chayqamasdan yaxshilab ko‘zdan kechirish, qopqog‘i ko‘tarilmaganligiga, suyuqligining tiniqligiga va mahsulotning ezilmaganligiga e’tiborli bo‘lish.

Botulizm kasalligiga chalinmaslik va uning oldini olish uchun uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilmaslik, ko‘cha-ko‘y va noqonuniy savdo tarmoqlaridan konserva mahsulotlarini sotib olmaslik muhim hisoblanadi.