$
 12741.02
-16.92
 14062.26
-63.33
 134.38
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

Saylovlardan keyin yangi b(y)osh vazir tayinlanadimi?

Abdulla Aripov

Bilasiz, O‘zbekistondagi 2024-yilgi parlament saylovlari 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Bu saylovlar O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangilangan qoidalariga asosan aralash saylov tizimi bo‘yicha o‘tkaziladi, ya’ni deputatlar majoritar va proporsional usulda saylanadi. Bu, parlamentning tarkibini rang-baranglashtirish va siyosiy partiyalarning roli va mas’uliyatini oshirishga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi. Biz ushbu maqolada yangilangan tartibda o‘tuvchi saylov tizimi haqida emas, saylovdan keyin sodir bo‘lishi kutilayotgan asosiy o‘zgarish haqida mushohada ​yuritamiz. Qonunchilikka ko‘ra, saylovlardan so‘ng, parlamentda eng ko‘p deputatlik o‘rniga ega bo‘lgan partiya hukumatga Bosh vazir nomzodini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Qiziq, yangi hukumatda yangi yuz paydo bo‘ladimi?

Eski tayinlov tizimi

O‘zbekistonda bosh vazir tayinlashning avvalgi mezoni, yangi konstitutsiyaviy islohotlardan oldin, asosan prezidentning vakolatida edi. Prezident bosh vazir lavozimiga nomzodni tanlar va uning tasdig‘i uchun parlamentga taqdim etar edi. Lekin, amalda prezident tomonidan taklif etilgan nomzodni parlament ko‘pchilik ovoz bilan tasdiqlardi. Agar nomzod tasdiqlanmasa, prezident boshqa nomzod taklif qilishi mumkin bo‘lgan, lekin bu jarayonda parlamentning ta’siri kamroq bo‘lgan.

Yangilangan tizim 

O‘zbekistonda bosh vazir tayinlashning amaldagi, yangilangan tartibi Konstitutsiya va qonunlar bilan belgilab qo‘yilgan. Bu haqda Konstitutsiyaning 118-moddasida quyidagicha qayd etiladi: O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan so‘ng bir oy ichida yoki Bosh vazir lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi iste’foga chiqqanidan keyin bir oy ichida Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va ma’qullashi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng taqdim etiladi.

Qonunchilik palatasi deputatlarining jarayondagi roli

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdimnoma kiritilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqadi. Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi. Bosh vazir nomzodi uning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda ma’qullangan hisoblanadi.

Prezident va parlamentning amaldagi vakolatlari

Bosh vazir lavozimiga taqdim etilgan nomzod uch marta rad etilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari ularning nomzodlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibini yoki a’zosini iste’foga chiqarishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zosining o‘z faoliyatiga oid masalalar yuzasidan hisobotini eshitishga haqli. Vazirlar Mahkamasi a’zosining hisobotini eshitish yakunlariga ko‘ra Qonunchilik palatasi uni iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun kiritishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolari parlament so‘rovlariga va Qonunchilik palatasi deputatining, Senat a’zosining so‘rovlariga qonunda belgilangan tartibda javob berishi shart.

Saylov komissiyasi matbuot xizmati qachon ishlaydi?

Jurnalist Anora Sodiqova o‘z sahifasida Saylov komissiyasi matbuot kotibligiga saylovlardan keyin hukumat rahbari o‘zgarishi bo‘yicha savol yuborilganini va savolga javoban Hukumat rahbari o‘zgarishi yangi Konstitutsiyaning 118-moddasi bilan hal qilinishini ma’lum qilishganini yozadi. “Saylov komissiyasi boshqa qator oddiy savollarimizga ham aniqlik kiritishga yordam berayotgani yo‘q. Javoblarni uzoq kutamiz yoki eskicha javob: “Xat bilan chiqing”, degan javobni olamiz. Saylov komissiyasi matbuot xizmati har 5, 7-yilda faol ishlamasa yana qachon ishlaydi?”, — deya yozadi jurnalist.

Avvalgi saylov natijalari

2019-yilning 22-dekabr kunida bo‘lib o‘tgan saylovlarda Liberal-demokratik partiyasi 53 o‘rinni egallab, parlamentdagi eng yirik fraksiyani tashkil etgan. E’tiborlisi, Islom Karimov davrida tashkil qilingan va avval-boshdan hokimiyatdagi partiya maqomi berilgan O‘zLiDeP bundan avval ham uch marta parlamentdagi eng yirik fraksiyani tashkil qilgan. Parlament saylovi natijalari ko‘pchilik uchun kutilgan bo‘lgan.