$
 11974.79
-54.41
 14008.11
-57.63
 159.64
-0.62
weather
+26
Кечаси   +14°

Ekologik huquqbuzarliklar uchun jarimalar oshirilishi mumkin

ekologiya

Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni tabiatni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish va ekologik madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, sanoat, qurilish, transport va kommunal sohalardagi jadal rivojlanish tabiatga ta’sir etuvchi omillar ustidan nazoratni kuchaytirish va ekologik talablarga rioya etishni yanada qat’iylashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Huquqbuzarliklar soni koʻpaygan 

Taqdimotda ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar holati tahlil qilindi. Ma’lum qilinishicha, 2024-yilda 47 mingdan ortiq ma’muriy huquqbuzarlik aniqlangan bo‘lsa, 2025-yilda ularning soni 59 mingdan oshgan. Amaldagi tartibda jarimalar miqdori yetkazilgan ekologik zarar bilan mutanosib emasligi sabab ayrim korxonalar uchun huquqbuzarlikni bartaraf etishdan ko‘ra, jarima to‘lab faoliyatni davom ettirish qulayroq bo‘lib qolmoqda.

Shu bois yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish, ularni tabiatga yetkazilgan zarar miqdoriga bog‘lash va xalqaro amaliyotga yaqinlashtirish taklif etildi.

Qanday qonunbuzarliklar uchun jazo kuchaytiriladi?

Xususan, daryo o‘zanlaridan noruda materiallarni noqonuniy qazib olish, suv resurslarini ifloslantirish, daraxt va butalarni noqonuniy kesish, atmosfera havosiga me’yordan ortiq chiqindi tashlash, qurilish maydonlarida chang va qumning havoga ko‘tarilishiga yo‘l qo‘yish, chiqindilarni belgilanmagan joylarda yoqish kabi holatlar uchun ta’sirchan moliyaviy choralar joriy etish ko‘zda tutilgan.

Bunda ma’muriy jarima va tabiatga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lovini yagona moliyaviy sanksiyaga birlashtirish taklif qilindi. Unga ko‘ra, korxona aybini tan olgan holatlarda ushbu chorani Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi qo‘llaydi, nizoli vaziyatlarda esa masala sud tartibida ko‘rib chiqilib, hal etiladi.

Теги :
Jamiyat