$
 11937.60
-37.19
 13961.02
-47.09
 159.47
-0.17
weather
+26
Кечаси   +14°

5 yil ichida O‘zbekistonda nogironlik darajasi 3 baravarga oshdi

Nogironlik Foto: SI

Ijtimoiy himoya milliy agentligi O‘zbekistondagi nogironlik holati bo‘yicha statistikani taqdim etdi. So‘nggi besh yillik tahlillar mamlakatimiz ijtimoiy manzarasida jiddiy o‘zgarishlar yuz berayotganini ko‘rsatmoqda. 2020-yildan 2025-yilga qadar bo‘lgan davr mobaynida barcha hududlarda nogironlik darajasi o‘rtacha 2–3 baravarga ko‘paygani kuzatildi. Agar 2020-yilda respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 1.0–1.7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, bu raqamlar 2.2 foizdan 4.8 foizgacha yetgan.

Bolalar nogironligi

Eng xavotirli o‘sish bolalar o‘rtasida qayd etildi. Besh yil avval jami nogironlik tarkibida bolalar ulushi 3.7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 16.8 foizga yetib, qariyb 4.5 baravarga ortgan. Biroq mutaxassislar bu raqamlarni faqat kasallanish darajasining oshishi bilan izohlamaydi.

Birinchidan, 2022-yilga qadar 0-15 yoshli bolalar hisobi Sog‘liqni saqlash vazirligi, 16-17 yoshlilar esa Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi tomonidan alohida yuritilgan. 2022-yildan boshlab yagona 0-17 yoshli bolalar hisoboti tizimi joriy etilishi raqamlarning bir joyda jamlanishiga va vizual o‘sishga sabab bo‘ldi. Ikkinchidan, ijtimoiy xodimlar tizimining yo‘lga qo‘yilishi va xatlov jarayonlarining raqamlashtirilishi ilgari e’tibordan chetda qolgan “yashirin” holatlarni yuzaga chiqardi.

Kasalliklar strukturasi: Nimalar o‘zgardi?

Vaqt o‘tishi bilan nogironlikka olib keluvchi sabablar ham transformatsiyaga uchradi. Ruhiy holat, ko‘rish-eshitish a’zolari va jarohatlar tufayli orttirilgan nogironlik turlari kamaygan bo‘lsa-da, endokrin kasalliklar, xavfli o‘smalar, tayanch-harakat tizimi muammolari, tug‘ma nuqsonlar va virusli xastaliklar ulushi sezilarli ravishda oshgan.

Xalqaro kasalliklar tasnifi asosida o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, qon aylanish sistemasi (13 foiz) va ruhiy buzilishlar (13 foiz) umumiy ko‘rsatkichda yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, nerv sistemasi kasalliklari (9 foiz), tug‘ma anomaliyalar (8 foiz) va ko‘z kasalliklari (8 foiz) asosiy omillar qatoridan joy olgan. Qolgan 43 foiz holat boshqa turli xil xastaliklar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hududiy manzara va yosh omili

Hududlar kesimida nogironlik darajasi aholi soniga nisbatan sezilarli farq qiladi. Eng yuqori ko‘rsatkichlar Navoiy (4.6 foiz) va Sirdaryo (4.3 foiz) viloyatlarida, eng past ko‘rsatkichlar esa Toshkent viloyati (2.4 foiz) va poytaxtda (2.0 foiz) qayd etilgan.

Qizig‘i shundaki, kasallik turlari hududlarga ko‘ra o‘ziga xos xususiyatga ega:

  • Qon aylanish sistemasi deyarli barcha hududlarda birinchi o'rinda turibdi. Ayniqsa, Buxoro (19.31 foiz), Navoiy (18.29 foiz) va Sirdaryoda (17.88 foiz) vaziyat jiddiy.
  • Ruhiy buzilishlar ko‘p viloyatlarda ikkinchi yoki uchinchi asosiy sabab sifatida qayd etilgan. Toshkent shahri (14.86 foiz) va Farg‘onada (14.43 foiz) bu ko'rsatkich boshqa hududlarga nisbatan yuqoriroq.
  • Tug‘ma anomaliyalar: Bu ko'rsatkich bo'yicha Surxondaryo (10.81 foiz) va Samarqand (10.71 foiz) yetakchilik qilmoqda. Bu ushbu hududlarda tibbiy-genetik maslahatxonalarni kuchaytirish kerakligidan dalolat beradi.
  • Faqatgina Xorazm viloyatida ko‘z kasalliklari (12.44 foiz) asosiy sabab sifatida birinchi o'ringa chiqqan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘rtacha yoshi 43 yoshni tashkil etadi. Asosiy massa 50-60 yoshdan yuqori qatlamga (46 foiz) to‘g‘ri kelsa-da, mehnatga layoqatli bo‘lgan 18-49 yoshdagilar ham salmoqli ulushga (27 foiz) ega.

Ijtimoiy himoya va kelajakdagi vazifalar

Bugungi kunda nogironlik belgilangan shaxslarning 87.3 foizi qayta ro‘yxatdan o‘tganlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ayollar orasida ham nogironlik ko‘rsatkichlarining biroz oshishi kuzatilgan.

Ushbu dinamika davlat ijtimoiy siyosatida reabilitatsiya va bandlik masalalariga urg‘u berishni talab etadi. Ayniqsa, nogironlikning katta qismi mehnat bozorida faol bo‘lishi mumkin bo‘lgan yosh guruhlariga to‘g‘ri kelishi — ularni jamiyatga integratsiya qilish, ijtimoiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish naqadar muhimligini yana bir bor isbotlamoqda.

Теги :
Jamiyat