$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Sharqni larzaga solgan blokadalar tarixi

blokada

Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi katta shov-shuvlarga aylandi. Sababi, bu holat xalqaro miqyosda o‘zining gumanitar, siyosiy va iqtisodiy ta’sirini o‘tkaza oldi. Xo‘sh, jahonda Hormuz qamalidan boshqa blokadalar bo‘lganmi? Quyida, sharqdagi blokadalar tarixini tahlil qilamiz.

Yaman blokadasi

Yaman geografik jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan davlat. Sababi u Qizil dengiz, Bob al-Mandad bo‘g‘ozi va Hind okeani savdo yo‘llari orasida joylashgan. Boshqa davlatlar esa bu yerda savdo-sotiq kemalari va tijorat ustidan nazorat o‘rnatishga harakat qilgan. Masalan, XVI asrda portugallar Hind okeani va Qizil dengiz savdo yo‘llarini blokadalab va Aden portini bosib olishga urinib Yaman iqtisodiyotiga katta zarar yetkazgan. Bu paytda ziravor savdosi, Haj yo‘llari va Arabiston dengizi savdosi jiddiy ziyon ko‘rgan.

XIX va XX asrlarda esa Usmonlilar imperiyasi va Britaniya Yaman ustidan nazorat o‘rnatishga intilgan. Britaniya Adenni egallab dengiz yo‘llarini harbiylashtiradi, Usmonlilar esa shimoliy Yamanni egallashga intilgan.

Birinchi jahon urushi paytida Britaniya Qizil dengiz portlarini nazorat qiladi.

2015-yil Yaman BMT va xalqaro tashkilotlar tomonidan eng yirik gumanitar fojia sifatida qayd etilgan Saudiya Arabistoni koalitsiyasi boshchiligidagi blokadani boshdan kechiradi. Husiylar harakati Sanoni egallab, amaldagi hukumatni siqib chiqargach, Saudiya Arabistoni bunda Eronning yordami borligiga ishonadi va Eron tomondan qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish maqsadida mamlakat portlari va havo hududiga blokada joriy qiladi. Mamlakatdagi eng muhim dengiz arteriyasi hisoblangan Xudayda portiga kemalarning kirishi nazoratga olinadi yoki cheklanadi. Sano xalqaro aeroporti ham yillar davomida yopib qo‘yiladi. Blokada natijasida muntazam ocharchilik va vaboning keng tarqalishi yuzaga keladi.

Hozirda ko‘pgina cheklovlar yumshatilishiga qaramay nazorat va siyosiy inspeksiya hali ham mavjud.

Armaniston blokadasi

Armaniston geosiyosiy joylashuvi va Togʻli Qorabogʻ mojarosi tufayli oʻn yillar davomida iqtisodiy va transport blokadasida yashab kelmoqda. Bu kontekstda ikki xil blokadani farqlash kerak: Armanistonning umumiy izolyatsiyasi va Lochin yoʻlagi blokadasi.

Birinchi Qorabog‘ urushida qo‘shni mamlakatlar Turkiya va Ozarbayjon chegaralarini yopib, iqtisodiy va diplomatik aloqalarni uzdi. Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmaganligi uchun Turkiya va Ozarboyjon yo‘nalishidagi barcha temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari yopilganligi iqtisodiyotning rivojlanishini sekinlashtirishga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari, ozarbayjonlik harbiylar va faollar Armanistonni Tog‘li Qorabog‘ bilan bog‘laydigan yagona yo‘l – Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘yishdi.

9 oy davomida Togʻli Qorabogʻ oziq-ovqat, dori-darmon va gaz taʼminotidan uzilib qoldi. Bu inqiroz 2023-yil sentyabrida Ozarbayjonning hudud ustidan toʻliq nazoratni tiklashi va u yerdagi arman aholisining Armanistonga ommaviy koʻchib oʻtishi bilan yakunlandi.

G‘azo blokadasi

2007-yil HAMAS G‘azo ustidan nazorat o‘rnatganidan so‘ng Isroil va Misr qat’iy cheklovlar kiritdi. Isroil, qurilish materiallari, eksport-import, elektr energiyasi, baliqchilik hududi, yoqilg‘i ta’minoti va hatto odamlar harakatini to‘liq nazoratga oldi va bu holatga xavfsizlikni ta’minlash deb izoh berdi. Falastin, boshqa davlatlar va tashkilotlar Isroilning bunday xatti-harakatini genotsid va kollektiv jazolash deb baholadi. 2023-yil oktyabr oyida boshlangan Isroil-HAMAS urushidan soʻng, blokada “toʻliq qamal” (total blockade) darajasiga yetkazildi. Elektr energiyasi, suv, yoqilgʻi va oziq-ovqat taʼminoti deyarli butunlay uzib qoʻyildi yoki xalqaro bosim ostida minimal darajada ruxsat berildi.

Gʻazo xalqaro tashkilotlar tomonidan “ochiq osmon ostidagi qamoqxona” deb ataladi. Ishsizlik dunyodagi eng yuqori koʻrsatkichlardan biridir. Urush fonida ocharchilik, tibbiy tizimning mutlaqo tanazzulga uchrashi va ichimlik suvi yetishmovchiligi ommaviy gumanitar halokatni keltirib chiqargan.

Теги :
Jamiyat