$
 12017.04
26.78
 13712.64
-25.8
 160.63
-1.6
weather
+26
Кечаси   +14°

Mahalliy startapga reklama bozorini raqamlashtirish uchun 100 ming dollar ivestitsiya tikildi

Blogix Videodan kadr

O‘zbekistonning raqamli marketing va reklama sanoatida texnologik yechimlarni taklif etayotgan Blogix startapi o‘z faoliyatini kengaytirish uchun 100 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilishiga erishdi. Mazkur moliyaviy kelshuv “Zo‘r tv” telekanalining ommabop “Taqdimot” ko‘rsatuvi maydonida muvaffaqiyatli yakunlandi. Loyihaga sarmoya kiritgan investorlar qatoridan respublikaning yetakchi moliya institutlari hisoblangan Aloqabank va Universalbank, shuningdek, taniqli tadbirkor Tamilla Qurbonova joy oldi.

Blogix qanday muammolarni hal qiladi?

Bugungi kunda O‘zbekistonda blogerlar bilan ishlash va inflyuenser marketingi yo‘nalishidagi umumiy bozor hajmi 100 million dollardan oshgan bo‘lsa-da, ushbu tarmoqdagi ko‘plab jarayonlar hamon an’anaviy va mexanik usullarda boshqarib kelinmoqda. Blogix platformasi aynan mana shu ekotizimni to‘liq raqamlashtirish, amaliyotlarni soddalashtirish hamda bozorda ochiqlikni ta’minlash maqsadida yaratilgan.

Tizim ijtimoiy tarmoqlardagi eng ommabop uchta manba — Telegram, Instagram va YouTube platformalarini yagona tarmoqqa birlashtiradi. Bu esa reklama beruvchi kompaniyalarga o‘z maqsadli auditoriyasiga mos keluvchi blogerlarni qisqa vaqt ichida aniqlash, marketing kampaniyalarini boshqarish, to‘lovlarni xavfsiz amalga oshirish va yakuniy tahliliy hisobotlarni avtomatik rejimda qabul qilish imkonini beradi. Bundan tashqari, yuridik jarayonlarning qonuniyligi va xavfsizligini kafolatlash maqsadida, platforma Didox va E-Imzo elektron hujjat aylanishi tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilingan.

Dastlabki natijalar

Joriy yilning fevral oyida o‘z faoliyatini boshlagan startap qisqa muddat ichida bozorda sezilarli natijalarni qayd etishga ulgurdi. Hozirgi kunga qadar platformadan ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 1 013 nafarga yetdi. Loyiha doirasida umumiy hisobda 411 ta reklama kampaniyasi muvaffaqiyatli yakunlanib, turli raqamli maydonlarda 2,5 mingdan ziyod reklama postlari va materiallari e’lon qilindi. Startapning istiqbolli yechim sifatida shakllanayotgani yirik korporativ mijozlarning ham e’tiborini tortdi. Xususan, Blogix mamlakatning ayrim yirik banklari bilan uzoq muddatli yillik hamkorlik shartnomasini imzoladi.

Kichik biznes segmenti va mintaqaviy ekspansiya

Jalb etilgan 100 ming dollarlik sarmoya loyihaning texnologik imkoniyatlarini yanada mukammallashtirish, dasturiy mahsulotni rivojlantirish hamda muhandis va mutaxassislar jamoasini kengaytirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, kompaniya marketing strategiyasida platformani kichik va o‘rta biznes subyektlari o‘rtasida ommalashtirishga alohida urg‘u beriladi.

Uzoq muddatli strategik rivojlanish doirasida Blogix faqatgina O‘zbekiston bozori bilan cheklanib qolmoqchi emas. Startap kelgusida Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqishni va transchegaraviy raqamli reklama infratuzilmasining asosiy yetakchilaridan biriga aylanishni rejalashtirmoqda.

Platformaning imkoniyatlari bilan batafsil tanishib, biror bir reklama kampaniyasini test qilib ko‘rish uchun Blogix.uz’ga kirish kifoya.

Теги :
Jamiyat