$
 12074.28
37.07
 14218.67
147.17
 160.86
1.24
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonning top-blogerlari milliardlar topmoqda, biroq soliq masalasi hamon ochiq qolyapti

O‘zbekistonda 3 milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan 6 nafar eng mashhur bloger 2025-yil davomida jami 2,7 milliard so‘m daromad ko‘rgan. Shuncha mablag‘dan davlat budjetiga bor-yo‘g‘i 110,4 million so‘m soliq to‘langan. Bu haqda Soliq qo‘mitasi mutasaddilari blogerlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur blogerlar yil davomida 360 ta stories va 184 ta reklama postini joylashtirgan. Ushbu daromadlar rasmiy elektron hisobvaraq-fakturalar bilan tasdiqlangan bo‘lib, aynan reklama faoliyatidan kelib tushgan mablag‘lardir.

Soliq qo‘mitasi 110 nafar blogerni nazoratga oldi

Sohani o‘rganish jarayonida mamlakatdagi eng faol 110 nafar blogerning ro‘yxati shakllantirildi. Ularning huquqiy maqomi quyidagicha:

  • 55 nafari — o‘zini o‘zi band qilgan shaxs;
  • 33 nafari — yakka tartibdagi tadbirkor (YATT);
  • 22 nafari — hali ham oddiy jismoniy shaxs sifatida faoliyat yuritmoqda.

Qo‘mitaning ta’kidlashicha, ayrim blogerlarning faoliyat ko‘lami ularning hozirgi huquqiy maqomiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Yirik reklama shartnomalari va yuqori daromadlarga qaramay, ularning bir qismi hali ham soddalashtirilgan soliq tizimidan foydalanib kelmoqda.

Blogerlarning yashirin ishchi yollagani aniqlandi

Uchrashuv davomida blogerlarga reklama daromadlarini soliqqa tortish tartibi tushuntirildi. Jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi xodim yollash huquqini bermasligi alohida qayd etildi.

Biroq Soliq qo‘mitasi kuzatuvlariga ko‘ra, ayrim blogerlar amalda ma’murlar (administrator), yordamchilar va boshqa mutaxassislarni norasmiy tarzda ishga jalb qilgan.

O‘zbekistonda onlayn reklamalarni markirovka qilish joriy etilishi mumkin

Muloqotda blogerlarning soliq savodxonligini oshirish, daromadlarni legallashtirish va sohani tartibga solish masalalari ham muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda xorij tajribasi asosida onlayn reklamalar va blogerlarning reklama integratsiyalarini maxsus markirovka qilish (belgilash) tizimini joriy etish imkoniyatlari o‘rganilayotgani haqida xabar berilgan edi.

Теги :
Jamiyat