$
 12803.06
26.0
 13902.84
-17.77
 131.84
0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Biologik faol qo‘shimchalar xarid qilayotganda nimalarga e’tibor berish lozim?

BFQ BAD ozdiruvchi

Ijtimoiy tarmoqlarda “ozdiruvchi”, “semirtiruvchi”, “shifobaxsh”, “bo‘y o‘stiruvchi” va shunga o‘xshash ta’riflar bilan reklama qilinayotgan biologik faol qo‘shimchalar haqida reklamalar avj olmoqda. Xo‘sh, biologik faol qo‘shimchalar o‘zi nima? Uni qanday holatlarda iste’mol qilinadi? BFQ iste’mol qilishda nimalarga e’tibor berish lozim?

Biologik faol qo‘shimchalar dori vositasimi?

Biologik faol qo‘shimchalar, yoki xalq tilida aytganda, BADlar minerallar, vitaminlar, ozuqaviy tolalar, o‘simlik ekstraktlari, to‘yinmagan yog‘li kislotalar, aminokislotalar va boshqalarni o‘z ichiga olgan tabiiy komplekslardir. Ular ovqatlanishdagi kamchiliklarni bartaraf etib, sog‘lom moddalar o‘zlashtirilishini kuchaytiradi va tananing ichki quvvatini yaxshilab, ko‘plab kasalliklar xavfini kamaytiradi. Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi mutaxassislari BFQda farmakologik va nojo‘ya ta’sirning yo‘qligi va ular dori vositasi hisoblanmasligini ma’lum qilgan.

Biologik faol qo‘shimchalar xarid qilishda nimalarga e’tibor berish lozim?

Bugungi kunda aholi o‘rtasida har xil ko‘rinishdagi biologik faol qo‘shimchalarni iste’mol qilish keng tarqalgan. Sanepidqo‘mita bosh mutaxassisi Abdurahmon Ismoilov ta’kidlashicha, har qanday biologik faol qo‘shimchani iste’mol qilishdan yoki ularni xarid qilishdan avval, tegishli tashkilot organlari tomonidan nazorat qilinganini tekshirish kerak. Avvalo, har bir biologik faol qo‘shimcha hukumat qaroriga ko‘ra, ishlab chiqarilgandan keyin toksikologik tekshiruvlardan o‘tishi lozim, ya’ni ularning inson organizmiga kelajakda qanchalik xavfli yoki xavfsiz ekanligi to‘g‘risida tegishli tekshirishlardan o‘tkazilgan bo‘lishi kerak. Keyingina ularga sanitariya epidemiologik xulosalar beriladi.

Qachon iste’mol qilgan ma’qul?

Agar birorta biologik faol qo‘shimchani iste’mol qilishni rejalashtirsangiz, shu sohadagi bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan mutaxassis yoki ishlab chiqaruvchilarning ishonchli vakillari bilan to‘laqonli suhbatlashib, ushbu qo‘shimchalar to‘g‘risida tushunchalarga ega bo‘lishingiz kerak. Yana bir bor mahsulotlarning xavfli ko‘rsatkichlari, ya’ni ular inson iste’mol qilganda nojo‘ya ta’sirlari bor-yo‘qligi to‘g‘risida ishonch hosil qilib, xavfsizlik hujjatlari bor-yo‘qligiga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.

Nutritsiolog Guli Shayxovaga ko‘ra, har bir inson BFQni iste’mol qilmoqchi ekan, uning tarkibini bilishi kerak. Qaysi o‘tlardan, o‘simliklardan yoki hayvonlardan, baliq mahsulotlaridan olingan — shularni bilish muhim.

Har qanday biologik faol qo‘shimchani iste’mol qilish yoki xarid qilishda, insonning yoshi va jinsiga e’tibor qaratish kerak. Internet orqali ushbu ko‘rinishdagi qo‘shimchalar foydali yoki zararli ekanligini bilmagan odamlar tomonidan sotilishi natijasida, iste’molchilar bilib-bilmasdan ushbu mahsulotlarni ularni qabul qilish holatlari ko‘p uchramoqda. Bu esa organizmda kutilmagan o‘zgarishlarga olib kelishi va oxir-oqibat tibbiy yordamga muhtoj holatlarga, masalan, allergik reaksiyalarga sabab bo‘lishi mumkin, deydi Sanepidqo‘mita mutaxassisi Abdurahmon Ismoilov.

BFQning nojo‘ya ta’sirlari qachon kuzatiladi?

Ba’zi biologik faol qo‘shimchalar organlarga zarar yetkazishi mumkin. Xususan, jigar va buyraklarga ortiqcha yuklama tushirishi sababli ularning faoliyatini buzishi ehtimoli bor. Doimiy va nazoratsiz iste’mol qilish uzoq muddatda jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, ayrim qo‘shimchalar gormonal muvozanatni buzishi mumkin, bu esa hayz sikli buzilishi, ruhiy holat o‘zgarishlari va boshqa gormonal muammolarni keltirib chiqaradi.

Qo‘shimchalar oziq moddalar muvozanatini ham buzishi mumkin. Haddan tashqari vitamin yoki minerallar tanadagi boshqa jarayonlarga salbiy ta’sir qilishi, dori vositalari bilan ziddiyatga kirishi mumkin. Ayniqsa, qon suyultiruvchi dorilar bilan ba’zi qo‘shimchalarni birga qabul qilish xavfli. Shuning uchun BADlarni qabul qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish, sertifikatlangan mahsulotlarni tanlash va ularning yosh va jinsga mosligini hisobga olish juda muhimdir. Faqat sertifikatlangan va davlat tomonidan tasdiqlangan qo‘shimchalarni sotib olish organizmingiz uchun xavfsizroq va maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bir paytning o‘zida bir nechta BFQ ichib yurmaslik kerak

Har bitta biologik faol moddalar 1 oydan 3 oygacha mo‘ljallanadi. Nutritsiologlar tavsiyasiga ko‘ra, bir paytning o‘zida bir nechta BFQ ichib yurmaslik kerak. Masalan, vitamin D bilan birga Omega ichish mumkin. Bu yurak faoliyatiga ham ta’sir qiladi, suyak mo‘rtligining oldini oladi. Shuni yodda tutish kerakki, ma’lum bir BFQlarni iste’mol qilayotganda, boshqalarini to‘xtatib turish kerak. Chunki ular bir-biriga singa olmasligi va organizmdan ma’lum bir sharoitda axlat yoki peshob bilan chiqib ketishi mumkin.

Biologik faol qo‘shimchalarning ro‘yxatdan o‘tganini qanday tekshirish mumkin?

Ijtimoiy tarmoqlar, dorixonalar yoki savdo tarmoqlari orqali sotib olayotgan BFQning avvalambor ro‘yxatdan o‘tganini fuqaro o‘zi tekshirib olsa bo‘ladi. sanepid.uz saytida ochiq ma’lumotlar bo‘limida BFQning ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risida reyestr joylashtirilgan. Unda mahsulot nomi, ishlab chiqarish korxonasi, mahsulot qanaqa ko‘rinishda bo‘lishi haqida ma’lumotlar kiritilgan.