$
 12004.75
-16.57
 13691.42
-42.94
 157.11
-0.53
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi Qozog‘istonga bir kunda bir marta kirish mumkin: Sabab – noqonuniy benzin tashish

Benzin

Qozoqiston hukumati mamlakat ichki bozoridagi arzon yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini qo‘shni davlatlarga noqonuniy ravishda olib chiqib ketilishini to‘xtatish maqsadida keskin choralarni ko‘rishni boshladi. Endilikda xorijiy davlatlardan kelayotgan barcha turdagi yuk va yengil avtomobillarning mamlakat hududiga kirishi bo‘yicha aniq muddatli cheklov o‘rnatildi. Yangi tartibga ko‘ra, har qanday transport vositasi bir sutka davomida faqat bir marta Qozoqiston chegarasini kesib o‘tish huquqiga ega bo‘ladi. Bu cheklovlar haqida hukumat brifingida mamlakat energetika vaziri o‘rinbosari Qayirxan Tutkishbayev rasman bayonot berdi.

Vazir o‘rinbosarining tushuntirishicha, ushbu chora ichki bozordagi arzon yoqilg‘i zaxiralarini saqlab qolishga qaratilgan kompleks strategiyaning muhim qismidir. Bugungi kunda chegaradosh o‘lkalardan kelayotgan yengil va yuk mashinalarining kuniga faqat bir marotaba mamlakatga kirishiga ruxsat beruvchi qoida qat’iy kuchga kirgan.

Qo‘shimcha baklar ovlanishi

Energetika vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda yoqilg‘ining yashirin va norasmiy yo‘llar bilan tashib ketilishiga barham berish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Mazkur yo‘nalishda huquq-tartibot va nazorat organlari o‘zaro hamkorlikda keng ko‘lamli tekshiruv tadbirlarini amalga oshirmoqda.

Asosiy e’tibor yonilg‘ini noqonuniy tashish maqsadida texnik o‘zgartirish kiritilgan, ya’ni qo‘shimcha yoqilg‘i baklari o‘rnatilgan transport vositalarini aniqlashga qaratilgan. Bu jarayonda Ichki ishlar vazirligi, Moliyaviy monitoring agentligi, Chegara xizmati hamda bojxona idoralari kuchlari birlashtirilgan. Qayirxan Tutkishbayevning qo‘shimcha qilishicha, chegaraoldi hududlarida bunday qonunbuzarliklar muntazam ravishda aniqlanib, ularga chek qo‘yilmoqda. Hozirda respublikada yoqilg‘i-moylash ashyolarining noqonuniy eksportini to‘xtatish bo‘yicha yaxlit tizim ish olib bormoqda.

Ikki kun ichida aniqlangan qoidabuzarliklar

Ushbu qat’iy choralardan avvalroq Qozoqiston bosh vaziri O‘ljas Bektenov ham yoqilg‘i-moylash mahsulotlarining mamlakatdan yashirincha olib chiqib ketilishi ustidan nazoratni maksimal darajada kuchaytirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Hukumat tomonidan taqdim etilgan hisobotlarga ko‘ra, chegaradagi o‘tkazish punktlarida qisqa muddat ichida yirik hajmdagi qonunbuzarliklar fosh etilgan.

Xususan, faqatgina ikki sutka davom etgan tekshiruvlar davomida noqonuniy o‘rnatilgan baklar va turli kanistrlarda 3 tonnadan ziyod yoqilg‘ini olib chiqib ketishga bo‘lgan 61 ta urinish aniqlangan. Agar umumiy ko‘rsatkichlarga qaralsa, yil boshidan buyon chegara postlarida huddi shu ko‘rinishdagi jami 593 ta qonunbuzarlik holatining oldi olingan.

Shuningdek, joriy yilning may oyida Ichki ishlar vazirligi tomonidan transchegaraviy benzin kontrabandasi bilan shug‘ullangan va mashinalariga yashirincha qo‘shimcha sig‘imlar o‘rnatgan haydovchilar qo‘lga olingani ma’lum qilingan edi. O‘shanda barcha qoidabuzarlar qonunchilikka muvofiq ma’muriy javobgarlikka tortilib, ularning avtotransport vositalari barcha texnik o‘zgartirishlar va qonunbuzilish holatlari butunlay bartaraf etilgunga qadar maxsus jarima maydonchalariga joylashtirilgan.

Теги :
Jamiyat