$
 12009.29
-4.23
 13699.00
49.24
 154.74
-5.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Rossiyada benzin inqirozi: Haydovchilar soatlab navbat kutmoqda

navbat

Rossiya neft infratuzilmasiga qilingan hujumlar oqibatida mamlakatdagi yoqilg‘i inqirozi misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. O‘nlab hududlardan benzin va dizel yonilg‘isi ta’minotida cheklovlar kuzatilmoqda. 

Vaziyat turli mintaqalarda turlicha kechmoqda. Yoqilg‘i taqchillik darajasi ko‘plab omillarga, jumladan, hududga yaqin joylashgan neftni qayta ishlash zavodlari (NQIZ) dronlar hujumiga uchragan yoki yo‘qligiga bevosita bog‘liq, deyiladi “Meduza” nashrining xabarlarida.

Rasmiylar tomonidan muammoning yashirilishi

Ukraina Qurolli Kuchlarining neft infratuzilmasiga qaratilgan zarbalarining kuchayishi Rossiyada yoqilg‘i inqirozini keltirib chiqardi. Biroq, uning ko‘lamini ochiq manbalardan topish qiyin, chunki ma’lumotlar yopiq va to‘liq emas. Inqiroz ko‘lamini faqatgina ochiq manbalardagi xabarlar orqali baholash juda qiyin. Rasmiy hukumat manbalarida Rossiyada benzin inqirozi yetib bormagan hudud deyarli qolmagandek taassurot uyg‘otadi.

Joriy yilning 24-iyun holatiga ko‘ra, kamida 20 ta mintaqada mahalliy hokimiyat organlari tomonidan yoqilg‘i tarqatish bo‘yicha turli xil cheklov choralari joriy etilgani ma’lum bo‘ldi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari mavjud yoqilg‘i kamomadini sezdirmaslik uchun benzinni kanistrlarda sotib olishga va bitta avtomobilga quyish mumkin bo‘lgan yoqilg‘i hajmidan ortig‘ini quyishga cheklovlar joriy etgan. Hatto inqiroz poytaxt Moskvada ham, butun mamlakat bo‘ylab bo‘lgani kabi, benzin tanqisligi kuzatilmoqda. Ko‘pgina yoqilg‘i quyish shoxobchalari yopiq; ochiq bo‘lganlari uzoqdan ko‘rinib turibdi, haydovchilar ba’zan bir soat yoki undan ko‘proq vaqt sarflaydigan uzun navbatlar paydo bo‘ldi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalari xodimlarining so‘zlariga ko‘ra, ularni suratga olish taqiqlangan, ular yoqilg‘i quyish shoxobchalari maxsus inshootlar ekanligini da’vo qilishmoqda. 

 Yandex qidiruv tizimi statistikasi

Rasmiy xabarlardagi noaniqliklarni muvozanatlash maqsadida Meduza nashri muqobil ma’lumotlar manbasi sifatida Yandex qidiruv tizimi statistikasiga murojaat qilgan. Garchi bu usul taqchillikning fizik hajmini o‘lchamasa-da, aholi orasidagi taqchillikka bo‘lgan vahima darajasi va qaysi hududlar aholisi internetdan benzin ta’minoti haqidagi ma’lumotlarni faolroq izlayotganini ko‘rsatib beradi.

Tahlilda qidiruvlarning umumiy soniga emas, balki Yandexdagi jami so‘rovlar ichida benzin so‘zining ulushiga tayanilgan. Bu metodika turli vaqt davrlarini to‘g‘ri taqqoslashga imkon beradi. Butun Rossiya bo‘ylab olingan uzoq muddatli statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqarolar ayni paytda yoqilg‘i qidirish masalasida har qachongidan ham ko‘proq faol. Bundan tashqari, qidiruv tizimlarida benzin so‘zining keskin o‘sishi nafaqat yoqilg‘i tanqisligi, balki, masalan, narxlarning oshishi yoki benzin bilan bog‘liq boshqa yangiliklar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. 2026-yilning iyun oyi boshidan beri kuzatilayotgan bunday keskin o‘sish ko‘rsatkichlari 2019-yildan buyon qayd etilmagan edi.

Hududlar kesimidagi ko‘rsatkichlar

“Yandex” bergan ma’lumotlarga ko‘ra mintaqalarni bir xil vaqt oralig‘ida o‘zaro taqqoslash orqali qayerda vaziyat haqiqatan ham jiddiy ekanligini, qayerda esa shunchaki axborot fonidagi qiziqish borligini ajratish mumkin.

Eng inqirozli hududlar: Qidiruv xaritasiga ko‘ra, inqirozdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar Markaziy, Volga bo‘yi (Privoljskiy) va Janubiy federal okruglari bo‘ldi. O‘tgan haftada ushbu hududlarda benzin so‘zi ishtirokidagi qidiruv so‘rovlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10-20 baravargacha oshib ketgan. 

Rekord darajada qidirilgan mintaqalar: Ulyanovsk, Ivanovo, Saratov, Ryazan, Vladimir viloyatlari, shuningdek, Mordoviya Respublikasi va Stavropol o‘lkasi qidiruv so‘rovlari bo‘yicha mutlaq rekordchilarga aylandi. 

Anneksiya qilingan Qrimda ham xavotir keskin oshgan bo‘lib, odamlar “benzin” so‘zini o‘tgan yilga nisbatan 16 barobar ko‘p qidirgan. Yandex”ning qidiruv so‘zlaridan kelib chiqib qilgan xulosasiga ko‘ra, Sibir hududida vaziyat ancha sokin. Novosibirsk, Omsk, Tomsk viloyatlari, shuningdek, Oltoy va Buryatiyada qiziqishning eng kam o‘sishi kuzatilgan. To‘g‘ri, bu hududlarda ham so‘nggi haftada so‘rovlar o‘tgan yilgiga qaraganda ikki-uch barobar ko‘paygan. Ammo tahlilchilarning fikricha, bu o‘sish ushbu mintaqalarda yoqilg‘i muammosi borligini emas, balki butun mamlakat OAVlarida inqirozning keng yoritilishi ortidan aholining umumiy mavzuga qiziqishi ortganini aks ettiradi. 

Muammoga Putinning munosabati

Vladimir Putin neft va gaz kompaniyalari rahbarlari va hukumat amaldorlari bilan ichki bozor uchun yoqilg‘i ta’minoti bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi va aholining benzinga bo‘lgan ehtiyoji qondirilmayotganini tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat zaxiralardan foydalanishni boshlagan. 

Uchrashuvdan so‘ng Putin Vesti muxbiri Pavel Zarubinga yoqilg‘i taqchilligi unchalik muhim emas ekanligini aytdi va muammoni hal qilish uchun neft qayta ishlash zavodlarini tezroq ta’mirlash, ularni himoya qilish uchun havo mudofaasi tizimlarini ko‘paytirish hamda benzin importini yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi. Hamma narsa ishonchli ishlayapti, xavfsizlik zaxirasi ham yetarli, deb qo‘shimcha qildi u.

Теги :
Jamiyat