$
 12805.09
-10.04
 13889.68
-8.33
 133.10
-0.1
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston avtomobil bozoridagi narx-navo qanday?

Avtobozor

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan 2024-yilning iyul-sentyabr oylarida avtomobil narxlari tahlil qilindi. Tahlil natijalariga ko‘ra, 2024-yilning avgust oyida avtomobil narxlari iyul oyiga nisbatan oshgan bo‘lsa-da, sentyabr oyida narxlarda pasayish kuzatilgan. 

Ommabop avtomobillar savdosi 

Joriy yilning sentyabr oyida o‘rtacha va ko‘p foydalanilgan ommabop avtomobillar narxlari sezilarli darajada pasaygan bo‘lsa, kam foydalanilgan avtomobil narxlarida sezilarli o‘zgarish kuzatilmadi. Xususan, avgust oyida kam foydalanilgan “Lacetti” avtomobilining ikkilamchi bozordagi narxi 4,5 foizga, o‘rtacha foydalanilgani 6,0 foizga va ko‘p foydalanilgani 5,4 foizga oshdi. Sentyabr oyida esa o‘rtacha va ko‘p foydalanilgan “Lacetti” narxlari avgust oyiga nisbatan mos ravishda 2,1 va 2,8 foizga hamda kam foydalanilgan “Lacetti” narxlari 0,8 foizga pasaygan. 

O‘rtacha narxlar

Mahalliy ommabop avtomobil uchun sentyabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagilarni tashkil qildi: 

  • “Lacetti”: kam foydalanilgan - $15 091 (avgust oyida – $15210), o‘rtacha foydalanilgan - $14 341 ($14 649), ko‘p foydalanilgan - $13 044 ($13 420);
  • “Cobalt”: kam foydalanilgan - $13 040 (avgust oyida – $13 189), o‘rtacha foydalanilgan - $12 301 ($12 769), ko‘p foydalanilgan - $11 488 ($11 904);
  • “Spark”: o‘rtacha foydalanilgan - $10 078 (avgust oyida – $10 390), ko‘p foydalanilgan - $8 818 ($9 149).

Lyuks avtomobillar savdosi

Avgust oyida kam foydalanilgan “Malibu” uchun taklif etilgan o‘rtacha narx iyul oyiga nisbatan 2,8 foizga, o‘rtacha foydalanilganlari uchun 3,8 foizga, ko‘p foydalanilganlari uchun 2,0 foizga oshgan bo‘lsa, sentyabr oyida kam foydalanilgan “Malibu” uchun taklif etilgan o‘rtacha narx avgust oyiga nisbatan 2,8 foizga, o‘rtacha foydalanilganlar uchun 1,5 foizga, ko‘p foydalanilganlar uchun 0,4 foizga pasaygan. 

Lyuks avtomobillar uchun taklif qilingan o‘rtacha narxlar 

Mahalliy lyuks avtomobillar uchun sentyabr oyida taklif qilingan o‘rtacha narxlar quyidagicha:

  • “Malibu”: kam foydalanilgan - $29 390 (avgust oyida – $30 252), o‘rtacha foydalanilgan - $28 703 ($29 154), ko‘p foydalanilgan - $24 401 ($24 506);
  • “Tracker”: kam foydalanilgan - $18 500 (avgust oyida – $19 284), o‘rtacha foydalanilgan - $17 738 ($18 723), ko‘p foydalanilgan - $16 647 ($16 956).

Avtomobil narxlariga ta’sir etuvchi omillar

Oq rangli “Lacetti” va “Cobalt”ning bosib o‘tgan masofasi ularning narxlariga yuqori darajada ta’sir etgan bo‘lsa, “Damas”ning ishlab chiqarilgan yili narxni belgilashda asosiy omil bo‘ldi. Shuningdek, “Lacetti” narxiga uning qora rangli ekanligi eng ko‘p ta’sir etishi aniqlangan.

Avtomobillarning bosib o‘tgan masofasi hamda ishlab chiqarilgan yiliga ko‘ra guruhlanishi

Avtomobillar bosib o‘tgan masofasi hamda ishlab chiqarilgan yiliga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratib olindi:

  • 2023-2024-yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 20 000 km. gacha bo‘lgan avtomobillar –“Kam foydalanilgan”;
  • 2023-2024-yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 20 000 km. dan 50 000 km. gacha bo‘lgan avtomobillar, shuningdek, 2021-2022-yillarda ishlab chiqarilgan hamda bosib o‘tgan masofasi 40 000 km. gacha bo‘lgan avtomobillar-“O‘rtacha foydalanilgan”;
  • 2023-2024-yillarda ishlab chiqarilgan va bosib o‘tgan masofasi 50 000 km. dan ko‘p bo‘lgan avtomobillar, 2021-2022-yillarda ishlab chiqarilgan hamda 40 000 km. dan ortiq masofani bosib o‘tgan avtomobillar hamda 
  • 2020-yilda ishlab chiqarilgan barcha avtomobillar – “Ko‘p foydalanilgan”.

Ma’lumot uchun, avtomobil narxlarini tahlil qilishda ma’lumotlar olx.uz platformasidan veb skreping (web scraping) orqali to‘planadi. Bunda, 2020-2024-yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillar uchun taklif etilayotgan narxlar saralab olingandan so‘ng, 30,5 mingta ma’lumotlar asosida taklif etilayotgan narxlar tahlil qilinadi. Shuningdek, avtomobil narxlariga ta’sir etuvchi omillar "Random Forest" modeli yordamida aniqlanadi.

Теги :
Жамият
Иқтисодиёт