$
 12101.84
53.0
 13811.83
70.13
 153.75
0.87
weather
+26
Кечаси   +14°

E’tibor uchun kurash qanday rivojlanmoqda?

E

Ertalab uyg‘onganingizdan keyin birinchi nima qilasiz? Ko‘pchilik budilnikni o‘chirgach, telefon ekraniga qaraydi. Bir necha daqiqaga ijtimoiy tarmoqqa kiradi, so‘ng yangiliklarni ko‘radi. Keyin bir video, yana biri. Oradan yarim soat o‘tganini esa deyarli sezmaydi. Bu tasodif emas. Bugungi dunyoda kompaniyalar endi faqat pulingiz uchun emas, diqqatingiz uchun ham kurashmoqda. Chunki XXI asrning eng qimmat resurslaridan biri neft ham, oltin ham emas. Bu – insonning e’tiboridir. Mutaxassislar buni “e’tibor iqtisodiyoti” deb ataydi.

Axborot ko‘p, e’tibor esa kam 

1971-yilda iqtisodchi va Nobel mukofoti laureati Herbert Simon o‘sha davr uchun g‘ayrioddiy fikrni ilgari surgan edi: “Axborotning ko‘pligi e’tibor tanqisligini yuzaga keltiradi”. O‘sha paytda internet ham, ijtimoiy tarmoqlar ham yo‘q edi. Ammo Simon kelajakdagi muammoni aniq tasvirlab bera olgan. Bugun insonni ma’lumot yetishmasligi emas, aksincha, ma’lumotlarning haddan tashqari ko‘pligi qiynamoqda. Bir kunda millionlab videolar, minglab yangiliklar va son-sanoqsiz reklama e’lon qilinadi. Bularning barchasi bitta narsani istaydi – sizning e’tiboringizni.

Ko‘pchilik Instagram, TikTok yoki YouTube’ni bepul xizmat deb o‘ylaydi. Aslida esa bu platformalarda asosiy mahsulot video emas. Asosiy mahsulot – sizning vaqtingiz. Platforma sizni qancha uzoq ushlab tursa, shuncha ko‘p reklama ko‘rsatadi. Reklama ko‘paygani sari kompaniyaning daromadi ham ortadi. Shuning uchun algoritmlar sizga eng qiziqarli, eng kulgili yoki eng bahsli kontentni tavsiya qiladi. Maqsad oddiy – ilovani tezroq yopishingiz emas, unda uzoqroq qolishingiz.

Nega telefonni qo‘ldan qo‘yish qiyin?

Ijtimoiy tarmoqlardagi cheksiz skroll tasodifan yaratilmagan. Psixologlar buni “o‘zgaruvchan mukofot” tamoyili bilan izohlaydi. Har safar ekranni pastga surganingizda nima chiqishini bilmaysiz, balki oddiy post, balki juda qiziqarli video. Xuddi lotereya kabi. Shu noaniqlik miyani yana va yana ekranga qaytishga undaydi. Bildirishnomalar ham xuddi shu maqsadga xizmat qiladi. Telefon ovoz chiqarganda yoki ekran yonganda miyamiz “muhim narsa bo‘lsa kerak” degan signal oladi.

Vaqt qayerga yo‘qoladi?

Ko‘pchilik “atigi besh daqiqa” deb telefonni oladi. Ammo algoritmlar aynan shu besh daqiqani ellik daqiqaga aylantirish uchun ishlab chiqilgan. AQShdagi minglab internet foydalanuvchilarining clickstream ma’lumotlari tahlil qilingan. Tadqiqotlarga ko‘ra, 2008-2013-yillarda internetdagi kontent keskin ko‘paygan, ammo odamlarning umumiy e’tibor vaqti unchalik oshmagan. Faqat e’tibor taqsimoti o‘zgargan: yangilik saytlari va chatlardan video hamda ijtimoiy tarmoqlarga o‘tilgan. Bu shuni anglatadiki, inson e’tibori cheklangan resurs.

Bundan tashqari, 14 million foydalanuvchi va 583 ta yangilik sahifasi o‘rganilgan tadqiqot natijasiga ko‘ra, odamlar juda ko‘p sahifalarni emas, oz sonli sevimli manbalarni muntazam kuzatadi. Ammo o‘sha sahifalardagi deyarli barcha mavzularni o‘qiydi. Bu esa “echo chamber” fenomenini yuzaga kelishiga turtki bo‘ladi.

Diqqatning narxi

E’tibor iqtisodiyotining eng katta muammosi vaqtning yo‘qolishigina emas. Doimiy bildirishnomalar va tez almashadigan kontent diqqatni jamlashni qiyinlashtiradi. Kitob o‘qish, murakkab matnni tushunish yoki bir vazifaga uzoq vaqt e’tibor qaratish tobora mushkullashishi mumkin. Yana bir muammo shundaki, hissiyot uyg‘otadigan kontent ko‘proq tarqaladi. Masalan, psixologlar tadqiqot tajribalari va qariyb 50 mingta siyosiy tvitni tahlil qilib, quyidagini aniqlashdi: g‘azab, qo‘rquv hamda axloqiy bahs uyg‘otadigan postlar oddiy postlarga qaraganda e’tiborni tezroq tortadi va ko‘proq ulashiladi. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda salbiy yoki bahsli kontent ko‘pincha virusdek tarqaladi.

E’tibor ham tabiiy resursmi?

So‘nggi yillarda ayrim olimlar e’tiborni shaxsiy emas, balki jamiyat uchun muhim umumiy resurs sifatida ko‘rishni taklif qilmoqda. Ularning fikricha, inson diqqati haddan tashqari tijoratlashtirilsa, bu nafaqat alohida odamning salomatligi va unumdorligiga, balki jamiyat, siyosiy jarayonlar va demokratik institutlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu sababli ayrim tadqiqotchilar platformalar mas’uliyatini kuchaytirish va e’tiborni himoya qilish bo‘yicha yangi yondashuvlarni muhokama qilmoqda.

Diqqatni qanday saqlab qolish mumkin?

Texnologiyadan butunlay voz kechishning iloji ham, zarurati ham yo‘q. Ammo bir nechta oddiy odat foydali bo‘lishi mumkin:

  • Keraksiz bildirishnomalarni o‘chirish
  • Ijtimoiy tarmoqlar uchun kunlik vaqt chegarasini belgilash
  • Ish yoki o‘qish vaqtida telefonni ko‘zdan uzoqroq qo‘yish
  • Kun davomida telefonsiz vaqt ajratish
  • Uxlashdan oldin ekranga qarashni kamaytirish

Bular e’tiborni to‘liq qaytarib bermasligi mumkin, ammo uni boshqarishni osonlashtiradi.

Теги :
Jamiyat