Nima uchun sukunat eng qimmat resursga aylanib bormoqda?
Bugun ertalab uyg‘onganingizdan beri necha xil shovqin eshitdingiz? Telefoningizning bildirishnomalari, ko‘chadagi mashinalar signali, qo‘shnining ta’mirlash ishlari yoki ijtimoiy tarmoqlardagi to‘xtovsiz shovqin… Zamonaviy dunyoda inson bir daqiqa ham to‘liq sokinlikda qola olmaydigan darajada axborot va akustik atrof-muhit bilan o‘rab olingan. Natijada kutilmagan hodisa yuz bermoqda: avvallari har bir inson uchun tekin va tabiiy holat bo‘lgan sukunat hamda tinchlik endi faqat muayyan imkoniyatga ega insonlargina sotib ola oladigan hashamatli resursga aylanib bormoqda. Xo‘sh, sukunat qanday qilib yirik biznes sub’yektiga aylandi va nega inson miyasi tinchlikni bu qadar qumsamoqda?
4 daqiqa o‘qiladi

Bugun ertalab uyg‘onganingizdan beri necha xil shovqin eshitdingiz? Telefoningizning bildirishnomalari, ko‘chadagi mashinalar signali, qo‘shnining ta’mirlash ishlari yoki ijtimoiy tarmoqlardagi to‘xtovsiz shovqin… Zamonaviy dunyoda inson bir daqiqa ham to‘liq sokinlikda qola olmaydigan darajada axborot va akustik atrof-muhit bilan o‘ralgan. Natijada kutilmagan hodisa yuz bermoqda – avvallari har bir inson uchun tekin va tabiiy holat bo‘lgan sukunat hamda tinchlik endi faqat muayyan imkoniyatga ega insonlargina sotib ola oladigan hashamatli resursga aylanmoqda. Xo‘sh, sukunat qanday qilib yirik biznes sub’yektiga aylandi va nega inson miyasi tinchlikni bu qadar qo‘msamoqda?
“Sokin hashamat” trendi
“Sokin hashamat” tendensiyasi ko‘plab jabhalarda o‘zini namoyon qilmoqda. Masalan, avvallari boylik qimmatbaho logotiplar va dabdaba orqali namoyish etilgan bo‘lsa, bugun trend butunlay o‘zgardi. Loro Piana va Brunello Cucinelli kabi brendlar tovarlarga logotip qo‘ymaydi, chunki, qiymatni material sifatining o‘zi aytib turadi, buni esa faqat “tushunganlar” anglaydi. Bundan tashqari, tinchlik servisi va shovqindan holi sanoat ham tobora ommalashib bormoqda. Turizm, transport va texnologiya sohasida shovqinsizlik alohida pulli funksiyaga aylangan. Bunga “raqamli detox” taklif qilayotgan mehmonxonalar, shovqindan holi zonadagi birinchi va premium klasslar bor transport vositalari, faol shovqin bosuvchi(ANC) quloqchinlar ishlab chiqqan Apple, Sony yoki Bose kompaniyalari misol bo‘la oladi.
Tinchlik bizni rostdan ham xotirjam qiladimi?
Jimjitlik, axborot shovqinining inson miyasi hamda xulq-atvoriga ta’sirini o‘rganish bo‘yicha ko‘plab qiziqarli va hayratlanarli tajribalar o‘tkazilgan. Olimlar sukunatning nafaqat ruhiy xotirjamlik berishi, balki biologik va neyrologik qayta tiklashini isbotlashgan. Shu bilan birga, inson uchun to‘liq tinchlikda qolish naqadar og‘ir ekanligini ko‘rsatuvchi tadqiqotlar ham bor.
Masalan, AQShdagi Orfild laboratoriyasida joylashgan sado qaytarmaydigan Anekoid xonasi jahondagi eng sokin joylardan biri hisoblanadi. Bu xonada tashqi shovqin -24.9 dBA darajagacha yutiladi. Taqqoslash uchun, odatdagi shivirlash ~30 dBA. Unda ko‘ngillilar bir o‘zlari qoldiriladi. Insonlar bir necha daqiqadan so‘ng o‘z yurak urishini, o‘pkasining kengayishini, hatto tomirlardagi qon va miyadagi ichki shovqinni eshita boshlaydi. Aksariyat odamlar bu xonada 20-45 daqiqadan ortiq o‘tira olishmaydi – vizual va akustik obyektlarning yo‘qligi sababli gallyutsinatsiyalar va vaqt hissini yo‘qotish boshlanadi. Demak, tinchlik va sukunat muayyan doirada davolovchi qimmatbaho resurs bo‘lsa-da, tashqi olamdan to‘liq va sun’iy uzilish inson ruhiyati uchun qiyin sinovdir.
Shunga qaramasdan, tinchlikning ijobiy tomonlarini butunlay rad eta olmaymiz. 2013-yilda Duke universitetida doktor Imre Kirste va neyrobiologlar jamoasi sichqonlarda har xil tovushlarning (musiqa, oq shovqin, chaqaloq yig‘isi) miyaga ta’sirini o‘rganishadi. Ular sukunatni shunchaki nazorat parametri sifatida ishlab, sichqonlarni kuniga 2 soat tinchlikda ushlab turishgan. Olimlarni hayratda qoldirgan narsa shuki – barcha tovush turlari ichida faqatgina to‘liq sukunat miyaning gippokamp qismida (xotira va hissiyotlar uchun mas’ul zona) yangi neyronlarning rivojlanishiga olib kelgan. Ular tinchlik shunchaki miyaning dam olishi emas, balki miya to‘qimalarining biologik qayta tiklanishi va yangilanishi uchun eng kuchli katalizatori ekanligini isbotlashgan. Bundan tashqari, shovqin va sukunat bo‘yicha meta-analizlarda aeroportlar yoki magistral yo‘llar yaqinida yashovchi aholining salomatligi o‘rganilgan. Natijada kunlik atrof-muhit shovqini, hatto u uyqu paytida sezilmasa ham, inson organizmida kortizol darajasini oshirishi aniqlangan.
2006-yilda Heart jurnalida chop etilgan tadqiqot maqolasida hatto 2 daqiqalik to‘liq tinchlik ham inson qon bosimini va yurak urish chastotasini tushirishda tinchlantiruvchi musiqaga qaraganda 2 baravar samaraliroq ekani isbotlandi.
Tinchlikka erishishni odamlarning o‘zlari xohlaydimi?
Ijtimoiy psixolog Timoti Uilson va uning jamoasi zamonaviy insonning o‘zi va o‘z fikrlari bilan yolg‘iz qolish qobiliyatini sinab ko‘rishdi. Qatnashchilar 15 daqiqa davomida hech qanday gadjet, kitob va muloqotsiz, mutlaqo bo‘sh xonada sukunatda o‘tirishlari kerak edi. Ularga bitta tanlov berildi – xohlasalar shunchaki jim o‘tirishadi, xohlasalar – tugmani bosib, o‘zlariga yengil elektr toki urdirishlari mumkin. Tajribadan oldin barcha qatnashchilar elektr toki urishini xohlamasliklarini aytishgan bo‘lsa-da, erkaklarning 67foizi va ayollarning 25 foizi 15 daqiqalik sukunat hamda zerikishga chidolmay, o‘zlariga ixtiyoriy ravishda elektr toki urdirishgan. Hattoki, bir qatnashchi elektr tugmasini 190 marta bosgan. Bundan shunday xulosaga kelish mumkin – zamonaviy dunyodagi aksariyat odamlar o‘z xayollari bilan yolg‘iz qolishdan ko‘ra, axborot olishni afzal ko‘radi.
Ushbu tajribalar va iqtisodiy trendlar shuni ko‘rsatadiki, sukunat shunchaki passiv holat emas. U inson miyasi va ruhiyati uchun eng birlamchi biologik ehtiyojlardan biridir. Sanoat inqilobi davrida shahar va zavodlar shovqini taraqqiyot hamda boylik belgisi hisoblangan bo‘lsa, raqamli asrda bu qoida butunlay teskarisiga o‘zgardi. Bugun shovqin va axborot oqimi har bir kishi uchun ochiq yoki arzon, ammo sukunat, maxfiylik va ruhiy xotirjamlik haqiqiy eksklyuziv mahsulotga aylanib bormoqda. Shunday ekan, ba’zan telefoningizni o‘chirib, bir necha daqiqa davomida atrofingizdagi sukunatdan bahramand bo‘ling – chunki siz hozirgina dunyodagi eng qimmatbaho resurslardan birini bepul qo‘lga kiritdingiz.



