$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

“Apple” monopoliyasi: Hukumat bilan sud, raqobatchilar “noni” va iste’molchilarga ta’siri

apple

AQSh Adliya vazirligi va 16 shtat bosh prokurorlari “Apple Inc” kompaniyasini monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganlikda ayblab, sudga murojaat qildi.

Kompaniya raqobatchilarning “nonini yemoqda”

Da’vo arizasida aytilishicha, Apple smartfonlar va smartfon ilovalari bozoridagi ustun mavqeidan foydalanib, iste’molchilarning iPhone bilan qurilmalarini almashtirish yoki boshqa ishlab chiqaruvchilar mahsulotlaridan foydalanish imkoniyatlarini cheklamoqda.

“Apple smartfonlar bozoridagi monopol mavqeini nafaqat raqobatchilardan o‘zib ketgani, balki monopoliyaga qarshi federal qonunlarni buzgani uchun ham saqlab turibdi. Biz Apple iste’molchilarga ham, ishlab chiquvchilarga ham zarar yetkazadigan raqobatga qarshi xatti-harakatlar strategiyasini qo‘llayotganini da’vo qilamiz”, – dedi AQSh bosh prokurori Merrik Garland.

“Apple” munosabati

Kompaniya da’voni noo‘rin deb hisoblamoqda. Ta’kidlanishicha, bu odamlar kutgan texnologiyalarni yaratish qobiliyatiga putur yetkazadi.

“Bu hukumatga odamlar uchun texnologiya rivojini qattiq nazorat qilish imkoniyatini berib, xavfli pretsedent yaratadi”, – deyiladi Apple bayonotida.

14 yillikdagi birinchi ayb

AQSh Adliya vazirligi so‘nggi 14 yil ichida Apple kompaniyasini monopoliyaga qarshi qonunbuzarliklar yuzasidan ikki marta sudga bergan, biroq u kompaniyani bozordagi hukmron mavqeini noqonuniy ravishda manipulyatsiya qilishda birinchi marta ayblamoqda.

Da’vo ortidan 21 mart kuni Nyu-York birja savdolarida Apple aksiyalari 3,7 foizga arzonlashdi. Biroq, oxirgi 12 oy ichida ularning qiymati 8,3 foizga oshdi.

Yevropa komissiyasi jarimasi

Mart oyining boshlarida Yevropa komissiyasi ham iOS operatsion tizimi foydalanuvchilari uchun musiqa striming xizmatlari bozoridagi ustun mavqeyini suiiste’mol qilgani uchun Apple’ni 1,8 milliard yevrodan ortiq jarimaga tortgan edi.

YeKning tekshiruviga ko‘ra, Apple kompaniyasi Yevropa Ittifoqining monopoliyaga qarshi qonunlarini buzgan holda, taxminan 10 yil davomida musiqa strimingi ilovalarini ishlab chiquvchilarga iOS foydalanuvchilarini App Store do‘konidan tashqarida mavjud bo‘lgan muqobil va arzonroq musiqa obuna xizmatlari haqida xabardor qilishni taqiqlab qo‘ygan. 

Yevropa komissiyasining press-relizida qayd etilishicha, kompaniya siyosati “foydalanuvchi tajribasi yomonlashuviga” olib kelgan bo‘lishi mumkin, chunki Apple qurilmalari egalari App Store ilovasidan tashqarida yaxshiroq takliflarni izlash uchun murakkab qidiruvlarni amalga oshirishga majbur bo‘lishi kerak edi.

Sud va jarimalarning kompaniyaga ta’siri

Agar Adliya vazirligi sudda “Apple” ustidan g‘alaba qozonsa, kompaniya katta miqdordagi jarima to‘lashga majbur bo‘ladi. Shu bilan birga gadjetlar ishlab chiqarish vaqtincha cheklanishi mumkin. Buning ortida butun dunyo boylab Apple mahsulotlarining narxi keskin ko‘tarilishi mumkin. Shu bilan birga, kompaniya tomonidan gadjetlarning yangi modelini ishlab chiqarish kechiktiriladi. Qisqa qilib aytganda, kompaniyaga asosiy ziyon vaqt hamda mijoz yo‘qotish bo‘ladi.