$
 12006.39
-28.87
 13765.33
54.76
 150.44
-1.02
weather
+26
Кечаси   +14°

Uy hayvonlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun nima qilish kerak?

7-avgustdan O‘zbekistonda uy hayvonlarini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi kuchga kiradi. Yangi talablarga muvofiq, it va mushuklar uch oylik yoshga yetguniga qadar, qoramol, qo‘y, echki hamda tuyalar esa tug‘ilganidan keyin 14 kun ichida veterinariya xizmatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.

Qonunchilikka ko‘ra, 2028-yil 1-yanvardan boshlab uy hayvonlarini ro‘yxatdan o‘tkazmaslik uchun javobgarlik belgilanadi. Shu sanadan e’tiboran ro‘yxatdan o‘tmagan hayvonlarni saqlashga ham ruxsat berilmaydi.

Hayvonlarni qayerda ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin?

Uy hayvonlarini tuman yoki shahar veterinariya bo‘limlari, shuningdek hududiy veterinariya punktlarida ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin bo‘ladi. Ro‘yxatga olish jarayonida hayvonga maxsus identifikatsiya raqami biriktiriladi, uning ma’lumotlari yagona elektron axborot bazasiga kiritiladi hamda veterinariya pasporti rasmiylashtiriladi.

Hayvon nobud bo‘lsa yoki egasi o‘zgarsa qanday tartib qo‘llaniladi?

Qonunga muvofiq, ro‘yxatdan o‘tgan uy hayvoni nobud bo‘lsa, bu haqda yetti kun ichida veterinariya xizmatiga xabar berilishi shart.

Mazkur talab so‘yilgan, yo‘q qilingan yoki xorijga olib chiqilgan hayvonlarga nisbatan ham amal qiladi.

Uy hayvoni uchun berilgan veterinariya pasportining amal qilish muddati cheklanmagan. Uni ma’lum muddatdan keyin almashtirish yoki qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi. Pasportga faqat emlash, davolash hamda boshqa veterinariya tadbirlariga oid ma’lumotlar muntazam kiritib boriladi.

Agar hayvonning egasi almashsa yoki uning saqlanayotgan manzili o‘zgarsa, veterinariya pasportidagi ma’lumotlar ham tegishli tartibda yangilanadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish pullik bo‘ladimi?

Qonunchilikka ko‘ra, uy hayvonlarini identifikatsiya qilish xizmati pullik hisoblanadi. Biroq xizmat narxi hozircha tasdiqlanmagan. To‘lov miqdori Davlat veterinariya qo‘mitasi tomonidan Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.