$
 12805.09
-10.04
 13889.68
-8.33
 133.10
-0.1
weather
+26
Кечаси   +14°

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy va olimpiya jamoalari a’zosi farzandi uchun yetarli darajada aliment to‘lamayotganlikda ayblanmoqda

Hojimat Erkinov

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston milliy terma jamoasi va olimpiya jamoalari a’zosi va hozirgi kunda BAAning "Al-Vahda" klubida faoliyat yuritayotgan taniqli futbolchi Hojimat Erkinovning turmush o‘rtog‘i Madinabonu Rustamovadan Kun nashri tahririyatiga aliment masalasi bilan murojaat kelib tushadi. Murojaat mazmuniga ko‘ra, futbolchi topayotgan daromadi ancha yuqori bo‘lishiga qaramay, o‘zini ishsiz sifatida ko‘rsatib, farzandi uchun aliment pulini haqiqatda topayotgan daromadi hisobidan to‘lamay kelmoqda.

Sud qarorlari

Taqdim qilingan ma’lumotda qayd etilishicha, 2023-yil 1-dekabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi buyrug‘i bilan vaqtincha ishsiz deb ko‘rsatilgan qarzdor Hojimat Erkinovdan bir nafar farzandi ta’minoti uchun har oy ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilanadi. Sud buyrug‘ida to‘lanadigan aliment miqdori har bir bola uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (1 mln. 50 ming so‘m)ning 26,5 foizi, ya’ni 278 ming 250 so‘mdan kam bo‘lmasligi ko‘rsatiladi. Keyinchalik yana fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2024-yil 24-yanvardagi hal qiluv qarori bilan Hojimat Erkinovdan Madinabonu Rustamova foydasiga, farzandi voyaga yetguniga qadar har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 100 foizi (1 mln. 50 ming so‘m) miqdorida aliment belgilanadi. Bundan tashqari, M.Rustamovaning apellyatsiya shikoyatiga asosan ishni qayta ko‘rib chiqqan Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha hay’ati ajrimi (2024 yil 27-mart) bilan hal qiluv qarori qisman o‘zgartirilib, aliment miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (1 mln. 50 ming so‘m)ning ikki baravari, ya’ni 2 mln. 100 ming so‘m etib belgilanadi.

Futbolchining "Paxtakor"dagi daromadi va hozirga qadar to‘langan aliment miqdori haqida

Qiziqarlisi, Hojimat Erkinov ishsiz sifatida ko‘rsatilgan mazkur sud buyrug‘i chiqqan vaqtda u «Paxtakor» klubi tarkibida to‘p surgan va bu davr uchun unga ish haqi va mukofot pullari hisoblangan bo‘lib, uning birgina 2023-yil iyul-dekabr oylari uchun jami daromadlari 900 mln. so‘mdan oshiqni tashkil etgan. Madinabonu Rustamovaning ta’kidlashicha, futbolchi sud buyrug‘iga asosan ayni kundagi shartnomasi bo‘yicha "Al-Vahda" klubidan topayotgan jami daromadlarining to‘rtdan bir qismini aliment uchun to‘lashi kerak. Biroq, uning turmush o‘rtog‘ining arab klubidagi maoshi haqida ma’lumot olish uchun urinishlari natija bermagan. Futbolchi aliment uchun to‘lov amalga oshirilganini tasdiqlovchi cheklarni tahririyatga taqdim etgan bo‘lib,unda Erkinov 2024-yil 8-fevral kuni 63 mln. 466 ming so‘m miqdorda alimentni 2023 yil dekabr oyi uchun to‘lagani qayd etiladi. Bu uning aliment uchun ilk to‘lovi bo‘lgan va bu ish BAAning "Al-Vahda" klubi bilan shartnoma imzolaganidan 1 kun o‘tib amalga oshgan. Erkinov sud buyrug‘i chiqqandan buyon to‘lagan alimentining jami miqdori 86 mln. 736 ming so‘mni tashkil qilgan. Futbolchi Kun nashri muxbiriga shartnoma shartlari sabab , "Al-Vahda"dagi daromadini ochiqlay olmasligini ma’lum qilgan.

"Bu (mablag‘) bir bolani eplab olishga yetadi"

Shundan so‘ng, tahririyat a’zolari bevosita futbolchining o‘zi bilan bog‘lanishib, vaziyat haqida Erkinovdan ham ma’lumot olishadi. "Aliment masalasiga kelsak, bilasiz, aliment to‘lamagan odam O‘zbekistondan chiqarib yuborilmaydi. Men hamma alimentlarimni to‘lab, joy-joyiga qo‘yganman. Bu haqdagi cheklarim ham bor, buni isbotlab berishim ham mumkin. [2023-yil] oktyabr oyida bolam tug‘ilgan, meni dekabr oyida alimentga berishdi. Dekabrning o‘zida 4,5 ming dollar to‘lab berganman, keyin yanvar oyidan boshlab iyunga qadar 300 dollardan to‘lab kelaman. Menimcha, bu bir bolani eplab olishga yetadi", – deydi Erkinov.

Qonunchilik nima deydi?

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov mazkur aliment ishi bo‘yicha tahririyatga ma’lumot taqdim etarkan, aliment pullari O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida olingan daromadlardan ham to‘lanishi lozim ekanligini ta’kidlaydi. Oila kodeksining 104-moddasiga ko‘ra, aliment O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan ushlab qolinadi. Shu munosabat bilan sud tomonidan voyaga yetmagan farzandlarini moddiy ta’minlash majburiyati yuklatilgan sobiq otalar yoki onalar nafaqat O‘zbekiston hududida, balki xorijiy davlatlardagi manbalardan olingan barcha daromadlardan aliment to‘lashi lozim.

MIB axboroti

«Fuqaro Erkinov Hojimat Botir o‘g‘liga nisbatan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 01.12.2023-yildagi sud buyrug‘iga asosan M.Rustamova foydasiga 1 nafar voyaga yetmagan farzandining voyaga yetguniga qadar oylik ish haqi va boshqa daromadining ¼ qismi miqdorida aliment to‘lash majburiyati yuklatilgan. Mazkur sud buyrug‘ini majburiy ijro etish maqsadida Majburiy ijro byurosining Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi tomonidan tegishli ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Ijro harakatlari davomida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, H.Erkinov 2024-yilda Birlashgan Arab Amirliklarining Abu-Dabi shahridagi "Al-Vahda" futbol klubi bilan shartnoma imzolagan hamda ushbu davlat hududida daromad olmoqda. Biroq, qarzdor H.Erkinov BAA hududida olayotgan daromadlari to‘g‘risida majburiy ijro organiga ma’lumot taqdim etmagan va ushbu daromadlaridan farzandi ta’minoti uchun aliment to‘lamagan. Hozirda qo‘zg‘atilgan ijro ishi yuzasidan H.Erkinovning aliment to‘lashi lozim bo‘lgan daromadlari hajmi, shu jumladan, BAAdagi manbalardan olgan daromadlari miqdorini mavjud xalqaro me’yoriy hujjatlar doirasida aniqlash choralari ko‘rilmoqda. Qarzdor Hojimat Erkinov unga nisbatan qonunda belgilangan cheklovlar va javobgarlik choralari ko‘rilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun sud tomonidan o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda to‘liq bajarishi lozim», deyiladi MIB ma’lumotida.

Hojimat Erkinov o‘zi kim?

Ma’lumot uchun, Hojimat Erkinov Toshkentning "Paxtakor" klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanib, professional faoliyatini ijara asosida 2019-yil "Qo‘qon-1912" jamoasida boshlagan. 2020-yilda Olmaliqning OKMK klubi safida to‘p surgan yarimhimoyachi ikkinchi davrada "Paxtakor"ga qaytarilgan. U 2022-yil yozida Moskvaning "Torpedo" klubi tomonidan transfer qilingan bo‘lsa-da, Rossiya chempionatida o‘ynab keta olmadi va 2023-yil yana Toshkent klubiga qaytdi. 2024-yil 7-fevral kuni esa Birlashgan Arab Amirliklarining "Al-Vahda" klubi bilan shartnoma imzoladi. 23 yoshli hujumkor yarimhimoyachi joriy mavsum BAA Pro ligasida 9 o‘yinda maydonga tushib, bitta golga mualliflik qilgan. Eslatib o‘tamiz, Erkinov O‘zbekiston olimpiya jamoasi safida Parij Olimpiadasiga yo‘llanma olgandi, biroq Abu-Dabi klubi uni Olimpiadaga qo‘yib yuborishni ma’qul topmadi.