$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Farzanddan qochyaptimi yoki alimentdan?

aliment

Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasida fuqaro To‘rayev Soxibga (ism, familiyasi o‘zgartirilgan) oid O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47.4-moddasi 1-qismi bilan bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi. Sud esa boshqa moddaga asosan yakunlandi.

2022-yildagi qaror 

2022-yil 14-noyabrda To‘rayev Soxibga oid O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47.4-moddasi 1-qismi bilan bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish sudda ko‘rib chiqilga. Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining qaroriga ko‘ra, ushbu ish O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 271-moddasi 10-bandiga asosan tugatilgan. Bunga asos sudda fuqaroviy da’vogar To‘rayev Soxibning sobiq turmush o‘rtog‘i Sh.J jami 13mln. 548 ming 502 so‘m qarz summasidan voz kechib, zarar bartaraf etilganligini e’tirof etilgani sabab bo‘lgan.

“Bir-ikki kunda to‘layman”

Biroq, aliment toʻlovchi erkak aslida pulni toʻlamagan. U ayoliga qarzni bir-ikki kun ichida toʻlayman deb aldagan va ayolidan “aliment qarzidan voz kechish” mazmunidagi tilxatni yozdirib olgan. Ayoli ham eriga ishongan va hech narsani tushunmasdan, “voz kechish” haqida yozib beravergan. Yozdirib olingan xat erkakka qoʻyilgan javobgarlikning boshqa moddaga almashinishiga to‘g‘ri kelgan.

Qonunchilik qanday?

O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47.4-moddasida birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rish jarayonida aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etilishi ko‘rsatilgan.

Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47.4-moddasida shaxsni aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlikdan voz kechish holatida javobgarlikdan ozod qilinishi belgilanmagan, faqatgina ixtiyoriy ravishda to‘laganlik holati qat’iy belgilab qo‘yilgan.

Oliy Sud Plenumining qarori

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan voyaga yetmagan va voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz bolalar ta’minoti uchun aliment undirishga oid ishlar bo‘yicha qonunchilikni qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”gi 11-sonli qarorida, aliment undirish haqidagi ish bo‘yicha da’vogarning da’vodan voz kechishi yoki taraflar kelishuv bitimi tuzishi munosabati bilan ish yuritish tugatilishiga, agar bu bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zid bo‘lmasa, yo‘l qo‘yilishi haqida tushuntirish berilgan.

15 sutka qamoq

Shu sababli, jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining 2022-yil 14-noyabr kunidagi To‘rayev Soxibga nisbatan chiqarilgan qarori bekor qilinib, unga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47.4-moddasi 1-qismi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksining 96-moddasiga ko‘ra, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart. Xulosa shuki, ota-onalikning ham qonunda ko‘rsatilgan o‘z majburiyatlari ham mavjud bo‘lib, qonunlarga rioya qilmaslik albatta javobgarlikka sabab bo‘ladi.