$
 11820.40
-36.95
 13684.48
-61.75
 139.05
-0.27
weather
+26
Кечаси   +14°

Mashhur musiqiy albomlar sabab o‘lim bilan yakunlangan avtohakolatlar 15 foizga oshdi

albom

AQShda o‘tkazilgan tadqiqotda 2017–2022-yillarda eng ko‘p tinglangan 10 ta albom chiqqan kunlardagi yo‘l-transport hodisalari o‘rganildi. Natijada bunday kunlarda yo‘llardagi o‘limlar odatdagi kunlarga qaraganda 15,1 foiz ko‘p bo‘lgani aniqlandi. Albomlar chiqqan kunlarda o‘rtacha 139,1 kishi, yaqin kunlarda esa 120,9 kishi yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lgan. Shu bilan birga, mashhur qo‘shiqlarni tinglash hajmi 43 foizga oshgan.

10 ta mashhur albom chiqqan kunlar alohida o‘rganildi

Tadqiqotchilar 2017–2022-yillarda bir kunda eng ko‘p tinglangan 10 ta albomni tanlab olgan. Ular orasida Teylor Sviftning “Midnights”, Dreykning “Scorpion” va Garri Staylsning “Harry’s House” albomlari ham bor. Olimlar aynan shu albomlar chiqqan kunlardagi ko‘rsatkichlarni relizdan oldingi va keyingi kunlar bilan solishtirgan.

Natijada yangi albom taqdim etilgan kuni odamlarning musiqa tinglash faolligi keskin oshgani ko‘ringan. AQShdagi eng mashhur 200 ta qo‘shiqning striming hajmi bunday kunlarda atrofdagi kunlarga nisbatan 43 foiz yuqori bo‘lgan. Tadqiqotdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, reliz kunlarida striming o‘rtacha 123,3 millionni, taqqoslangan kunlarda esa 86,1 millionni tashkil etgan.

Olimlar shu davrdagi 233 809 ta o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi haqidagi ma’lumotlarni ham tahlil qilgan. Turli xavf omillari hisobga olingach, albom chiqqan kunlarda o‘rtacha 139,1 ta o‘lim qayd etilgani, boshqa yaqin kunlarda esa bu ko‘rsatkich 120,9 tani tashkil etgani aniqlangan. Farq har bir reliz kuniga o‘rtacha 18,2 ta qo‘shimcha o‘lim yoki 15,1 foizlik o‘sishga teng. O‘rganilgan 10 ta reliz kuni bo‘yicha hisoblaganda bu taxminan 182 ta qo‘shimcha o‘limni anglatadi.

Yangi qo‘shiqni qidirish haydovchini bir necha soniyaga chalg‘itishi mumkin

Tadqiqotchilar bu natijani telefondan musiqa tinglash jarayoni bilan bog‘liq chalg‘ish ehtimoli orqali tushuntirmoqda. Haydovchi yangi albomni tinglamoqchi bo‘lsa, telefon yoki multimedia tizimiga qarashi, musiqa ilovasini ochishi, kerakli albom yoki qo‘shiqni topib, uni tanlashi mumkin. Buning uchun bir necha soniya yetadi, ammo avtomobil harakatlanayotgan paytda shu qisqa vaqtning o‘zi ham haydovchining e’tiborini yo‘ldan uzadi.

O‘lim bilan yakunlangan hodisalardagi o‘sish ayrim guruhlarda kuchliroq bo‘lgan. Yosh haydovchilar, erkaklar va mashinada yolg‘iz ketayotganlarda ko‘rsatkich yuqoriroq chiqqan. Multimedia yoki telefon bilan bog‘langan tizimlarga ega avtomobillarda ham o‘sish ko‘proq kuzatilgan. Mashinada yo‘lovchi bo‘lsa, u musiqani boshqarib berishi mumkin, yolg‘iz haydovchi esa buni o‘zi qilishiga to‘g‘ri keladi.

Biroq olimlar bu raqamlar har bir avariyaga aynan telefon yoki yangi musiqa sabab bo‘lganini isbotlamasligini alohida ta’kidlagan. Tadqiqot mashhur albomlar chiqqan kunlar, strimingning keskin oshishi va yo‘llardagi o‘limlar ko‘payishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi, xolos. Haydovchilarning halokat paytida haqiqatan ham musiqa qidirgani yoki striming xizmatidan foydalangani bo‘yicha ma’lumot bo‘lmagan.

Musiqani mashinani haydashdan oldin tanlab qo‘yish tavsiya etildi

Tadqiqot mualliflari haydovchilarga yangi albom yoki qo‘shiqni yo‘lda qidirish o‘rniga, mashinani harakatga keltirishdan oldin tanlab qo‘yishni tavsiya qilgan. Shundan keyin telefonni chetga qo‘yish haydovchining butun e’tiborini yo‘lga qaratishiga yordam beradi.

Mashinada boshqa odam bo‘lsa, musiqani almashtirish yoki yangi qo‘shiqni topishni yo‘lovchiga topshirish ham xavfsizroq. Bunda haydovchiga telefon yoki multimedia ekraniga qarashga hojat qolmaydi. Tadqiqotchilar striming platformalarida haydovchilarga xavfsizlik haqida eslatmalar ko‘rsatish kabi choralar ham foydali bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Теги :
Jamiyat