$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Internetdagi “soxta auditoriya”: Bu jarayonda O‘zbekiston qanday rol o‘ynayapti?

akkaunt

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda minglab layk, obunachi yoki izohlarni ko‘ramiz. Ammo ularning hammasi ham haqiqiy odamlar emas. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, internetda feyk akkaunt yaratish alohida biznesga aylanib ulgurgan. Kembrij universiteti olimlari bu bozor qanday ishlashini o‘rganib, ayrim mamlakatlarda bunday xizmatlar qanchalik arzonligini ham tahlil qilgan. Qizig‘i bu jarayonda O‘zbekiston ham tilga olinmoqda. Xo‘sh, nega aynan bizning raqamlar orqali feyk akkaunt yaratish osonroq?

Feyk akkauntlarning yaratilishi

Kembrij universiteti ishlab chiqqan Cambridge Online Trust and Safety Index (COTSI) loyihasi doirasida 500 dan ortiq ijtimoiy tarmoq va onlayn xizmatlar o‘rganilgan. Tadqiqotda TikTok, Amazon va Spotify kabi platformalarda akkaunt ochish uchun ishlatiladigan SMS-verifikatsiya xizmatlari tahlil qilingan.

Natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston telefon raqamlari orqali SMS tasdiqlash xizmatlari nisbatan arzon hisoblanadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 100 dollar evaziga 100 mingdan ortiq akkauntni tasdiqlash mumkin. Shuningdek, qora bozorda O‘zbekiston raqamlari orqali 2,4 milliondan ortiq SMS-verifikatsiya xizmati mavjudligi qayd etilgan. Bu esa katta miqdorda feyk akkaunt yaratish imkoniyati borligini ko‘rsatadi.

Feyk akkauntlar nima uchun kerak?

Mutaxassislarning aytishicha, bunday xizmatlar internetdagi “onlayn manipulyatsiya iqtisodiyoti”ning muhim qismiga aylangan. Ular yordamida sun’iy ravishda layklar va obunachilar sonini ko‘paytirish, feyk profillar orqali fikrlarga ta’sir o‘tkazish yoki ma’lum axborot kampaniyalarini olib borish mumkin.

Har bir feyk akkaunt odatda telefon raqami va SIM-karta bilan bog‘lanadi. Shu sabab aynan shu tizim butun jarayonning asosiy nuqtasi hisoblanadi. Biroq tadqiqot mualliflari keltirilgan raqamlar barcha feyk akkauntlar albatta ishlaydi degani emasligini ham aytadi. Amalda ularning bir qismi tezda bloklanishi yoki qisqa vaqt ichida yo‘qolib ketishi mumkin.

Теги :
Jamiyat