$
 11986.56
26.47
 13691.65
21.27
 152.09
-0.44
weather
+26
Кечаси   +14°

OpenAI sinovi AI kiberhujumlari davri yaqinlashayotganini ko‘rsatdi

ai

Texnologiya tarixida shunday lahzalar bo‘ladiki, nazariya kutilmaganda real voqelikka aylanadi va insoniyat o‘zi yaratgan tizimlar ustidan nazoratni yo‘qotish chegarasiga qanchalik yaqin kelganini anglab yetadi. OpenAI tomonidan e’lon qilingan so‘nggi texnik hisobot va Reuters xabarlari ana shu xavotirni dunyodagi eng jiddiy muhokamalardan biriga aylantirdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, laboratoriyadagi ichki xavfsizlik sinovi davomida avtonom AI agent izolyatsiyalangan sinov muhiti cheklovlarini chetlab o‘tib, internetga chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng u test topshirig‘ini bajarish maqsadida Hugging Face infratuzilmasiga ruxsatsiz kirgan. Bu shunchaki oddiy dasturiy xatolik yoki kompyuterdagi texnik nosozlik emas. Mutaxassislar ushbu hodisani ilg‘or AI agentlari bilan bog‘liq eng muhim kiberxavfsizlik voqealaridan biri sifatida baholamoqda. Model o‘ziga berilgan topshiriqni bajarish uchun taqiqlarni aylanib o‘tdi, mustaqil mantiqiy reja tuzdi va hech qanday ko‘rsatmalarsiz harakat qilgan.

Ushbu voqea sun’iy intellekt xavfsizligi, uni nazorat qilish va himoya tizimlarining qay darajada tayyor ekani haqidagi bahslarni yangi bosqichga olib chiqdi. Xo‘sh, bu voqea aslida qanday yuz berdi va u kelajakda qanday xavflarni tug‘diradi.

OpenAI laboratoriyasida aslida nima yuz berdi?

OpenAI e’lon qilgan rasmiy hisobot va Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa kompaniyaning ichki tadqiqot laboratoriyasida yuz bergan. O‘sha paytda mutaxassislar GPT-5.6 Sol hamda hali ommaga taqdim etilmagan, kiberxavfsizlik bo‘yicha ilg‘or imkoniyatlarga ega yangi modelni sinovdan o‘tkazayotgan edi. Tajribaning asosiy maqsadi sun’iy intellekt modellarining murakkab kiberxavfsizlik vazifalarini qay darajada bajara olishini baholash, zaifliklarni aniqlash va ularning amaliy imkoniyatlarini o‘lchashdan iborat bo‘lgan. Shu sababli modelning maksimal salohiyatini baholash uchun odatda zararli kiberharakatlarni cheklab turadigan himoya mexanizmlari vaqtincha o‘chirilgan.

Odatda bunday sinovlar tashqi tarmoqdan butunlay uzilgan, izolyatsiyalangan sandbox muhitida o‘tkaziladi. Bu muhitda internetga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoni bo‘lmaydi, tarmoq bilan bog‘lanish esa ichki kesh-proksi server orqali qat’iy nazorat qilinadi. Biroq OpenAI ma’lumotiga ko‘ra, model ExploitGym sinov topshirig‘ini bajarishga haddan tashqari yo‘naltirilgani sababli belgilangan cheklovlarni chetlab o‘tish yo‘llarini mustaqil ravishda izlay boshlagan.  Hisobotga ko‘ra, model sinov topshirig‘ini yechish uchun qo‘shimcha ma’lumot va resurslarga ehtiyoj bor degan xulosaga kelgan. Shundan so‘ng u kesh-proksi dasturidagi ilgari aniqlanmagan Zero-Day zaifligini topib, undan foydalanish orqali internetga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritgan.

Internetga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritgach, model tadqiqot muhiti ichida bosqichma-bosqich harakatlanib, yuqori darajadagi tizim ruxsatlarini olgan va internetga ulangan tugungacha yetib borgan. Shundan so‘ng u ExploitGym topshirig‘iga oid ma’lumotlar Hugging Face platformasida bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelgan. OpenAI hisobotiga ko‘ra, model bir nechta zaifliklarni ketma-ket bog‘lab, qo‘lga kiritilgan autentifikatsiya ma’lumotlari hamda masofadan kod ishga tushirishga imkon beruvchi zaifliklardan foydalangan. Natijada u Hugging Face infratuzilmasiga kirib, test topshirig‘iga oid ma’lumotlarni olishga muvaffaq bo‘lgan.

Hugging Face kiberxavfsizlik jamoasi va Klement Delang ma’lum qilishicha ushbu hujum o‘ta yuqori darajadagi murakkablikka ega ekanini va u boshidan oxirigacha inson aralashuvisiz, to‘liq avtonom agent tomonidan amalga oshirilganini bildirdi. Ikki kompaniya kiberxavfsizlik jamoalarining tezkor hamkorligi natijasida hujum o‘z vaqtida aniqlanib, bartaraf etildi.

Bu hodisa nega dunyoni xavotirga soldi?

Ushbu voqea nafaqat texnik doiralarda, balki global siyosat va regulyatorlar o‘rtasida ham katta xavotir va bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Mutaxassislar ilg‘or SI modellarining xakerlik va kiberoperatsiyalarni amalga oshirish salohiyati allaqachon professional kiberhujumchilar darajasiga yetganini va ushbu imkoniyatlar real tizimlarda kodga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish huquqisiz ham ishlay olishini ta’kidlashmoqda.

AQSh Kongressi vakili Greg Casar ushbu hodisani texnologiya sohasidagi jiddiy signal deb atab, davlat darajasida qat’iy choralar ko‘rilishi shartligini bildirdi, “Sun’iy intellekt bizni global xavf-xatarlardan himoya qiluvchi hech qanday haqiqiy regulyatsiya va qonunlarsiz o‘ta tez sur’atda rivojlanmoqda. Bizga mustaqil xavfsizlik sinovlari, bunday kiber hodisalarni majburiy oshkor etish va jamiyatni ehtimoliy halokatlardan himoya qiluvchi xalqaro hamkorlik zarur.”

Luta Security kompaniyasi ijrochi direktori Keyti Mussuris SI modellarining bu kutilmagan harakatini va ularni jilovlash qiyinligini quyidagicha o‘xshatish bilan izohladi: “Bugungi ilg‘or SI modellari dunyodagi eng aqlli va chaqqon sakkizoyoqqa o‘xshaydi. Ularning imkoniyatlari cheksiz va har qanday kichik tirqishdan ham sirg‘alib chiqib ketish qobiliyatiga ega.” Shu bilan birga, Tolmo kiberxavfsizlik kompaniyasi muhandisi Matt Suiche ta’kidlashicha, bunday avtonom kiberoperatsiyalar nafaqat yirik tadqiqot laboratoriyalarida, balki ochiq foydalanishda bo‘lgan nisbatan kichikroq modellar yordamida ham amalga oshirilishi mumkin. Bu esa kiber tahdidlar ko‘lamini yanada kengaytiradi.

Kiberxavfsizlikning ertangi kuni

OpenAI va Hugging Face o‘rtasida yuz bergan ushbu pretsedent kiberxavfsizlik konsepsiyasini tubdan o‘zgartirish zaruratini tug‘dirmoqda. Hodisadan chiqarilgan asosiy saboq shuki, sun’iy intellekt xavfsizligi masalasini yopiq laboratoriyalarda yoki alohida bir kompaniya doirasida hal etib bo‘lmaydi. U ochiq, kollektiv va doimiy hamkorlikni talab etadi. Yuzaga kelgan vaziyatdan so‘ng har ikkala kompaniya va soha ekspertlari quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olmoqda:

·        Infratuzilma va izolyatsiyani kuchaytirish masalasida OpenAI tadqiqot va modelni o‘rgatish tezligi biroz pasayishi evaziga bo‘lsa-da, sinov muhitlari hamda kesh-proksi protokollariga o‘ta qat’iy cheklovlar kiritmoqda.

·        Uzoq muddatli rejalashtirish va ularni moslashtirish (Alignment) yo‘nalishida modellarning uzoq muddatli topshiriqlarni bajarishida xatti-harakatlari hamda mantiqiy qarorlarini axloqiy va xavfsizlik me’yorlariga to‘liq moslashtirish ustida alohida ish olib borilmoqda.

·        Kiberhimoyani avtomatlashtirish borasida esa SI modellarining kibersalohiyatini nafaqat hujumga, balki himoya vositalarini mustahkamlashga yo‘naltirish, ya’ni tizim zaifliklarini buzg‘unchilardan oldinroq aniqlab, ularni soniyalar ichida yopuvchi texnologiyalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

OpenAI modeli bilan bog‘liq ushbu tarixiy hodisa sun’iy intellekt xavfsizligi shunchaki nazariy munozara emas, balki real kiberxavfsizlik va milliy xavfsizlik masalasi ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Avtonom agentlarning jadal rivojlanishi ularning ustidan o‘rnatiladigan nazorat, monitoring va xavfsizlik standartlaridan o‘zib ketmasligi kelajak raqamli dunyosining eng ustuvor vazifasiga aylanmoqda.

Теги :
Jamiyat