$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Mahallabay ishlash agentligi tugatildi, 1,5 ming xodim ishsiz qoladimi?

Ishsiz qolgan xodim

Davlat rahbarining 2024-yil 5-oktyabrdagi PQ-347-sonli qaroriga asosan Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tugatiladigan bo‘ldi. Qarorga ko‘ra, ushbu agentlikning shtat birliklari, vazifalari, funksiyalari va mol-mulklari Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ixtiyoriga o‘tkazilmoqda. Xo‘sh , agentlik batamom tugatiladigan bo‘lsa, unda ishlayotgan minglab xodimlarning taqdiri nima bo‘ladi?

Huquqshunos nima deydi?

Ayni masala yuzasidan huquqshunos Saidali Muxtoraliyev fikr bildirdi.

“Ayni paytda agentlikning markaziy apparati, hududiy va tuman bo‘linmalari bilan hisoblasak, bir yarim mingga yaqin xodim bor. Biz bu borada Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligini o‘z funksiyasi va pozitsiyasiga munosib yo‘l tutishga chaqiramiz. Ya’ni, Prezident qarorida agentlikning shtat birliklari, qolaversa, agentlikning vazifa va funksiyalari ham vazirlikka o‘tishini hisobga olsak, xodimlarning umumiy vazifalarida aytarli o‘zgarish bo‘lmaydi.Shunday ekan, vazirlik agentlik xodimlarining ommaviy bo‘shatilishiga va ularning ko‘chada qolishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Vazirlikka o‘tayotgan shtat birliklari va lavozimlarga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha agentlik xodimlarining o‘zlarini tayinlash hamda bu orqali 1 500 nafar xodimni ishda olib qolish eng to‘g‘ri yo‘ldir.”

O‘zi bu qanday agentlik?

Ma’lumot uchun, Mahallabay ishlash agentligi 2021-yilda tashkil etilgan. Respublikada tadbirkorlikni va mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish borasida yagona davlat siyosatini yuritish, mahallabay ishlashning vertikal tizimi asosida aholining daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va o‘qitish hamda o‘zini o‘zi band qilish faoliyatiga yo‘naltirish, vakolatli davlat organlari va tashkilotlari hamda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish agentlikning asosiy vazifalari etib belgilangan edi.