$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Kelajak energiyasi: Oʻzbekiston va Rossiya AES loyihasidan qanday foyda koʻradi?

AES

Bugungi kunda energetika xavfsizligi davlatlarning energiya mustaqilligi va barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlovchi asosiy omilga aylandi. Aholi soni 38 milliondan oshgan va sanoati shiddat bilan rivojlanayotgan Oʻzbekistonda elektr energiyasiga boʻlgan talab yiliga oʻrtacha 6-7 foizga ortib bormoqda. Ushbu ehtiyojlarni qondirish va uglerod neytralligiga erishish yoʻlida mamlakat AES qurilishini boshlab, juda muhim strategik qadam tashladi.

Rossiyaning “Rosatom” korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha nafaqat Markaziy Osiyo, balki global atom sanoati uchun ham oʻziga xos pretsedent hisoblanadi. Xoʻsh, bu loyihani amalga oshirish uchun nega aynan Rossiya tanlandi va bu yirik loyihadan tomonlar qanday foyda koʻradi?

Yangi konfiguratsiya: Dunyoda ilk gibrid AES

Loyiha dastlab rejalashtirilganidan koʻra mukammalroq va gibrid koʻrinishga keltirildi. Ushbu yondashuv mamlakat energetika tizimiga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:

  • Tasdiqlangan rejalarga koʻra, stansiya tarkibidan yirik quvvatli va kichik modulli reaktorlar bloklari joy oladi.
  • Toʻliq quvvat bilan ishlaganda AES yiliga 15.4 milliarddan 17.2 milliard kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqaradi.
  • Bu miqdor mamlakat umumiy isteʼmolining deyarli 15 foizini qoplaydi.

Ayni vaqtda bu quvvat Toshkent, Samarqand va Buxoro kabi uchta yirik shahar va sanoat markazlarining ehtiyojini toʻliq taʼminlashga yetarlidir.

Nega aynan Rossiya texnologiyalari tanlandi?

Oʻzbekiston hamkor tanlashda bir nechta jiddiy texnologik va iqtisodiy mezonlarga tayandi. Avvalo, “Rosatom” taklif qilayotgan VVER va RITM-200 reaktorlari Rossiyaning atom stansiyalarida uzoq yillardan buyon xavfsiz ishlab kelmoqda. Bu qurilmalar quruqlik sharoitiga moslashtirilgan va MAGATE standartlariga toʻliq javob beradigan dunyodagi eng ilgʻor hamda litsenziyalangan tizimlardan biridir. 

Shuningdek, Atom sanoati faqat obyekt qurish bilan cheklanmasdan, uzoq yillik yoqilgʻi (uran) taʼminoti va mutaxassislar tayyorlashni ham talab qiladi. Toshkentda MIFI milliy tadqiqot yadro universiteti filialining ochilishi va oʻzbekistonlik yosh muhandislarning aynan shu texnologiyalarda oʻqitilayotgani bunga misol bo’la oladi.

Bundan tashqari, Tanlangan Forish tumani maydoni xalqaro ekspertlar ishtirokida uzoq vaqt tekshirildi va uning faol tektonik yoriqlardan yiroqda joylashgani tasdiqlandi.

Foydaning qanchasi Oʻzbekistonga?

Jamoatchilikda eng koʻp muhokama qilinadigan mavzu loyiha daromadlarining taqsimlanishidir. Rasmiy raqamlar va iqtisodiy tahlillar bu yerda har ikki tomon uchun ham aniq manfaatlar borligini koʻrsatmoqda. 

“Oʻzatom” agentligi maʼlumotlariga koʻra, stansiyaning kichik modulli qismi (taxminan 1 milliard dollar) toʻliq Oʻzbekiston davlat budjetidan moliyalashtirilmoqda. Kichik modulli qismni to'liq mamlakat budjetidan moliyalashtirish strategik jihatdan muhim qarordir.

Hozirga qadar Rossiyaning O’zbekiston atom stansiyasiyasi uchun hissador bo’lish-bo’lmasligi haqidagi keng muhokamalar yakunlangani yoʻq. Shunga qaramay, AES Oʻzbekistonning toʻliq milliy mulki boʻladi va undan olinadigan barcha sof foyda mamlakat ichida qoladi. Va yana bir muhim jihat shuki, AES yiliga milliardlab kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Bugungi kunda elektr olish uchun yoqilayotgan bu gaz kimyo sanoatida yuqori qiymatli mahsulotga aylantiriladi yoki eksport qilinadi.

Shu bilan birga, qurilish materiallari, metallokonstruksiyalar va xizmat koʻrsatishning katta qismi mahalliy korxonalarga yuklatilgan. Bu iqtisodiy yondashuv Jizzax viloyatida yirik infratuzilma klasteri va minglab yuqori maoshli ish oʻrinlari yaratilishiga imkon beradi.

Rossiyaning ulushi: Sanoat buyurtmalari va multiplikativ samara

“Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov Rossiya ushbu loyihadan qanday manfaatdorligini ochiq eʼlon qilgan:

Bu loyiha Rossiya iqtisodiyoti uchun yirik eksport shartnomasi hisoblanadi.

Loyiha mamlakatning mashinasozlik, metallurgiya va yuqori texnologiyalar sohasidagi davlat va xususiy korxonalari uchun qariyb 22-24 milliard dollar miqdoridagi yirik buyurtmalar paketini taʼminlaydi.

Rossiya iqtisodiyotiga kiritilgan har 1 rubl qurilish davrida 1.5 rubl, stansiya ishlash davrida esa (texnik xizmat koʻrsatish va yadro yoqilgʻisi yetkazib berish hisobiga) 2 rublgacha multiplikativ daromad olib keladi.

Bu jarayon Rossiyaning oʻzida ham 1000 ga yaqin yuqori texnologik ish oʻrinlarini saqlab qolishga yordam beradi.

Oʻzbekistondagi gibrid AES loyihasi ikki davlat oʻrtasidagi pragmatik va oʻzaro manfaatli (Win-Win) iqtisodiy hamkorlikning yorqin namunasidir. Bir tomondan, Rossiya atom sanoati jahon bozorida oʻz yetakchiligini mustahkamlab, milliardlab dollarlik yirik texnologik buyurtmalarga ega boʻlmoqda. Boshqa tomondan, Oʻzbekiston oʻz investitsiyalari evaziga kelajakdagi energiya inqirozidan kafolatli qalqon, tejalgan tabiiy resurslar va eng muhimi – mamlakat hududida ishlab turadigan, oʻziga tegishli boʻlgan ulkan va barqaror energiya manbasini qoʻlga kiritmoqda.


Теги :
Jamiyat