$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

“Activist” loyihasi butunlay tugatildi

Activist

Do‘konlarda savdo qoidalariga rioya etilishini nazorat qilib, bu boradagi videolari bilan tanilgan va xalqning iste’mol madaniyatini shakllantirishga xizmat qiluvchi “Activist” loyihasi tugatildi. Bu haqda uning muallifi Hojiakbar Nosirov ma’lum qildi.

So‘nggi xulosalar 

“Loyiha o‘z faoliyatini butunlay yakunladi. Yaqin orada intervyu orqali buning sabablarini to‘liqroq yoritib beraman. Guvohi bo‘lganingizdek, juda ham ko‘p tuhmat va bosimlarga uchrashimga to‘g‘ri keldi. Hattoki, oilam bilan bo‘lgan tahdidlarga qaramasdan bu yo‘lda davom etdim. Chunki sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz va o‘z maqsadimga erishmaguncha bo‘lgan motivatsiya judayam kuchli dalda berardi. Endi-chi? Endi nima o‘zgardi degan savolga javobim: O‘zbekistondagi barcha katta supermarketlar va ulardan tashqari judayam ko‘p kichkina marketlardagi katta o‘zgarishlar sababchisi bo‘ldik. Hozir har qanday do‘konga kirgan va bizni kuzatgan inson sotib olayotgan narsasiga bitta nazar tashlashni boshladi. Va bu bizning eng katta yutug‘imiz deb bemalol aytish mumkin”, – deydi bloger.

Yangi loyiha

Hojiakbar Nosirovning ma’lum qilishicha, kelgusida “Activist”ning o‘rniga 6 xil ko‘rinishdagi yangi loyihalar ishga tushirilishi reja qilingan. “Loyiham eski loyihamga qaraganda insonlarga yuz baravar ko‘proq foyda berishiga ishonaman va unga erishish uchun eski loyihadan to‘liq voz kechishni to‘g‘ri deb hisobladim. 2 yillik faoliyatim davomida kimdirning ko‘ngliga bilib-bilmay ozor berib qo‘ygan bo‘lsam, chin dildan uzr so‘rayman”, – deydi u.

Ma’lumot uchun, avvalroq Hojiakbar Nosirov ayrim yogurtlar harom ekanini aytib chiqqani uchun 15 sutkaga qamalgandi. U “diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallar tarqatish” va “ichki ishlar xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”da ayblangan.