$
 12670.05
37.83
 13560.75
82.17
 138.00
3.61
weather
+26
Кечаси   +14°

"Tor ko‘ngulluk beklar": Samarqand prokurorlariga "xalq hamyoni"dan 445 mln. so‘mga "ayfon"lar xarid qilingan

Chinovnik

Bir qator davlat idoralari va byudjet tashkilotlari tomonidan qimmatbaho rusumdagi smartfonlar xarid qilingan va ularning ba’zilari xarid qilinish jarayonida ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Samarqand beklari endi qimmatbaho rusumdagi smartfonlar ishlatishadi

Samarqand prokurorlari uchun qariyb yarim milliard so‘mga «ayfon»lar sotib olingani aniqlandi. 2023-yil 28-dekabr kuni Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan 420 mln. so‘mga 21 dona iPhone 14 Pro Max 1TB smartfonlari va 25,3 mln. so‘mga ayni shu modeldagi smartfondan yana bir dona xarid qilingani ma’lum bo‘ldi. Qiziqarlisi, Majburi ijro buyrosining saytidan tekshirib ko‘rilganda, Samarqand viloyati prokuraturasining umumiy qarzdorligi 10 mlrd. 505 mln. so‘mni tashkil etishi ma’lum bo‘ladi. Deyarli barcha ijro hujjatlarini mazmuni «jinoyat natijasida yetkazilgan zarar»ni undirish bilan bog‘liq.

Shifokorlar ham qolishmaydi

Qayd etilishicha, Samarqand prokurorlari bu borada yolg‘iz emas. Ro‘yxatda bir qator davlat idoralari va byudjet tashkilotlari tomonidan qimmatbaho rusumdagi smartfonlar xarid qilinganligi yoki xarid qilinish jarayonida ekanligini ko‘rish mumkin. Masalan, Dehqonobod tumani tibbiyot birlashmasi 14,4 mln. so‘mga bir dona Apple iPhone 14 Pro Max 256GB, Qashqadaryo viloyati ko‘z kasalliklari shifoxonasi 24,7 mln. so‘mga ikki dona Galaxy S23 Ultra 512 GB xarid qilgan.

"Ayfon" vasvasasi

Shuningdek, ro‘yxatni davom ettiradigan bo‘lsak, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi 10 mln. so‘mga bir dona Galaxy S22 Ultra 256GB, 19,8 mln. so‘mga yana ikki dona Galaxy S22 Ultra 256GB va 15,8 mln. so‘mga iPhone 15 Pro 256GB Natural titanium , «Ma’naviyat va ma’rifat» markazining Toshkent viloyati bo‘limi 51 mlnyu so‘mga ikki dona iPhone 15 Pro Max 1TB, Xorazm viloyati hokimligi Yoshlar daftari jamg‘armasidan 16,9 mln. so‘mga bir dona iPhone 15 Pro Max 256GB, Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti (Surxondaryo) 30,6 mln so‘mga ikki dona iPhone 15 Pro Max 256GB xarid qilgani va xarid qilish jarayonida ekanligini ko‘rishimiz mumkin. 

Kishi yuqoridagi kabi masalalarga duch kelar ekan. O'z-o'zidan uning xayoliga Turdi Farog'iyning "Tor ko‘ngulluk beklar" she'ri keladi. Uning dastlabki fardi quyidagicha:

Tor ko‘ngulluk beklar, man-man damang, kenglik qiling,

To‘qson ikki bovli o‘zbak yurtidur, tenglik qiling.