$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Mas’uliyatsizlikmi yoki erkinlik? Nega bugungi yoshlar “9 dan 6 gacha” ishlashni xohlamaydi?

offis ish

Bugungi mehnat bozorida juda qiziq qarama-qarshilik yuzaga kelgan: kompaniyalar hamon xodimlarni ertalab 9:00 dan kechki 18:00 gacha ofis kursisida ko‘rishni istaydi. Ammo ishchi kuchining eng faol qismi bo‘lgan Z avlodi — zumerlar — bu tizimni ochiqchasiga rad etyapti. Ayniqsa kreativ sohalarda: marketing, dizayn, SMM, kontent, video ishlab chiqarish, dasturlash va IT’da “full-time ofis” modeli tobora eskirayotgandek ko‘rinmoqda.

Ko‘plab ish beruvchilar buni “yoshlarda mas’uliyat yo‘q” deb izohlasa, zumerlarning o‘zi boshqa narsani aytmoqda: “Biz vaqt emas, natija sotamiz”.

Savol tug‘iladi: bu shunchaki yoshlarning injiqligimi yoki mehnat iqtisodiyotining yangi bosqichimi?

Nega ijodkorlar an’anaviy grafik ichiga sig‘maydi?

Asosiy muammo — kreativ mehnatning tabiatida. 8 soatlik ish kuni sanoat inqilobi davrida paydo bo‘lgan. Zavodlarda odam qancha vaqt ishlasa, shuncha mahsulot chiqardi. Ya’ni tizim jismoniy mehnat uchun qurilgan edi. Ammo kreativ iqtisodiyotda asosiy mahsulot — bu g‘oya. G‘oya esa “9:15 dan 11:40 gacha keladi” degan qoidaga bo‘ysunmaydi.

World Economic Forum tadqiqotlariga ko‘ra, zamonaviy iqtisodiyotdagi eng qimmat ko‘nikmalar — analytical and creative thinking, ya’ni tahliliy va ijodiy fikrlashdir. Muammo shundaki, kreativ fikrlashni turniket orqali nazorat qilib bo‘lmaydi.

Zumerlar aynan shu joyda eski tizim bilan to‘qnash kelmoqda. Ular ofisdagi ko‘plab jarayonlarni samarasiz deb hisoblaydi: cheksiz uchrashuvlar, “online bo‘lib tur” madaniyati, shunchaki ko‘rinish uchun o‘tirish…

Ko‘pchilik yoshlar uchun eng katta savol shu: “Agar ishni 3 soatda tugatsam, nega yana 5 soat ofisda o‘tirishim kerak?”

“Band bo‘lib ko‘rinish” davri tugayaptimi?

Avvallari ish joyida kechgacha qolish “mehnatkashlik” belgisi edi. Hozir esa ko‘p yoshlar buni noto‘g‘ri time-management deb ko‘radi.

Ofisda ishlaganimda kunimning yarmi yigʻilishlar bilan o‘tardi. Real ishni esa kechqurun uyga kelib qilardim. Hozir onlayn ishlayman. Vazifamni vaqtida topshiraman. Qolgan vaqtimni kurslarga va freelance’ga sarflayapman, deydi 23 yoshli grafik dizayner Kamronbek Hamroqulov.

Bu qarash bugun faqat O‘zbekistonda emas. Dunyo bo‘ylab yosh mutaxassislar “busy culture”, ya’ni doim band bo‘lib ko‘rinish madaniyatidan charchagan. TikTok va LinkedIn’da hatto “fake productivity” degan trend paydo bo‘lgan — odamlar ofisda ishlayotgandek ko‘rinadi, lekin real samaradorlik past.

Masofaviy ish nega zumerlar uchun ideal formatga aylandi?

Ko‘plab rahbarlar onlayn ishlash istagini dangasalik deb o‘ylaydi. Ammo real sabab boshqacha — iqtisodiy manfaat.

ZipDo statistikalariga ko‘ra, Z avlodining qariyb yarmi ish tanlashda onlayn formatni asosiy mezon deb hisoblaydi. Buning ortida juda pragmatik sabablar bor:

1. Lokal bozorga “qamalmay qolish”. Oldin Toshkentdagi dizayner faqat Toshkentdagi maosh bilan cheklanardi. Hozir esa u Upwork, Fiverr yoki Telegram orqali xorijiy mijozlarga ishlashi mumkin.

“Bir paytning o‘zida ikkita mahalliy loyiha va bitta Turkiya brendi bilan ishlayman. Agar har kuni ofisga qatnasam, bunga vaqt ham, energiya ham yetmaydi”, - deydi 24 yoshli SMM mutaxassisi Mohira Azizova.

Darhaqiqat, internet zumerlar uchun ish bozorini global qilib yubordi. Endi ular nafaqat mahalliy kompaniyalar, balki butun dunyo bilan raqobatlashmoqda.

2. Energiya iqtisodiyoti. Tirbandlik, yo‘l, transport xarajati, ertalabki stress — bularning barchasi kreativ odamning energiyasini yeb qo‘yadi. Ko‘pchilik yoshlar uchun onlayn ish shunchaki “qulaylik” emas, bu resurslarni tejash. Bir soatlik tirbandlikda qolish o‘rniga sport bilan shugʻullanish, portfolio ustida ishlash, yangi AI instrumentlarini o‘rganish, qo‘shimcha freelance olish mumkin.

Nega zumerlar barqarorlikdan ko‘ra erkinlikni tanlayapti?

Katta avlod uchun doimiy ish, mehnat daftarchasi, har oyning 1-sanasidagi oylik— hayotdagi asosiy xavfsizlik edi.

Zumerlar esa boshqacha davrda ulg‘aydi: pandemiya, iqtisodiy krizislar, AI revolyutsiyasi, tez o‘zgarayotgan texnologiyalar. Shuning uchun ular “bir joyda 20 yil ishlash” modeliga ishonmaydi.

Deloitte tadqiqotlari ko‘rsatishicha, Z avlodi uchun ruhiy salomatlik, ish–hayot balansi, moslashuvchan grafik lavozim va statusdan muhimroq.

Bugungi yoshlar orasida “burnout” juda erta boshlanmoqda. 22–25 yoshdagi mutaxassislarning o‘ziyoq: “Men charchadim”,“hech narsaga motivatsiya yo‘q”, deya boshlayapti. Shu sababli ular “Gig iqtisodiyoti”ni tanlamoqda — ya’ni loyiha asosida ishlash. Bir loyiha tugaydi → pul olinadi → keyingi loyiha boshlanadi. Bu model yoshlar uchun ko‘proq erkinlik, tezroq o‘sish, ko‘proq daromad, yangi tajriba beradi.

AI davrida ish bozori yanada o‘zgaradi

Sun’iy intellekt rivojlanayotgani sari oddiy, takrorlanuvchi ishlarning qiymati pasaymoqda. Ammo kreativlik, g‘oya topish, storytelling va original fikrlashning qiymati oshmoqda.

Qizig‘i shundaki, aynan shu ko‘nikmalarni qattiq ofis rejimida ushlab turish qiyin. Bugungi kreativ mutaxassis bir vaqtning o‘zida kopirayter, montajchi, prompt injiner, marketolog, AI operator bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham eski “bitta stol — bitta ish — bitta grafik” modeli yemirilmoqda.

Ish beruvchilar nima qilishi kerak?

Bugungi bozorda qoidalarni endi faqat ish beruvchilar belgilamayapti. Kuchli kreativ mutaxassislar tanlov imkoniyatiga ega.

Agar kompaniyalar yosh kadrlarni ushlab qolmoqchi bo‘lsa mikromenejmentni kamaytirishi, moslashuvchan grafik berishi, onlayn formatni qisman bo‘lsa ham qabul qilishi, natijani vaqt bilan emas, sifat bilan o‘lchashi kerak bo‘ladi.

Aks holda eng yaxshi kadrlar ofisdan emas, internet orqali ishlaydigan global bozorga ketadi. Chunki zumerlar uchun ish — shunchaki “bir joyda o‘tirish” emas. Bu erkinlik, o‘sish, tajriba va eng muhimi — hayot sifatining bir qismi.

Теги :
Jamiyat