$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston zilzilaga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini kuchaytiradi

Zilzila

Shavkat Mirziyoyev 17-aprel kuni "Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, qurilishda davlat nazorati sifatini kuchaytirish, aholini zilzilaga tayyorlash va yangi ko‘p qavatli binolarni aktiv seysmik himoyalash rejalashtirilgan.

Zilzilalar soni ortib bormoqda

Qayd etilishicha, «so‘nggi yillarda dunyoda aholi hayoti va mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi zilzilalar soni ortib bormoqda». Shu bois «seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini doimiy takomillashtirib borish doirasida mavjud va qurilayotgan bino-inshootlarning seysmik mustahkamligini ta’minlash, zilzilani prognozlash, monitoring qilish hamda unga tayyorgarlik ko‘rishda davlat organlari va tashkilotlarining o‘zaro aloqalarini kuchaytirish muhim». 

Ko‘p qavatli binolarni aktiv seysmik himoyalash 

Shuningdek, 1-iyundan boshlab seysmik faol zonalarda MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi reja qilingan. Bundan tashqari, 1-iyuldan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obyektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy bo‘ladi.

Gaz va elektr tarmoqlarini avtomatik bloklash va yangi eksperiment

1-iyundan yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etiladi. 1-iyulga qadar texnik holati qoniqarsiz deb topilgan mavjud bino va inshootlarni «kompensatsion inyeksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish» uslubi orqali qayta tiklash ishlari eksperiment tariqasida amalga oshiriladi.

Zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash va volontyorlik guruhlari

1-iyundan O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan zilzilalar monitoringi, ularning ilmiy tahlili va faol tektonik yer yoriqlarining harakatlari orqali yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 1-maydan boshlab O‘zbekistonning har bir hududida kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontyorlik guruhlari tuzila boshlaydi.