$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Odam mashinani borib uryaptimi yo mashina odamni?

Zebra

Bugun Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamkorligida yo‘llardagi vaziyat muhokama qilinib, turlicha takliflar ishlab chiqildi. 

Qo‘rqinchli raqamlar

Muloqotda ma’lum qilinishicha, joriy yilning 6 oyi davomida respublikadagi umumiy yo‘l-transport hodisalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim bilan bog‘liq hodisalar 1,1 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 9,2 foizga kamayishiga erishilgani, biroq, yo‘l-transport hodisalari va ular oqibatida halok bo‘layotganlar soni hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda. Shuningdek, 2024-yilning birinchi yarmida mamlakat bo‘yicha qonuniy ravishda o‘qib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan 10 mln. 200 mingdan ortiq qoidabuzarlik sodir etilgan. 2023-yilda transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxslar, ruxsatnomasi bo‘lmay turib yana qaytadan rulga o‘tirgan. Natijada ular tomonidan 707 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va buning oqibatda 212 nafar shaxs bu dunyodan ko‘z yumgan. 546 nafar shaxs esa turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. 

Piyodalar bilan bog‘liq YTXlar qanday sabablarga ko‘ra yuz bermoqda?

Yo‘l-transport hodisalarini raqamlar misolida tahlil qilinsa, haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lganlar umumiy haydovchilarning 0,3 foizini tashkil etgan. Ular tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari jami yuz bergan avariyalarning 11 foizini tashkil etadi. Qiziqarlisi, YTXning 58,5 foizi piyodalar ishtirokida sodir etilgan. Xo‘sh, piyodalar bilan bog‘liq YTXlar qanday sabablarga ko‘ra yuz bermoqda? Bu savolga senator YTXlar vaqtida tahlil qilinmayotgani, aholi gavjum joylarda, ayniqsa bozorlarda piyodalar o‘tish joyida svetoforlar qo‘yilmayotganligi, hokimliklar, mahalliy Kengashlar tomonidan zarur choralar ko‘rmayotganligi, shu bilan birga aholining yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzishi oqibatida yuz berayotgani, deya o‘z fikrlarini bildiradi. 

"Peshexod"lardagi YTXlar tahlili

Tahlillarga ko‘ra, piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 20 foizi piyodalar o‘tish joylari tashkil etilmaganligi oqibatida, 19 foizi esa piyodalar o‘tish joyi mavjud bo‘lsa-da, piyodalar tomonidan ongli ravishda yo‘l harakati qoidalariga bo‘ysunmasdan yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tishlari oqibatida sodir bo‘lgan. Shuningdek, piyodalar ishtirokidagi hodisalarning 13 foizi haydovchilarning tartibga solingan piyodalar o‘tish joyida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga qaramay harakatlanishi, 16 foizi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida haydovchilarning piyodalarga yo‘l bermasligi oqibatida kelib chiqqan.

G‘alati taklif

Yuqoridagi holatlarni oldini olish maqsadida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi va Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamkorligida ba’zi takliflar ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Takliflarga razm solar ekanmiz, negadir ularning aksari piyodaga shikast yetkazayotgan yo o‘ldirib qo‘yayotgan haydovchilarga emas, piyodalarni o‘zini tarbiyalashga qaratilganiga guvoh bo‘lamiz. Umuman olganda, O‘zbekistonning butun aholisi aslida piyoda, to‘g‘ri. Biroq ma’lum vaqt va vaziyatga ko‘ra o‘rinlar almashadi. Masalan, takliflardan birida bolalar ishtirokida sodir bo‘layotgan yo‘l transport hodisalarini oldini olish maqsadida umumta’lim maktablarida “Yo‘l harakati xavfsizligi” (Hayotiy faoliyat xavfsizligi) fanini majburiy joriy etish keltiriladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nima uchun chora bolalarga nisbatan ongi yetilgan va uzoqni ko‘ra oladigan haydovchilarga emas, bolalarga qo‘llanilyapti? Effektivlik qay birida yuqori bo‘lardi? Buning o‘rniga ushbu hududning ma’lum radiusida tezlikni yanada pastlatish, kamera va radarlarni ko‘paytirish va jazo turlarini og‘irlashtirish mumkin emasmidi? Bu taklif bolalarning kelajakda haydovchiga aylanishini hisobga olib, uzoq muddatni ko‘zlab qilinmoqda, degan gapga ishonish mushkul, axir.  

Bolalar uchun sharoit yaratish

Yana ikki taklif ham piyodalarni tarbiyalashga qaratilgan. Mahalliy hokimliklar tomonidan istirohat bog‘lari hududlarida yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha barcha sharoitlar yaratilgan maydonchalarni barpo etish, bunda bolalarga yo‘l harakati xavfsizligi asoslarini amaliy hamda ko‘rgazmali tarzda o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish. Umumta’lim maktablarida “Yo‘l harakati qoidalarini” o‘rgatishga hududlardagi Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, “Avtomotohavaskorlar” ko‘ngilli jamiyati, “Transkasb” korxonalar uyushmasi avtomaktab o‘qituvchilarini jalb etish orqali o‘qitishni va pedagogika universitetlarida “Yo‘l harakati qoidalari”ni o‘rgatish bo‘yicha pedagog kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yish.

Teskari yurish: Yo‘llardagi ustuvorlik mashinalarga qo‘sh-qo‘llab topshiriladimi?

Eng e’tiborimizni tortgani mana bunisi bo‘ldi. Piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida yangi qurilayotgan va loyihalashtirilayotgan avtomobil yo‘llarida harakat qatnov qismida kesib o‘tuvchi piyodalar o‘tish joylari tashkil etishga yo‘l qo‘ymaslik, mazkur obyektlarni yo‘l o‘tkazgich, yer osti yoki yer usti piyodalar o‘tish joyi shaklida tashkil etish. Qanday qilib? Bu xato ekanligi urbanist, arxitektorlar tomonidan tinmay aytib kelinayotgandi-ku? G‘irt teskari yurish emasmi bu? O‘zi amalda mavjud yer osti yoki yer usti piyodalar o‘tish joylarida na eskalator, na lift ishlaydi. Bularning soni yuqoridagi taklif amalga kirsa, karrasiga ko‘payadi-ku. Bu taklif orqali ko‘chalar, yo‘llar odamlar uchun emas, mashinalar uchun ekanligi yaqqol tasdiqlandi(mi?).

Sog‘lom takliflar

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, takliflar orasida normal va nisbatan sog‘lomlari ham mavjud. Masalan, amaldagi qonunchilikka haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lgan, biroq yana yo‘l transport hodisasini sodir etgan shaxslarning mas’uliyatini va javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish masalasini ko‘rib chiqish masalasi. Xalqaro avtomobil yo‘llari yoqasida joylashgan 214 ta va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari yoqasida joylashgan 1064 ta maktab oldida qoidabuzarliklarni aniqlovchi foto-video qurilmalarni o‘rnatish.