$
 12210.71
15.21
 14036.21
-13.01
 150.36
0.65
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda oltin vasvasasi: O‘tgan yili Markaziy bankdan oldingi to‘rt yillikdan ko‘ra ko‘proq oltin sotib olingan

Oltin

So‘nggi besh yil ichida O‘zbekiston moliya bozorida oltin quymalari savdosi misli ko‘rilmagan darajada faollashdi. 2020-yilning noyabr oyidan 2025-yil yakuniga qadar tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarga jami og‘irligi 1,2 tonnaga teng bo‘lgan 65 150 dona o‘lchovli oltin quymalar realizatsiya qilindi.

Kichik hajm — yuqori talab

Markaziy bankning 2025-yilgi bozor sharhiga ko‘ra, iste’molchilar orasida asosan ixcham o‘lchamdagi aktivlarga talab yuqori. Sotilgan jami quymalarning 60 foizdan ortig‘i 5 va 10 grammlik quymalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu holat aholining oltinni nafaqat yirik sarmoya, balki kundalik jamg‘arma vositasi sifatida ko‘rayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, oltinning likvidliligi ham ta’minlanmoqda. 2020-2025 yillar oralig‘ida banklar aholidan 201 kg og‘irlikdagi 11 828 dona quymani qayta sotib olishgan. Qaytarib sotib olish amaliyotida ham aynan 5 va 10 grammlik kichik quymalar yetakchilik qilmoqda (jami hajmlarning 65 foizi).

19 ta bank va 170 ta shoxobcha

Oltin savdosi bilan shug‘ullanuvchi muassasalar tarmog‘i ham sezilarli darajada kengaydi. Hukumatning 2020-yil 30-iyundagi 412-sonli qarori bilan tartibga solinadigan ushbu bozor ishtirokchilari soni o‘tgan davrda 12 tadan 19 taga yetdi. Xizmat ko‘rsatish nuqtalari (shoxobchalar) esa qariyb besh baravarga ko‘payib, 34 tadan 170 taga oshdi, bu esa aholi uchun oltin sotib olish va sotish imkoniyatlarini yanada osonlashtirdi.

“Shiddatli” o‘sish

Ayniqsa, oxirgi ikki yillikda oltin quymalariga bo‘lgan qiziqish portlash nuqtasiga keldi. 2024-yilda talab avvalgi yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan uch baravar oshib, 236 kg.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu raqam 8 baravarga o‘sdi va 661 kgga yetdi.

Bunday keskin o‘sishning asosiy sababi jahon bozoridagi narxlar konyunkturasidir. 2025-yil oltin uchun “zamin yili” bo‘ldi. Narxlar bir necha bor tarixiy maksimumlarni yangilab, yil davomida 70 foizdan ziyod qimmatlashdi. Natijada oltin quymalarining daromadliligi an’anaviy bank depozitlari va boshqa moliyaviy instrumentlarni ortda qoldirdi.

Oltin hamisha ham o‘smaydi

Shu bilan birga, regulyator investorlarni ehtiyotkorlikka chorlamoqda. Markaziy bank mutaxassislarining ta’kidlashicha, oltin narxining so‘nggi uch yildagi o‘sishi ko‘proq geosiyosiy taranglik va makroiqtisodiy beqarorlik bilan bog‘liq.

Bank omonatlaridan farqli o‘laroq, oltinning kelgusidagi daromadliligi kafolatlanmagan. Oltin narxi o‘zgaruvchan (volatil) bo‘lib, uzoq muddatda sezilarli pasayish davrlarini ham boshdan kechirishi mumkin. Masalan, narxlarning keskin tebranishini joriy yil mart oyidagi holatda ham ko‘rish mumkin. 2026-yilning 3-mart kuni 100 grammlik oltin quyma 217,3 mln so‘mga baholangan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i bir necha hafta o‘tib, 27-martga kelib uning narxi 179 mln so‘mgacha arzonlashdi.

Теги :
Jamiyat