$
 11934.64
-14.39
 13896.69
-25.12
 164.14
-2.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Yozda eng koʻp uchraydigan kasalliklar qaysi?

cancer bemor saraton

Mana yoz mavsumi ham boshlandi. Oldimizda yana qaynoq haroratli 90 kun bor. Mana shunday kontinental va issiq iqlim sharoiti salomatlik uchun o‘ziga xos qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Biz yoz oylarida eng ko‘p uchraydigan va faollashadigan kasalliklar va ularga qarshi chora-tadbirlarni bir joyga jamladik.

O‘tkir ichak infeksiyalari va ovqatdan zaharlanish. Yoz mavsumida hil-hil pishgan meva-sabzavotlar, salqin shirinliklar va ovqatlar sevimli hamrohimizga aylanadi. Ammo, meva va sabzavotlar tez pishib yetishtirish uchun dorilangan bo‘lishi mumkin. Shunday paytda mevalarni saralab olishda e’tiborli bo‘lish va qaynatilgan suvda yuvib tozalash foydadan holi bo‘lmaydi. Bundan tashqari, ovqat va mahsulotlar issiq havo ta’sirida tez buzilishi va aynishini inobatga olgan holda yangi mahsulotlarni iste’mol qilish muhim.

Gipertermiya – quyosh va issiq urishi. Jazirama quyoshi ostida uzoq vaqt qolib ketish tana haroratining keskin ko‘tarilib ketishiga va termoregulyatsiya (tananing o‘zini sovitish) tizimining buzilishiga olib keladi. Buning natijasida odamda bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va hatto, hushdan ketish kuzatilishi mumkin.

Tana o‘zini terlash orqali sovitib boradi. Agar organizmda yetarli miqdorda suyuqlik bo‘lmasa bu tizim zararlanishi mumkin. Suv balansini yaxshi ushlash uchun kun davomida 1,5-2 litr miqdorida gazlanmagan suv ichib yurish va gazli hamda energetik ichimliklarni cheklash kerak. Sababi bunday ichimliklar tananing suvsizlanishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari kiyinishga e’tiborli bo‘lish, havo o‘tkazuvchi matolardan tikilgan kiyimlar kiyish, bosh kiyim va ko‘zoynak ham foydadan holi bo‘lmaydi. Ovqatlanish ratsionida qovurilgan va yog‘li o‘tkir taomlarni kamaytirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Yurak-qon tomirlari kasalliklarining qo‘zg‘alishi. Anomal issiqlar surunkali kasalliklari bor insonlar, ayniqsa, keksalar uchun jiddiy yuklama bo‘ladi. Ko‘p terlash natijasida organizm ko‘p miqdorda suv va muhim minerallarni (kaliy, magniy) yo‘qotadi. Qon quyuqlashadi, bu esa arterial qon bosimining oshishiga (gipertonik kriz), insult va infarkt xavfining ortishiga sabab bo‘ladi. Bularni oldini olish uchun suv balansini ushlash, kaliy va magniyga boy oziq-ovqatlarni ko‘proq iste’mol qilish va jismoniy faollikni cheklash kerak.

“Konditsioner kasalliklari” va LOR a’zolari muammolari. Transport harakati aktiv shaharlarda harorat ancha issiq bo‘ladi. Bunday sharoitda konditsioner asosiy „najotkor“ga aylanadi. Lekin, undan tinimsiz va noto‘g‘ri foydalanish LOR a’zolari – burun, tomoq, quloq va nafas olish a’zolarining faoliyatiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi. Eng ko‘p qilinadigan xato – ko‘chadan jazirama issiqdan kirib, konditsionerni birdaniga eng past (+16... +18°C) haroratga qo‘yishdir. Tashqaridagi va ichkaridagi harorat farqi juda katta bo‘lsa, organizm termoshokni boshdan kechiradi va immunitet keskin tushib ketadi. Xonadagi harorat tashqaridagidan maksimal 5–7 daraja past bo‘lishi kerak. Agar tashqarida +40°C bo‘lsa, xonani dastlab +28°C, keyinroq esa +24... +25°C darajada ushlash eng xavfsiz usuldir.

Bundan tashqari konditsioner parraklari shiftga qarab yoki odam o‘tirmaydigan tomonga yo‘naltirilsa havo oqimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri odamning bosh. Bo‘yin, yelka va ko‘krak qafasiga urmaydi, bu esa qon tomirlarining spazmi va nerv tolalarining yallig‘lanishidan saqlaydi.

Konditsioner ichidagi nam va qorong‘i muhit bakteriyalar, viruslar va mog‘or zamburug‘lari ko‘payishi uchun qulay joy. Ayniqsa, Legionella deb ataladigan xavfli bakteriya konditsioner filtrlarida ko‘payib, og‘ir pnevmoniya va o‘tkir bronxitni keltirib chiqarishi mumkin. Yoz mavsumi boshlanishidan oldin konditsionerni professional tozalattirish va filtrlarga e’tiborli bo‘lish muhimdir.

Konditsioner nafaqat havoni sovitadi, balki uni kuchli darajada quritib yuboradi. Burun shilliq qavati qurib qolganda, uning virus va bakteriyalarni tutib qolish funksiyasi buziladi, bu esa gaymorit va rinit (burun oqishi) rivojlanishiga yo‘l ochadi. Konditsioner ishlayotgan xonada havo namlantirgichlardan foydalanish va burun bo‘shlig‘ini tez-tez namlab turish zarur.

Konditsioner xonadagi havoni aylantirib turganidan kislorod kamayib ketishi mumkin. Bu esa bosh og‘rig‘i, holsizlik va surunkali charchoqqa sabab bo‘ladi. Har 3-4 soatda eshiklarni ochib qo‘yib, 10-15 daqiqaga havo almashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 

 

 


Теги :
Jamiyat