$
 12825.43
-12.9
 13493.63
-4.59
 120.98
1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston har daqiqada 9 kvadrat metr yerini yo‘qotmoqda

Yer degradatsiyasi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Markaziy Osiyoda kuchayib borayotgan yer degradatsiyasi muammosi haqida ogohlantirdi, bu esa mintaqaning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi (UNCCD) ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-yildan 2019-yilgacha 420 million gektar unumdor yer degradatsiyaga uchragan, bu esa Markaziy Osiyodagi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston hududlarining umumiy maydonidan ham kattaroq. 

Muammolar birlashganda

BMTning iqlim bo‘yicha Bokudagi COP-29 sammitida O‘zbekiston muammolari ham qayd etilgan. O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov mamlakatda har daqiqada to‘qqiz kvadrat metr unumdor yer yo‘qolayotgani, bu esa yer degradatsiyasiga duch kelayotgan har qanday davlat uchun katta muammo hisoblanishini ta’kidlagan. O‘zbekistonda suv tejovchi va tuproq monitoringini olib boruvchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha rejani taqdim etar ekan, vazir Aziz Abduhakimov masalaning jadalligini qayd etadi. “Biz tez va qat’iy harakat qilishimiz kerak, aks holda kelajak avlodlar uchun faqat cho‘llarni qoldiramiz,” degan u. Ishtirokchilar tuproq degradatsiyasi muammosini hal qilish uchun ko‘p tomonlama yondashuv kerakligiga kelishib oldilar, ammo qo‘shma harakatlarni rag‘batlantiruvchi aniq tashabbuslar muhokama qilinmagan.

BMTning chaqirig‘i

Bu kabi muammolar nafaqat mahalliy aholi turmush tarziga tahdid soladi, balki iqlim o‘zgarishi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishi kabi kengroq ekologik muammolarga ham hissa qo‘shadi. BMT Markaziy Osiyo davlatlarini barqaror yer boshqaruvi amaliyotlarini joriy etishga va degradatsiyaga uchragan hududlarni tiklashga chaqirmoqda, bu esa qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga va atrof-muhit salomatligiga salbiy ta’sirlarni kamaytirishga yordam beradi. Ushbu inqirozni samarali hal qilish uchun mintaqaviy hamkorlik va xalqaro yordam muhim ahamiyatga ega.

2 million gektardan ortiq yerlarni tiklashi kerak

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida COP16 konferensiyasi doirasida ham yer masalasiga to‘xtalib, O‘zbekiston 2030-yilga qadar 2 million gektardan ortiq degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashi kerak ekanligini aytgan. “Oxirgi 5-yil davomida biz barqaror yer boshqaruvi va o‘rmonlarni barpo etish bo‘yicha tashabbuslarga bir milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratdik. Ushbu sa’y-harakatlarga qaramay, butun dunyo bo‘ylab moliyalashtirishdagi kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Ushbu ambitsiyalarni kengaytirish uchun mustahkam moliyalash mexanizmlari va innovatsion hamkorlik kerak”, degan vazir. 

Xalqaro moliyalashtirishni osonlashtirilishi kerak

Vazir e’tiroficha, degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash va qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish katta moliyaviy resurs talab qiladi. Bu esa ko‘pincha respublika byudjetida ko‘zda tutilgan mablag‘dan oshib ketadi. Vazir bu borada xalqaro moliyalashtirishni osonlashtiradigan mustahkam mexanizm va innovatsion hamkorlik katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab, uzoq muddatli ekologik foyda keltiradigan loyihalar uchun grantlarni ko‘paytirish, yashil obligatsiyalarni kengaytirish, mablag‘lardan foydalanish, ariza berish va tasdiqlash jarayonlarini soddalashtirishni taklif qilgan. Abduhakimov qaydicha, “O‘zbekiston xalqaro moliyalashtirishni samarali boshqarish borasidagi salohiyatini allaqachon namoyon etgan. Bunga xalqaro moliya instituti bilan hamkorlik natijasida Orolbo‘yi mintaqasida o‘rmonzorlarni barpo etish bo‘yicha muvaffaqiyatli loyihalar amalga oshirilib, degradatsiyaga uchragan yerlar insonlar va tabiat uchun foydali ekotizimlarga aylantirilgani misoldir”.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot