$
 12741.02
-16.92
 14062.26
-63.33
 134.38
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda xususiylashtirish: qanday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik kerak

Yuliy Yusupov

O‘zbekistonda keng ko‘lamli xususiylashtirish jarayoni amalga oshirilmoqda: UNG Petro, Humo, Perfectum Mobile, Uzcard, AJ «Foton» va boshqa ko‘plab korxonalar xususiy mulkdorlarga berilgan yoki ularning taqdiri hal etilishini kutmoqda. Bu jarayonlarda qanday xatolarga yo‘l qo‘yildi, ular O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qildi va kelajakda xatolarni qanday chetlab o‘tish mumkin? Bu haqda O‘zbekistonning eng nufuzli iqtisodchilaridan biri Yuliy Yusupov o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

2020-yil 27-oktyabrda prezident “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6096 sonli farmonni imzoladi. Farmonda xususiy tadbirkorlarga va kompaniyalarga sotilishi kerak bo‘lgan korxonalar, obyektlar va davlatga tegishli boshqa aktivlarning kattagina ro‘yxati tasdiqlangan. Boshqacha aytganda, prezident davlat mulkini keng ko‘lamda xususiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

So‘nggi paytlarda ayrim korxonalar va aktivlar mazkur farmonga muvofiq allaqachon sotilgani yoki sotilish jarayonida ekani haqida ommaviy axborot vositalarida ko‘p o‘qiyapmiz. Shu bilan birga, mutaxassislar, jurnalistlar va blogerlar tomonidan xususiylashtirishni amalga oshirish usullari bo‘yicha keskin va xolis tanqidiy fikrlar bildirilmoqda.

Bu vaziyatni tahlil qilishga harakat qilaylik.

Birinchi savol: Nega o‘zi xususiylashtirishga ehtiyoj paydo bo‘ldi?

Birinchi navbatda, mulkka samarali mulkdor paydo bo‘lishi uchun. Bu nima degani? Iqtisodiyot darsligiga nazar tashlasak, mamlakat va uning aholisi farovonlik darajasi cheklangan resurslardan samarali foydalanishga bog‘liqligi haqida yozilgan bo‘ladi: yer, suv, qazilma boyliklar, jismoniy kapital, inson kapitali, moliyaviy va boshqa resurslar. Aynan mana shu resurslardan samarali foydalanish darajasi birinchi navbatda boy va kambag‘al mamlakatlarni ajratadi. Kim o‘z resurslaridan maksimal foyda olishni bilsa, o‘sha mamlakat boy bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, kambag‘al bo‘ladi.

Prezident farmoniga muvofiq xususiylashtirilishi kerak bo‘lgan davlat aktivlari, ya’ni asosan ishlab turgan korxonalar, mamlakatimiz farovonlik darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi juda muhim resurs hisoblanadi.Bu korxonalarda mamlakat aholisining talab va ehtiyojlarini qondirish uchun mahsulot ishlab chiqariladi, xizmatlar yaratiladi. Shu sababli, mazkur mahsulot va xizmatlar sifatli hamda arzon bo‘lishi juda muhim. Ishlab chiqarish jarayonida yangi ish o‘rinlari yaratiladi, ya’ni aholi o‘z tirikchiligi uchun daromad manbaiga ega bo‘ladi. Shuningdek, xususiylashtirishga tegishli korxonalar va ularning ishchilari soliq to‘laydi, ya’ni davlat byudjetiga tushumlar keltiradi. Demak, ushbu resursdan samarali foydalanish juda muhim.

Shu sababli mazkur mulk xususiylashtirilmoqda. Butun dunyoda tan olingan va nazariy jihatdan ham, amaliyotda ham isbotlanganki, korxonalar xususiy shaxslarga tegishli bo‘lganida, ular (kamdan kam istisnolardan tashqari) ko‘proq samarali ishlaydi. Lekin, bitta sharti bor: bu narsa raqobat mavjud bo‘lgandagina ishlaydi. Agar raqobat ta’minlansa, xususiy tadbirkorlar mansabdor shaxslarga nisbatan tijorat kompaniyalarining ishini ancha samarali tashkil qiladi.

Nima uchun? Birinchidan, ular (mansabdorlarga qaraganda) mahsulot tannarxini kamaytirishdan manfaatdor, ya’ni resurslardan samarali foydalanishga intiladi. Axir ularning maqsadi foydani (tushum va tannarx o‘rtasidagi farq) ko‘paytirish bo‘ladi. Qo‘shimchasiga, bu mijozlar ko‘ngliga yo‘l topishni istagan raqobatchilarning ham narxni tushirishiga va mahsulot sifatiga e’tibor berishiga majbur qiladi. Ikkinchidan, xususiy tadbirkorlar (bu safar ham mansabdorlarga qaraganda) o‘z mulkini himoya qilish va uni ko‘paytirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qiziqishadi — chunki bu uning shaxsiy mulki, boyligi, uning merosxo‘rlariga qoladigan merosidir.

O‘zbekistonda esa hanuzgacha, bozor iqtisodiyotiga o‘tish bo‘yicha bir necha o‘n yillik davrlarni bosib o‘tganiga qaramay, mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YAIM) 50% dan ortig‘i xususiy emas, balki davlat korxonalari tomonidan ishlab chiqariladi. Qiyoslash uchun: O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, Singapurda bu ko‘rsatkich 15%, Vetnamda 8%, rivojlangan davlatlarda esa o‘rtacha 20-25% atrofida. Yana bir qiyoslash: kommunistlar tomonidan boshqariladigan Xitoyda ham YAIMning atigi 12% markaziy hukumatga tegishli korxonalar tomonidan ishlab chiqariladi. Demak, xususiylashtirish va uning bilan birga raqobatli bozorlarning yaratilishi O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatini sezilarli darajada oshirishga yordam beradi.

Xususiylashtirishning ikkinchi maqsadi – raqobat muhitini yaratish va qo‘llab-quvvatlash. Raqobat – iqtisodiy rivojlanishning asosiy manbai. Bu aksioma. Yoki amalda ming marta isbotlangan teorema. Kim-kim, o‘zbekistonliklarga, sun’iy yaratilgan monopoliyalar bilan ko‘p yillar davomida to‘qnash kelayotgan insonlarga, bu aksiomani isbotlash shart bo‘lmasa kerak.

Shu bilan birga, davlat sektori iqtisodimizning yuqori darajada monopollashganining asosiy sababidir. Biz avval ham ta’kidlaganimizdek, davlat korxonalarini mansabdor shaxslar samarali boshqarmaydi. Ammo xususiy tadbirkorlardan farqli o‘laroq, mansabdor shaxslar o‘yin qoidalarini o‘zgartirishi yoki ma’muriy imkoniyatlaridan foydalanish orqali samarasiz korxonalarni saqlab qolishlari mumkin. Masalan, davlat korxonalarining zararlarini qoplash uchun quyidagi ikki usul qo‘llaniladi: 1) davlatdan subsidiyalar va imtiyozlar olish yoki davlatdan korxonaning foyda keltirmasligiga rozilik olish, 2) davlat kompaniyalarining iste’molchilar hisobiga faoliyatini davom ettirish.

Hatto Amir Temur davrida yashagan olim, buyuk mutafakkir Ibn Xaldun «hukmdor savdo va qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanib, daromadlarini oshirishni xohlaganida, bu jamiyatning oddiy qatlami uchun zararli bo‘lishi mumkin. Chunki, hukmdor, moliyaviy imkoniyatlari katta bo‘lgani sababli, raqobatlashganda, hech kim ularning istaklariga mos keladigan narsalarni ololmaydi va hamma baxtsiz bo‘ladi» deb yozgan. Shuningdek, hukmdor bozordagi mahsulotlarni egallab olishi yoki ularni arzon narxda sotib olishi mumkin. Unga qarshi taklif berishga jur’at etadigan odam topilmasligi ham mumkin. Shu tariqa, hukmdor sotuvchini o‘z narxini tushirishga majbur qiladi». Boshqa tomondan, hukmdor qandaydir narsani sotganda, u barchaga yuqori narxni to‘lashni majbur qiladi. Hukmdor bilan raqobatlashish natijasida «dehqon xo‘jaligini tashlab qo‘yadi, savdogar esa savdodan chiqib ketadi».

Guvohi bo‘lganingizdek, davlat tadbirkorlik bilan shug‘ullanmasligi kerakligi Amir Temur davridayoq ma’lum bo‘lgan. Lekin, afsuski, buni hozirgi kunda xususiylashtirishga qarshi bo‘lgan vatandoshlarimiz tushunishni istashmaydi.

Xususiylashtirishning uchinchi maqsadi esa – davlat byudjetini to‘ldirishdir. Bu ham muhim: davlat mulkini sotishdan kelib tushgan daromadlar soliq yukini kamaytirishga yordam beradi, bu esa xususiy sektorning tovar va xizmatlarini raqobatbardoshroq qiladi va ko‘proq ish o‘rinlari yaratishga imkon beradi. Shu sababli, davlat mulkini maksimal darajada yuqori narxda sotish zarur bo‘ladi.

 Endi ikkinchi savolga o‘tamiz:

Xususiylashtirish qanday amalga oshirilishi kerak?

Farmonda aniq va ravshan yozilgan: korxonalarni xususiylashtirish ommaviy savdolar orqali amalga oshirilishi kerak, ya’ni auksionlar orqali va ular eng yuqori narx taklif qilgan xaridorlarga sotilishi kerak. Bu qanchalik to‘g‘ri?

Davlat mulkini xususiylashtirishning to‘rtta asosiy usuli mavjud:

         1.     Mulkni mamlakat fuqarolari o‘rtasida taqsimlash – vaucherli xususiylashtirish. Lekin aholining katta qismi bundan hech qanday foyda olmaydi: ular xuddi Rossiyada bo‘lgani kabi vaucherlarini arzon narxda sotib yuborishadi. Yana aholining ko‘p qismi korxonalarni boshqarish qobiliyatiga ega emas.

        2.     Korxonani uning ishchilariga mulk qilib berish. Bu usulning ayrim ustun tomonlari bor. Lekin kamchiliklari ham mavjud. Birinchidan, ishchilar korxonani «samarali mulkdorlar» sifatida boshqara olishlari aniq emas. Ikkinchidan, bu ijtimoiy adolatsizlikka olib kelishi mumkin, ayniqsa, korxona katta va qimmatbaho bo‘lsa: mulk barcha fuqarolarga tegishli, lekin uning foydasini faqat kichik bir guruh oladi.

        3.     Investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar bilan xususiylashtirish. Bu usul mamlakatimizda ko‘p vaqt davomida qo‘llanib kelindi. Davlat mulki ko‘proq to‘lashga tayyor bo‘lganlarga emas, balki ko‘proq va’da berganlarga (o‘zgacha bir «go‘zallik tanlovi») deyarli bepul taqdim etildi. Ya’ni korxonaning yangi egasi mansabdor shaxslar tomonidan umuman shaffof bo‘lmagan tartibda yoki umuman rasmiy jarayonlarsiz tanlanar edi. Bundan tashqari, mulkdor mazkur mulkdan samarali foydalanishga hech qanday aloqasi bo‘lmagan turli majburiyatlarni o‘z zimmasiga olardi. Masalan, korxona faoliyatining yo‘nalishini saqlab qolish, ishlab chiqarishni kengaytirishga ma’lum miqdorda investitsiya kiritish, ishchilar sonini qisqartirmaslik, bolalar bog‘chasi qurish kabilar.

Raqobat qonunlari nuqtayi nazaridan, bunday majburiyatlar absurd (ba’zi istisnolarni hisob olmaganda). Masalan, tadbirkorda kelajakda uning mahsulotiga talab ortib, ishlab chiqarishni kengaytirish zarurati paydo bo‘lishiga qanday ishonch bo‘lishi mumkin? Yoki kutilmaganda bozor konyunkturasi o‘zgarib ketib, kuchli raqobatchi paydo bo‘lsa-chi? Bunday vaziyatda zarar ko‘radigan loyihani har qanday yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlashga intilishdan ko‘ra, faoliyat yo‘nalishini o‘zgartirish (biznes va jamiyat uchun ham) foydaliroq bo‘lishi mumkin. Yoki nima uchun korxonada ishchilar sonini saqlab qolish kerak? Balki zamonaviy texnologiyalar buncha xodim talab qilmas?

Nega mansabdorlar bunday xususiylashtirish modelini ma’qul ko‘rishgan va hozirgacha (buni quyida ko‘rsatib o‘tamiz) ma’qul ko‘rib kelishmoqda? Buni tushunish qiyin emas. Birinchidan, ochiq auksion o‘tkazilganda korrupsiya uchun hech qanday «tuynuklar» bo‘lmaydi. Ikkinchidan, investitsiya va ijtimoiy majburiyatlar kelgusida mulkni tortib olishning eng keng tarqalgan va ishonchli usullardan biri ekanligini amaliyotda ko‘rsatdi: qani majburiyatlarni bajarganingni isbotlab ko‘rchi, ayniqsa bizning sudyalarga. Bu majburiyatlarning ko‘pchiligi mutlaqo mantiqsizligi haqidaku gapimrasa ham bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, bu «biznes» yaxshi ishlaydi: avval davlat mulkini korrupsiya yo‘li bilan sotadi; keyin uni tortib oladi; keyin yana qayta sotadi. Eng hayratlanarlisi shundaki, shundan keyin ham yangi xaridorlar topiladi.

        4.     Davlat mulkini eng yuqori narxni taklif qilganga sotish. Buni faqat ochiq va shaffof auksionlar orqali amalga oshirish mumkin. Bunday yondashuvda biz xususiylashtirishning ikki asosiy maqsadiga erishamiz. Birinchidan, mulk «samarali mulkdor»ga tegishli bo‘ladi. Chunki kim eng yuqori narxni taklif qilsa, u mulkdan maksimal foyda olish yo‘lini boshqalardan yaxshiroq biladi. Ikkinchidan, eng katta foydani davlat byudjeti oladi va tushgan mablag‘lar iqtisodiyotni rivojlantirish va raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida soliq va qarz yukini kamaytirish uchun ishlatilishi mumkin.

Shuning uchun prezident farmonida taklif qilingan xususiylashtirish modeli xususiylashtirishning maqsadlarini to‘laqonli amalga oshirish uchun eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Shuning uchun xususiylashtirishga mas’ul amaldorlar qilishlari kerak bo‘lgan yagona narsa — prezidentning ko‘rsatmalarini aniq va to‘liq bajarishdir.

Tabiiyki uchinchi savol tug‘iladi:

Xususiylashtirish amalda qanday o‘tadi?

 Aynan shu yerda biz jamoatchilikning salbiy munosabatlariga sabab bo‘lgan turli yoqimsiz «syurpriz»larga duch kelamiz.

Birincha jiddiy qo‘ng‘iroq 2021-yilda Coca-Cola Uzbekistan davlat ulushini sotish vaqtida yangradi. Davlat ulushi tenderga qo‘yildi va sotish narxi 70 million dollar deb e’lon qilindi. Ammo keyinroq ochiq ma’lumotlarda Hydrolife Bottlers o‘zbek kompaniyasi Antimonopoliya qo‘mitasiga murojaat qilib, 150 million dollar taklif qilishga tayyorligini bildirgan, lekin «tender shartlari» tufayli savdoda qatnasholmagani ma’lum qilingan murojaat paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, yana bir kompaniya — Perfect Shine Energetic — Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga murojaat qildi. Aksilkorrupsiya agentligi tenderni to‘xtatishni talab qildi. Idora «haddan tashqari yuqori mezonlar va asossiz talablar» savdoda qatnashuvchilar sonini sun’iy ravishda kamaytirib, korrupsiya omillarini keltirib chiqarmoqda deb topdi. Yakunda davlat ulushi 252,28 million dollarga turk kompaniyasi Coca-Cola İçecek’ga sotildi, bu boshlang‘ich narxdan 3,6 marta yuqori bo‘ldi.

Bu misol shaffof bo‘lmagan xususiylashtirish davlatga qanchalik katta zarar keltirishini ko‘rsatadi. Bundan amaldorlar qanday korrupsion «daromad» olishini ham tushunish mumkin.

UNG Petro va Chinoz neft qayta ishlash zavodining xususiylashtirilishi bilan bog‘liq yangi savollar paydo bo‘ldi. Bu korxonalar sobiq tashqi ishlar vazirining o‘g‘li Doniyor Kamilovga tegishli bo‘lgan kompaniyaga berildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xususiylashtirish qanday o‘tkazilgani haqida hech qanday tushuntirish bermadi.

Keyingi holatlar Perfectum va Uzcard kompaniyalaridagi davlat ulushining xususiylashtirilishi bilan bog‘liq. Prezidentning yuqorida tilga olingan farmoniga muvofiq bu kompaniyalar «ommaviy savdolarda» sotilishi kerak bo‘lganiga qaramay, davlat ulushlari hech qanday jamoatchilikka e’lon qilinmasdan, «baholangan qiymat» bo‘yicha kompaniyalarning xususiy sheriklariga sotildi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbariyati esa prezident farmoniga bo‘ysunmaslik sababini «Mas’uliyati cheklangan va qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida»gi qonunga asoslangan holda, jamiyatning boshqa ishtirokchilarining «ustuvor sotib olish huquqi» mavjudligi bilan izohladi.

Ha, qonunga muvofiq davlat korxonadagi o‘z ulushini sotganida, kompaniyaning boshqa sheriklarini bu haqda xabardor qilishi shart, ya’ni ularga sotuv narxi va shartlarini aytib, sotib olish imkoniyati berilishi kerak. Ammo qonunda «baholangan qiymat» asosida narx belgilanishi kerak, degan so‘zlar umuman yo‘q. Aksincha, qonunda bozordagi real xaridorlardan kelgan real takliflar asosida aniqlangan narx nazarda tutiladi. Shuning uchun davlat ulushi ochiq auksionga qo‘yilishi kerak, bunda boshqa sheriklar shu miqdor evaziga ulushni sotib olishi mumkin bo‘lgani sababli g‘olibga mulkni olish kafolatlanmaganligini oshkora aytish lozim bo‘ladi. Auksionda kim eng yuqori narxni taklif qilsa, ana shu narx korxonaning boshqa sheriklariga taklif qilinadi. Agar sheriklar bu narxni to‘lashga tayyor bo‘lsa, ular ulushni oladi, agar tayyor bo‘lmasalar, ulush auksionda g‘olib bo‘lgan shaxsga beriladi. Hammasi juda oddiy, oshkora va qonun hamda farmon talablariga to‘liq muvofiq keladi.

Lekin, nima sababdan bizda amaldorlar davlat mulkini ochiq savdolar orqali sotishni istashmaydi? Bu savolga javobni oldinroq ham tushuntirib o‘tgandim — bunda hech qanday korrupsiya imkoniyati qolmaydi.

Mana endi yaqinda sodir bo‘lgan misollarga to‘xtalamiz

1-iyul kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Foton» AJ davlat ulushining 85,58foizini 151 milliard so‘mga «muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish» yo‘li bilan sotilganini e’lon qildi. Lekin «muzokaralarga ommaviy ravishda taklif qilish» qanday jarayon o‘zi va nima uchun nega prezident farmonida aniq qilib belgilanganidek «ommaviy savdolar» o‘tkazilmadi? Tushunarsiz. Xabarda keyinroq xaridor kompaniya «eng yuqori narx taklif qilgan savdolar g‘olibi» deb e’lon qilingani aytilgan. Ammo agar bu ochiq ommaviy savdolar bo‘lmagan bo‘lsa, «eng yuqori narx taklifi» haqidagi gaplar hech qanday ma’no kasb etmaydi. Qanday takliflar ko‘rib chiqilgan va boshqa potensial xaridorlarda shunday taklif qilish imkoniyati bo‘lganmi? Xabarda «g‘olib tomonidan korxona ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, mahsulot turlari va uning sotish geografiyasini kengaytirish, boshqaruv samaradorligini oshirish, shuningdek, zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish va korxonaning barqaror rivojlanishini ta’minlash rejalashtirilgan»i ham qo‘shimcha qilingan.

Ya’ni, ko‘p ehtimolbilan, biz yana bir bor bizning amaldorlar tomonidan «yaxshi sinab ko‘rilgan» va ma’qul ko‘rilgan xususiylashtirishning eski usuli bilan ish yurityapmiz: ya’ni yopiq muzokaralar va investitsiya majburiyatlari bilan sotish. Prezident farmoni, ehtimol, yana bir marta e’tibordan chetda qoldirilgan. Nima uchun bunga yo‘l qo‘yilmoqda? Prezident imzolagan hamda boshqa normativ hujjatlar bajarilishini nazorat qilish uchun mas’ul shaxslar bu holatga nega jim qarab turishibdi?

Yana bir misol. Iyul oxirida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Humo to‘lov tizimini boshqaruvchi Milliy banklararo protsessing markazining 100% ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlanganini e’lon qildi. 22-avgust kuni arizalar qabul qilish to‘xtatildi. Ammo, iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining rasmiy saytida ingliz tilida ariza topshirish uchun so‘nggi muddat 30-avgust etib ko‘rsatilgan edi. Bakirov bu haqdagi ma’lumotni tasdiqlovchi suratni e’lon qildi va bir necha xorijiy investorlar mana shu muddatni inobatga olib, o‘z arizalarini topshira olmaganliklarini aytdi. Bakirovning fikricha, «buning sababi muddatlarni atay chalkashtirish orqali da’vogarlar sonini kamaytirish bo‘lishi mumkin».

Ushbu holat Qozog‘istonning Kaspi fintex guruhi Humo to‘lov tizimi sotuvi bo‘yicha savdolarda ishtirok etishini e’lon qilganidan so‘ng yanada ko‘proq muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bu ajoyib xabar, chunki Kaspi — o‘zining samaradorligini isbotlagan kuchli moliyaviy tashkilot. Ammo darhol shubhalar paydo bo‘ldi, «sanadagi chalkashlik» aynan oldindan belgilangan g‘olibga «eshiklarni ochib berish» maqsadida qilingan bo‘lishi mumkin. Kaspi’ning bayonoti bilan bog‘liq yana bir savol tug‘ildi: milliy to‘lov tizimining bir mijozi uning egasi bo‘lishi qanchalik maqbul va bu halol raqobat tamoyillariga qanchalik mos keladi? Chunki Kaspi.kz (marketpleys, to‘lov tizimi, bank va yo‘llanmalar qidirish va bronlash xizmati kirgan) O‘zbekiston bozoriga kirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu savolga Markaziy bankimiz javob berishga to‘g‘ri keladi.

Humo bo‘yicha xususiylashtirish ochiq savdolar orqali o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, yuzaga kelgan «tushunmovchiliklar» savdolar natijalarini jiddiy shubha ostiga qo‘yishi mumkin. Coca-Cola savdolarida bo‘lgani kabi, tenderni qayta e’lon qilishga to‘g‘ri kelishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Shunday qilib, bizda xususiylashtirish jarayoni, yumshoq aytganda, shaffof emasligi va ko‘pincha unga yo‘l ochgan farmon talablarini inkor qilish bilan kechayotganini ko‘rib turibmiz. Buning oqibatida haqli savol tug‘iladi:

Nima qilmoq kerak?

Yuqoridagi misollardan ko‘rinib turibdiki, amaldorlarga xususiylashtirishni mustaqil va nazoratsiz o‘tkazishni ishonib bo‘lmaydi. Agar biz davlat mulkini sotish bo‘yicha qaror qabul qilish tizimini keskin o‘zgartirmasak, bizni korrupsiya va jinoyatlarga botgan xususiylashtirish kutmoqda. Bunda xususiylashtirishning maqsadlari amalga oshmaydi: samarali mulkdorlarga ega bo‘lmaymiz (mulk «o‘zinikilarga» tegadi), raqobat muhitini shakllantira olmaymiz (amaldorlar mulkka ega bo‘lgan do‘stlari va yaqinlari manfaati yo‘lida raqobatga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladilar), va davlat byudjeti ham katta foyda ololmaydi.

Bunday holatni oldini olish uchun xususiylashtirishni qattiq jamoatchilik nazorati ostiga olish zarur. Jarayonlar va protseduralar OAV va fuqarolik jamiyati uchun imkon qadar ochiq bo‘lishi kerak. Shuningdek, asosan yoki faqat fuqarolik jamiyati vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlarini tuzish zarur, ular davlat mulki qanday sotilayotganiga befarq bo‘lmagan shaxslardan tashkil topishi lozim. Bu jamoatchilik kengashlari xususiylashtirish jarayoniga oid to‘liq ma’lumotlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi va amaldorlarning qarorlariga veto qo‘yish huquqiga ega bo‘lishi kerak.

Hozirgi kunda xususiylashtirish qanday o‘tishi iqtisodiyotimizning keyingi o‘n yillikdagi kelajagiga ta’sir qiladi. Qo‘llanilayotgan modellar va usullarga qarab, biz yoki rivojlanish sust bo‘lgan va jamiyatda ijtimoiy tabaqalanish yuz beradigan korrupsiya va oligarxiyaga asoslangan kapitalizmga erishamiz, yoki xususiy tashabbus va raqobat bilan olg‘a intilayotgan, tez rivojlanuvchi bozor iqtisodiyotini barpo etamiz.

Теги :
Иқтисодиёт