$
 11963.23
50.85
 13970.66
97.5
 155.35
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

G‘iybat yomon odat emas, balki odamlarni birlashtiruvchi tabiiy xulq

g

G‘iybat ko‘pincha ma’naviy nuqtai nazardan bahsli xulq sifatida qoralansa-da, antropologik va psixologik tadqiqotlar uni jamiyatning barqaror ishlashiga xizmat qiladigan murakkab ijtimoiy fenomen sifatida ko‘rsatmoqda. U faqatgina “kimningdir ortidan gapirish” emas, balki obro‘, xavfsizlik, guruh ichidagi rollar va kuch munosabatlari haqida axborot almashinuvining qadimiy shaklidir.

G‘iybatning kengroq mazmuni

G‘iybat – antropologlar turli madaniyatlarda, shahar muhitidan tortib, olis qishloqlaru bog‘dorlik jamiyatlarigacha kuzatgan xulq-atvor.

"Har qanday madaniyatda, normal sharoitda, odamlar g‘iybat qiladi," deydi Vashington shtat universitetida evolyutsion antropologiya bo‘yicha dotsent doktor Nikol Heygen Hess.

Uning ta’rifiga ko‘ra, g‘iybat – "obro‘ga daxldor ma’lumot" almashinuvidir. Bunday ma’lumot – do‘stlar, oila a’zolar, hamkasblar yoki hatto raqiblar nima deyishidan tortib, ommaviy axborot vositalarida aytilgan gaplar yoki sport musobaqalari natijalarigacha bo‘lishi mumkin.

Bu xulqning barcha madaniyatlarda uchrashi shuni ko‘rsatadiki, g‘iybat biologik ildizlarga ega bo‘lgan universal ijtimoiy mexanizmdir.

Itimoiy “yopishtiruvchi”

G‘iybat jamiyatda ijobiy o‘rin tutishi mumkin degan g‘oyani evolyutsion antropolog, professor Robin Danbar ommalashtirgan.

Uning nazariyasiga ko‘ra, maymunlarda bir-birini tozalash – gigiena vositasi bo‘lishdan tashqari, ijtimoiy bog‘lanish usuli hamdir. Bu xulq kurashdan keyin yarashish, kayfiyatni yumshatish va guruh ichidagi ierarxiyani aniqlashga xizmat qiladi.

Bu jarayon "allogruming" deb ataladi. Insonlarda tuk yo‘qligi uchun, ularda g‘iybat va suhbat shunday allogrumingning zamonaviy shakli bo‘lishi mumkin.

G‘iybat orqali odamlar:

— kimga ishonish mumkinligini bilib oladi,

— o‘z guruhining “ichki qonuniyatlari” va me’yorlarini belgilaydi,

— umumiy dunyoqarashni shakllantiradi,

— o‘zini guruhga tegishli deb his qiladi.

2021-yildagi Dartmut universiteti tadqiqoti ham g‘iybat qiluvchi shaxslar bir-biriga tezroq yaqinlashishini, yanada ko‘proq hamkorlik qilishga tayyor bo‘lishini isbotladi. 

Omon qolish strategiyasi

G‘iybat qadimiy jamoalarda xavfli shaxslar, ishonchsiz ittifoqchilar yoki jamoadan chetga chiqqan xatti-harakatlar haqida ogohlantiruvchi tizim bo‘lgan.

Doktor Hessga ko‘ra, g‘iybat, ayniqsa, ayollar uchun tarix davomida muhim himoya vositasi bo‘lgan. Jismoniy kurashda ustun bo‘lmagan vaziyatlarda ular ijtimoiy tarmoqlar: yaqin ayollar guruhi orqali xavf haqida ma’lumot almashgan.

Yomon obro‘ning oqibatlari ham chuqur:

— jamiyatdagi mavqeni pasaytiradi,

— iqtisodiy imkoniyatlarni cheklaydi,

— resurslar (ovqat, yordam, himoya) taqsimotiga ta’sir qiladi.

Shu ma’noda g‘iybat — jamoadagi “norasmiy sud”, jamiyat esa shu orqali kimni qo‘llab-quvvatlash, kimni ijtimoiy chetga surishni hal qiladi.

Ijtimoiy nazorat mexanizmi

Doktor Hessning ta’kidlashicha, g‘iybat shunchaki gap-so‘z emas, balki ijtimoiy nazorat vositasi bo‘lib, insonning jamiyatdagi mavqeini saqlash yoki oshirishga xizmat qiladi.

Insonlar o‘z jamoalarida o‘zlari haqida yaxshi taassurot qoldirishni istagani uchun, g‘iybat orqali bir-birlarini “nazorat” qiladilar, deydi u. Shuningdek, odamlar g‘iybatni o‘z obro‘sini asrash va ba’zan raqiblarini obro‘sizlantirish uchun ham ishlatishadi.

G‘iybat jamiyatda axloqiy me’yorlarni mustahkamlaydi. Odamlar bir-birini kuzatadi, baholaydi va “qabul qilingan xulq”dan chetga chiqishni g‘iybat orqali jazolaydi. Bu nazorat mexanizmi jamiyatdagi intizomni ham ta’minlaydi: shunchaki “gap-so‘z” emas, balki xulqni tartibga soluvchi bosim.

G‘iybatning ijobiy va salbiy qirralari bir-biridan ajralmas. Bir tomondan, u jamoani birlashtiradi, xavfsizroq qiladi, axloqiy me’yorlarni shakllantiradi. Boshqa tomondan, noto‘g‘ri yoki zararli g‘iybat odamning hayotini izdan chiqarishi, ijtimoiy mavqeini yemirishi mumkin.

Doktor Hess ta’kidlaganidek, g‘iybat inson xulqining universal qismidir va unda nazorat, himoya, yaqinlashuv, hamkorlik, ko‘ngilocharlik kabi ko‘plab funksiyalar bir vaqtning o‘zida mujassam. Agar g‘iybat shunchaki yolg‘on, tasodifiy gap-so‘z bo‘lganida, jamiyatga bu darajada kuchli ta’sir qilmasdi. U ijtimoiy tizimning yashirin asosi, odamlar o‘rtasidagi real munosabatlarning ko‘zgusi.

Теги :
Jamiyat