$
 12196.00
3.94
 14141.26
144.78
 151.74
8.74
weather
+26
Кечаси   +14°

Markaziy Osiyoda sil xavfi dunyodagidan 7 baravar yuqori

Sil

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hamda Yevropa kasalliklar nazorati markazining (ECDC) 2026-yilgi yangi tahlillari Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida sil xastaligi bilan bog‘liq vaziyat hamon jiddiy tashvishga asos bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Muammoning eng og‘riqli nuqtasi — kasallikka chalingan har besh nafar shaxsning biri hanuz tibbiyot nazoratidan chetda qolmoqda. Aniqlanmagan yoki ro‘yxatga olinmagan bu bemorlar bilmagan holda infeksiyaning jamiyat ichida erkin zanjir hosil qilib tarqalishiga sabab bo‘lyapti.

Raqamlarga murojaat qilsak: 2024-yilda mintaqadagi 51 ta davlatda rasman 161 569 ta sil holati qayd etilgan. Biroq JSST tahlilchilarining fikricha, real manzara bundan ancha farq qiladi va xastalanganlarning asl soni 204 ming nafarga yaqin bo‘lishi mumkin.

Doriga chidamli sil epidemiyasi

Mavjud vaziyatni yanada og‘irlashtirayotgan omil — doriga chidamli silning (MLU-TB) mislsiz darajada quloch yozganidir. Mazkur hududda dori vositalari ta’sir qilmaydigan sil ko‘rsatkichlari global miqyosdagi o‘rtacha darajadan naq yetti barobar yuqorilab ketgan. Masalan, xastalik ilk bor aniqlangan odamlarning 23 foizida, avval davolanib ko‘rganlarning esa yarmidan ko‘pida (51 foizida) asosiy silga qarshi dori sanalgan rifampitsinga nisbatan immunitet shakllangan. Dunyo bo‘yicha bu ko‘rsatkichlar mos ravishda bor-yo‘g‘i 3,2 va 16 foizni tashkil etishini hisobga olsak, mintaqadagi muammoning ko‘lamini tasavvur qilish qiyin emas.

Afsuski, davolash samaradorligi ham JSST belgilagan 90 foizlik marradan ancha ortda: yangi ro‘yxatga olinganlarning 74 foizi, doriga chidamli silga chalinganlarning esa bor-yo‘g‘i 66 foizi muvaffaqiyatli sog‘aymoqda.

Qamoqxonalar, zaif qatlam va geografik o‘choqlar

Kasallik geografiyasi va ijtimoiy omillar tahlil qilinganda, sil va OIV (orttirilgan immunqanchilik virusi) infeksiyasining birgalikda kechishi bo‘yicha asosiy yuk Rossiya (52%) va Ukraina (28%) davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, yopiq muassasalar infeksiyaning “issiqxonasi” bo‘lib qolmoqda. Mahbuslar orasida silni yuqtirib olish xavfi oddiy fuqarolarga qaraganda 13,2 baravar ko‘p. Yana bir e’tiborli jihat — Yevropa Ittifoqi hududida har yili sil aniqlanayotgan bemorlarning 4,2 foizini 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etmoqda.

Garchi 2015-yildan buyon mintaqada kasallanish darajasi 39 foizga, o‘lim ko‘rsatkichlari esa 49 foizga qisqargan bo‘lsa-da, bu ijobiy dinamika xalqaro hamjamiyat belgilagan 2030-yilgi strategik marralarga yetish uchun yetarli emas. JSST ekspertlari barcha hukumatlarni zudlik bilan harakatga kelishga — tezkor tashxis tizimini kengaytirishga, og‘riqli ukollardan voz kechib qisqa muddatli davolash kurslariga o‘tishga hamda o‘sha “yashirin” beshinchi bemorni topishga chaqirmoqda. Aks holda, oldini olish mumkin bo‘lgan minglab o‘limlarning oldi olinmay qolaveradi.

O‘zbekistondagi vaziyat: Strategik rejalar qanday bajarilmoqda?

Xalqaro miqyosdagi ushbu og‘ir fon qarshisida O‘zbekistondagi vaziyat barqaror va ijobiy dinamikani namoyon etmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda mamlakatimizda sil bilan kasallanish ko‘rsatkichi har 100 ming aholiga 33 tani tashkil qilgan. Bu 2024-yilga nisbatan 3,5 foizli pasayish demakdir. O‘lim ko‘rsatkichi esa har 100 ming aholiga nisbatan 0,8 ta holat bilan o‘zgarmasdan saqlanib qolgan.

Bu raqamlar “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan prognozlardan ham yaxshiroq natija qayd etilganini ko‘rsatadi. Chunki davlat dasturida 2025-yil yakuniga qadar kasallanishni har 100 ming kishiga 34 tagacha tushirish vazifasi qo‘yilgan edi. Hozirda respublikada xastalik aniqlangan 14 ming nafardan ziyod bemorlarning barchasi sifatli dori-darmonlar va to‘liq tibbiy muolajalar bilan qamrab olingan.

Теги :
Jamiyat