$
 12683.99
35.87
 13647.97
25.94
 139.24
0.82
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning asosiy qismini oilaviy zo‘ravonlik tashkil etmoqda

p 4 27

BMTning xabariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda har 3 ayoldan biri jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda.

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda har hafta ayollar va voyaga yetmagan qizlarga nisbatan jismoniy hamda jinsiy zo‘ravonlik holatlari haqida xabarlar tarqalmoqda. Afsuski, bu zo‘ravonlik haqidagi xabarlar bir necha oy, hatto yil o‘tibgina jamoatchilikka ma’lum bo‘lyapti. Xo‘sh, bunga sabab nima? O‘zbekistonda qancha ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda?

O‘zbekistonda 18 mingdan ortiq ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan

2021-yilning birinchi yarmidagi ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda qariyb 18 ming nafar ayol tazyiqqa uchragani aniqlangan. Ulardan 9 ming nafari ruhiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan. Ushbu ko‘rsatkich, 2020-yilning mos davriga nisbatan 2,5 baravar, yoki 5 ming nafarga ko‘p miqdorni keltirib chiqaradi.

2023-yilda esa, 9 000 ortiq shaxs oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlikka tortilgan. Ulardan 59 nafari qamalgan bo‘lsa, 8928 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda 2023-yilda shahvoniy shilqimlik aybi bilan 666 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan.

Ombudsman nomiga kelib tushgan murojaatlar soni

2021-yilning 15-apreliga qadar Ombudsman nomiga xotin-qizlar tomonidan 20 ga yaqin jinsiy va jismoniy zo‘ravonlik, ruhiy tazyiq o‘tkazish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha murojaat kelib tushgan. Ularning aksariyati Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Bu bizga ma’lum bo‘lgan, xolos. Ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar aslida bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin. 

Bunga sabab nima?

Zo‘ravonliklarning ko‘payib ketishiga sabab esa o‘zbek ayollarining andisha qilib, ko‘p holda zo‘ravonliklarga ko‘z yumishidir.

O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘rovnomada ovoz bergan ayollarning 42 foizi o‘zlari va farzandlarini boqa olmasligidan qo‘rqib zo‘ravonlikka chidashlarini, shuningdek 38 foiz ayollar boshqalar tomonidan muhokama, gap-so‘z bo‘lishdan qo‘rqib zo‘ravonlikka ko‘z yumishlari kabi sabablarni keltirishgan.

Ichki ishlar organlariga kelib tushgan 11 070 ta murojaat

2021-yilning yanvar-aprel oylari oralig‘ida ichki ishlar organlariga ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish holatlari bo‘yicha umumiy hisobda 11 070 ta murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarning 2 772 tasi 18—30 yosh oralig‘ida bo‘lgan, 93 tasi esa voyaga yetmagan shaxslar tomonidan kelib tushgan. Zo‘ravonlik holatlarining eng katta qismi — 9 973 tasi oiladagi zo‘ravonlik holatlariga to‘g‘ri keladi. Murojaat qilgan xotin-qizlarning 5 209 nafari ruhiy, 3 813 nafari jismoniy, 166 nafari iqtisodiy, 44 nafari jinsiy zo‘ravonlik, shuningdek, 1 838 nafari zulm va tazyiq o‘tkazishlarga uchraganini bildirib o‘tishgan.

Zo‘ravonliklar asosan oilalarda

O‘zbekiston Respublikasi hududida 2023-yilda xotin-qizlarga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarning asosiy qismi oilalarda bo‘lib qolmoqda. Bu hol 2021-yildagidan deyarli farq qilmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilda ham xotin-qizlarga nisbatan jinoyatlarning (ular soni 39 343 ta) jami 87 % (34 330 tasi) ulushi, aynan, oilalarda sodir etilayotgan jinoyatlar miqdorini tashkil etgan.

Kelib tushgan murojaatlarning barchasiga himoya orderlari rasmiylashtirib berilgan. Ushbu orderlarning 378 tasi voyaga yetmagan, 9861 tasi balog‘at yoshiga yetgan (18−30 yosh), 29104 tasi 30 yoshdan katta bo‘lgan xotin-qizlarga taqdim etilgan. Himoya orderlar berilgan ayollarning 26667 tasi turmush o‘rtoq, 1559 tasi qaynona, 1128 tasi kelin sifatida qayd etilgan.

Markaziy Osiyo xalqlarida va kamsitish holatlari mazkur xalqlar madaniyatining bir qismi bo‘lib ulgurgan.

Ruhiy zo‘ravonlik ulushi ko‘proq

Xotin-qizlarga nisbatan jinoyatchilik va huquqbuzarlikning 47 foizi ruhiy, 34 foiz jismoniy, 17 foiz tazyiq, 1,5 foizi iqtisodiy hamda 0,5 foizini jinsiy zo‘ravonliklar tashkil qiladi.

“Qarshi kurash” harakati

Bir yil oldin ijtimoiy tarmoqlarda “Hello Tashkent” nomli kanal ochilib, uyerda ba’zi “erkaklar” o‘zbekistonlik qizlarning shaxsiy rasm va videolari bilan ijtimoiy tarmoqlarga joylab, ularning sha’ni hamda qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlar qilgan edi. Bugun esa qizlar yigitlarning “zapal” yozishmalarini “Hello Salikh” telegram kanaliga joylab borib, o‘ch olmoqda. Eslatib o‘tamiz, “Hello Tashkent” kanali ma’murlari jinoiy javobgarlikka tortilib, 3 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan edi.