$
 12910.15
-14.77
 14660.77
40.1
 159.78
-0.16
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Koʻp kvartirali uylarni boshqarishda aholini qanday muammolar qiynamoqda?

Uy, xonadon

Bugungi kunda respublikamizda 42 ming 72 ta koʻp kvartirali uy boʻlib, ularda jami 1,4 milliondan ortiq xonadondan mavjud. Shundan 38 689 tasiga 821 ta boshqaruv servis kompaniyasi, 849 tasiga 157 ta shirkat, 676 tasiga bevosita mulkdorlar, 1 405 tasiga idora va tashkilotlar tomonidan xizmat koʻrsatib kelinmoqda.

“Yuksalish” harakati tomonidan 2025-yilning fevral oyida koʻp kvartirali uylarni boshqarish va boshqaruv kompaniyalarining faoliyat samaradorligi hamda ushbu tizimga aholi munosabati oʻrganildi. Respublika boʻylab 371 ta koʻp qavatli uyning boshqaruv holati hamda ularga xizmat koʻrsatuvchi 109 ta boshqaruv servis kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda BSK) faoliyati tahlil qilindi. Bundan tashqari, BSKlar koʻrsatayotgan xizmatlarga isteʼmolchilar munosabatini aniqlash maqsadida 2340 nafar respondent oʻrtasida ijtimoiy soʻrov oʻtkazildi.

Aholini qanday muammolar qiynayapti?

Oʻrganishlar davomida koʻp kvartirali uylarni boshqarishda aholi eʼtirozlariga sabab boʻlgan bir qator muammolar aniqlandi.

Jumladan, oʻrganilgan 52 ta koʻp kvartirali uyning yertoʻlasiga 16 ta boshqaruv kompaniyalari tomonidan talab darajasida yoki umuman xizmat koʻrsatilmasligi oqibatida chiqindilardan tozalanmasligi, 34 ta koʻp kvartirali uyning fasad qismida 18 ta boshqaruv kompaniyasi tomonidan joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirilmagani natijasida uylarning fasad qismi taʼmirtalab holga kelib qolgani maʼlum boʻldi.

Monitoring davomida koʻp kvartirali uylarda yashovchi aholi bilan boshqaruv kompaniyalari faoliyati yuzasidan suhbatlar oʻtkazildi. Unda, 112 ta koʻp kvartirali uy va ularga tutash hududlarda boshqaruv kompaniyalari tomonidan obodonlashtirish ishlari olib borilmasligi aholining haqli noroziligiga sabab boʻlayotganligi aniqlandi.

Xususan, Qashqadaryo viloyatida 32 ta (7 ta BSK), Jizzax viloyatida 23 ta (3 ta BSK), Surxondaryoda 12 ta (5 ta BSK) va Andijon viloyatida 12 ta (2 ta BSK) koʻp kvartirali uy va ularga tutash hududlarda boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan obodonlashtirish ishlari tashkil etilmay kelishi ravshan boʻldi.

Respublika boʻylab oʻtkazilgan soʻrovnomada respondentlarning 35,8 foizi tomonidan BSK faoliyati qoniqarsiz deb belgilangan.

Erkin tanlash imkoniyati yo‘q

Qolaversa, koʻp kvartirali uylarning mulkdorlariga uylarni boshqarish shaklini erkin tanlash imkoniyati berilmaslik holatlari mavjud.

Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 4-moddasida isteʼmolchilarga tovarni (ishni, xizmatni) erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli boʻlishini talab qilish huquqi kafolatlangan.

Biroq uy-joylarga boshqaruv organlari orqali xizmat koʻrsatish tanlangandan soʻng, BSKni tanlash jarayonida mulkdorlarning bevosita ishtiroki taʼminlanmayapti.

Natijada, BSK va mulkdorlar oʻrtasida turli xil nizolar kelib chiqmoqda. Masalan, mulkdorlar tomonidan ikki tomonlama shartnoma tuzishdan bosh tortish, majburiy badallarni toʻlamaslik, BSK tomonidan koʻrsatilishi belgilangan xizmatlarning toʻliq va sifatli bajarilmasligi va koʻrsatilmayotgan xizmatlar uchun badal undirilishi kabi muammolar shular jumlasidan.

Qolaversa, bitta BSKning xizmat koʻrsatish salohiyati hamda imkoniyati hisobga olinmagan holda, 100 dan ortiq koʻp kvartirali uyga xizmat koʻrsatish topshirilgan holatlar mavjud. 

Masalan, Urganch shahrida “Xorazm shinam uylar” MChJ 307 ta, Asaka tumanida “Bio tex servis” MChJ 172 ta, Samarqand shahrida “Samarqand Oltin Asr” MJCh 167 ta, Kogon shahrida “Baxshullo Kamoliddin” MChJ 131 ta, Termiz shahrida “Sarvar Termiz Servis” MChJ 124 ta koʻp kvartirali uylarga biriktirilgan.

Ushbu BSKlarga tegishli boʻlgan koʻp kvartirali uylarda yashovchi mulk egalari bilan suhbatda aholi boshqaruv kompaniyasini tanimasligi, xizmat koʻrsatilmasdan badallar undirilishini bildirgan.

 Aholining emas, balki BSKlarning manfaatlari ilgari surilmoqda

Bundan tashqari, Toshkent shahrida koʻp kvartirali uylarni boshqarishda ishtirok etayotgan bir necha soha ekspertlari bilan oʻtkazilgan onlayn uchrashuvda mahalliy davlat idoralarining vakillari noqonuniy va notoʻgʻri harakatlari bilan sohada qator muammolarni yuzaga keltirayotganligini, ushbu muammolar aholining kayfiyatiga salbiy taʼsir etayotganligi, ularni bartaraf etish borasida qilayotgan murojaatlari hal etilmay kelinayotgani maʼlum qilindi.

Jumladan, koʻp kvartirali uylar qonunchilikka zid ravishda belgilangan tartibda tanlov oʻtkazmasdan mulkdorlar, yaʼni ushbu uylarda yashovchi aholining roziligisiz tuman hokimlari tomonidan bayonnoma asosida boshqaruv kompaniyalariga biriktirib berilishi aholining jiddiy eʼtirozlariga sabab boʻlgan.

Masalan, ekspertlar tomonidan (oʻz ehtiyorida mavjud boʻlgan) taqdim etilgan hujjatlarga koʻra 2024-yilda Yashnobod tumani hokimligi 8 ta bayon asosida 1096 ta koʻp kvartirali uyni, Mirzo Ulugʻbek tumani hokimligi 17 ta koʻp kvartirali uyni, Yunusobod tumani hokimligi 115 ta koʻp kvartirali uyni 2 ta bayon asosida ochiq tanlovlar oʻtkazmasdan boshqaruv kompaniyalariga biriktirish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan.

Bundan tashqari, mahalliy davlat idoralari uy-joy mulkdorlari shirkatlari shaklida boshqarilayotgan koʻp kvartirali uylarni BSKlarga oʻtkazish boʻyicha bosim qilish holatlari aniqlandi.

Yaʼni, mulkdorlar fikrini inobatga olmasdan “bir mahalla – bir boshqaruv servis kompaniyasi” tamoyili tashabbus qilinib, BSKlarga biriktirib berilishi, aholining emas balki BSKlarning manfaatlarini ilgari surishga maʼmuriy aralashuv sifatida qaralmoqda.

Koʻplab BSKlar tomonidan majburiy badallarni belgilashda qonunchilik talablariga rioya qilinmasligi hamda koʻrsatilayotgan xizmatlar haqida aholiga hisobot berilmasligi sohada shaffoflik tamoyillariga zid ravishda ish yuritilayotganligini koʻrsatmoqda.

BSKlar tomonidan majburiy badallarning tushumlari va koʻp kvartirali uy-joyni boshqarish xarajatlari haqida mulkdorlarga yilda ikki marotaba hisobot taqdim etib borishi belgilangan. Ammo, aksariyat BSKlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar va sarf-xarajatlar toʻgʻrisida mulkdorlarga hisobot berilmagani yuzasidan shikoyatlar etarlicha.

BSKlar faoliyati yuzasidan oʻtkazilgan anonim soʻrov natijalari bu boradagi munosabatlarga oydinlik kiritishga yordam berdi.

BSK fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarga qay darajada tez javob berishi boʻyicha soʻrovda qatnashgan mulkdorlarning 26,6 foizi muammolar yuzasidan murojaatlar bir hafta ichida hal etilishini bildirgan. 17,4 foiz respondent muammolarning 1 oy, yoki undan koʻproq vaqt talab qilishini, 17,4 foizi esa umuman javob ololmasligini qayd etgan.

30,8 foiz respondentlar BSKga koʻp kvartirali uylarni topshirish tizimi yoʻlga qoʻyilganidan soʻng hech qanday oʻzgarish kuzatilmaganni ularning 16,9 foizi esa umuman xizmat koʻrsatilmasligini bildirgan.

Qanday takliflar bor?

Shu bilan birga, soʻrovda ishtirok etgan aholi tomonidan BSKlardan qoʻshimcha xizmatlar taqdim etish va mavjud xizmatlarning sifatini oshirish boʻyicha bir qator takliflar bildirildi.

46,1 foiz respondent atrof-muhitni obodonlashtirish va yashil hududlarni koʻpaytirish muhim deb hisoblasa, 45,7 foizi xavfsizlikni oshirish maqsadida ochiq joylarda videokuzatuv oʻrnatilishini talab qilmoqda.

Respondentlarning 44 foizi tomonidan oylik majburiy badallarni belgilashda mulkdorlar fikri hisobga olinmaganini belgilangan, 14,7 foizi esa ularning eʼtirozlariga qaramasdan yuqori narxlar belgilanganini qayd etgan.

Respondenlarning 27,1 foizi boshqaruv kompaniyalari hech qanday xizmat koʻrsatmasdan, pul yigʻilishidan noroziligini bildirgan. Shu bilan birga, 24,1 foiz respondentlar xizmatlar hajmi va sifatiga nisbatan narxlar yuqoriligini taʼkidlagan.

Oʻtkazilgan tahlillar koʻrsatmoqdaki, koʻp kvartirali uylarni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qaramasdan, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatida samaradorlik, hisobdorlik va xizmat sifatiga oid qator muammolar mavjudligicha qolmoqda. Jumladan, mulkdorlar tomonidan boshqaruv shaklini erkin tanlash imkoniyatining cheklangani, BSKlar faoliyatida shaffoflikning yetishmasligi va mahalliy davlat organlari tomonidan jarayonlarga asossiz aralashuv kuzatilmoqda. Bu esa aholining sohadagi islohotlarga nisbatan ishonchiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida aniqlangan muammolar va ularning yechimi yuzasidan quyidagi takliflar bildiriladi:

Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini toʻliq qayta koʻrib chiqib, unda quyidagi jihatlar inobatga olinishi kerak:

  • boshqaruv kompaniyalarni tanlashda mulkdorlarning bevosita ishtirokini taʼminlash;
  • bitta boshqaruv kompaniyasi xizmat koʻrsatishi mumkin boʻlgan koʻp kvartirali uylarning chegaraviy miqdorini belgilash;
  • boshqaruv kompaniyalari tomonidan sifatli xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida ularning zarur salohiyat, asbob-anjom va mutaxassislar bilan taʼminlanishi ustidan samarali nazorat mexanizmini joriy etish;
  • boshqaruv kompaniyalari va mulkdorlar oʻrtasidagi munosabatlarni toʻliq raqamlashtirish maqsadida oʻzaro munosabatlarning yagona onlayn-platformasini tashkil qilish, unda jamoatchilik bilan faol muloqot va boshqaruv kompaniyalari faoliyatini baholash imkoniyatlarini yaratish;
  • mulkdorlar tomonidan BSKlarga har oylik majburiy badallarning minimal miqdorini belgilash amaliyotini bekor qilish va uni erkin bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asosan shakllantirish.

Shu bilan birga, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda mavjud BSKlar faoliyatini toʻliq xatlovdan oʻtkazib, aholi fikrini inobatga olgan holda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish zarur.

Mavjud muammolarni hal etish maqsadida qonun ustuvorligini taʼminlash, aholi manfaatlarini himoya qiluvchi ochiq va samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, BSKlarning moddiy va institutsional salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, xalqaro tajribaga asoslangan yondashuvlarni qoʻllash maqsadga muvofiq.

Теги :
Jamiyat