$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Xalq murojaatini ko‘rib chiqishda eng befarq davlat idorasi qaysi?

Xalq Qabulxonasi Foto: Daryo

O‘zbekistonda fuqarolarning davlat organlariga yo‘llayotgan murojaatlari bilan ishlash sifati va tezkorligi qat’iy nazorat ostiga olindi. Prezident Xalq qabulxonasi matbuot xizmati taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, vazirliklar, markaziy idoralar va mahalliy hokimliklarning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati atroflicha o‘rganib chiqildi. Tekshirishlar natijasida mamlakatdagi 41 ta davlat tashkilotida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlari asossiz ravishda kechiktirilgan 1070 ta holat aniqlandi. Mavjud kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish hamda qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish maqsadida Xalq qabulxonasi tomonidan tegishli idoralar rahbarlariga rasmiy nazorat xatlari yuborildi.

Murojaatlar ijrosini ta’minlashda eng ko‘p sustkashlikka yo‘l qo‘ygan davlat organlarining tahliliy ko‘rsatkichlari ma’lum bo‘ldi. Hisobot davrida muddat buzish holatlari bo‘yicha Andijon viloyati hokimligi mutloq yetakchilik qilmoqda — ushbu hududda 137 ta qonunbuzilish holati qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarni Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 107 ta hamda Surxondaryo viloyati hokimligi 103 ta holat bilan egallab turibdi. Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida 79 ta, Mahallalar uyushmasida 65 ta hamda Toshkent shahri hokimligida 55 ta ana shunday kechikish holatlari aniqlangan. Ro‘yxatning quyi qismidan Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi (har birida 45 tadan), shuningdek, Namangan viloyati hokimligi (44 ta holat) joy olgan.

O‘rganishlar davomida yuzaga chiqqan qonunbuzilishlar ortidan mutasaddi idoralarda ichki xizmat tekshiruvlari o‘tkazildi. Uning yakunlariga ko‘ra, o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan 36 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan bo‘lsa, yana 19 nafar xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Fuqarolarning 600 ga yaqin murojaatini ko‘rib chiqish jarayonida muddatlarni muntazam ravishda buzib kelgan va ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etmagan 13 ta vazirlik hamda idoraga oid to‘plangan hujjatlar vaziyatga qonuniy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.

Xalq qabulxonalariga yuridik shaxs maqomi berildi

Ma’lumot uchun, aholi bilan muloqot tizimini tubdan yaxshilash maqsadida joriy yilning 1-aprel kuni davlat rahbari tomonidan maxsus farmon imzolangan edi. Mazkur xujjat fuqarolar va davlat idoralari o‘rtasida ochiq, samarali muloqot o‘rnatish, shuningdek, shaxslarning murojaat qilish huquqini so‘zsiz ta’minlash orqali ularning yurt boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishni ko‘zda tutadi. Farmonga muvofiq, Xalq qabulxonalari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida yagona vertikal boshqaruv tizimi joriy etilmoqda. Endilikda mazkur tuzilmalar joylardagi “mahalla yettiligi” hamda davlat idoralarining axborot xizmatlari bilan uzviy hamkorlikda ishlaydi. Bu esa muammolarning bevosita hududlarning o‘zida qabul qilinishi va yechim topishiga xizmat qiladi.

Tizimda amalga oshirilayotgan eng katta o‘zgarishlardan biri — Prezident Xalq qabulxonasiga mustaqil yuridik shaxs maqomining berilishi bo‘ldi. Hududlarda faoliyat yuritadigan xalq qabulxonalari esa alohida yuridik shaxs hisoblanmay, uning tarkibiy bo‘linmalari sifatida faoliyatini davom ettiradi va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Mazkur tizim ishini muvofiqlashtirish bevosita Prezident administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamentiga yuklatilgan. Eslatib o‘tamiz, aprel oyining boshida ushbu departament rahbarining o‘rinbosari Farrux Omonov Xalq qabulxonasi rahbari etib tayinlangan edi.

Xalq qabulxonasining kengaytirilgan vakolatlari

Yangi tartibga ko‘ra, Xalq qabulxonasining asosiy vazifalari doirasiga davlat rahbari va Prezident administratsiyasiga murojaat qilgan jismoniy hamda yuridik shaxslarni qabul qilish, ularning arizalarini to‘liq va xolis ko‘rib chiqishni ta’minlash kiradi. Ushbu tuzilma barcha davlat organlari va tashkilotlarida murojaatlar bilan ishlash jarayonini nazorat qiladi. Joylarda aniqlangan va arizalarda ko‘tarilgan tizimli kamchiliklarni chuqur tahlil qilib, tegishli materiallarni tayyorlaydi hamda vazirlik va hokimliklarga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar yuboradi.

Zururat tug‘ilganda, Xalq qabulxonasi huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, nazorat organlari va “mahalla yettiligi” vakillarini jalb etgan holda hududlardagi muammolarni bevosita o‘rganish huquqiga ega. Shuningdek, u rahbarlarning sayyor va ommaviy qabullari o‘tkazilishini nazorat qilib, xalqning noroziligiga sabab bo‘layotgan masalalar yuzasidan shunday qabullarni tashkil etish bo‘yicha majburiy talabnomalar kiritadi. Murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan tayyorlangan tahliliy hisobotlar doimiy ravishda parlament palatalariga va xalq deputatlari kengashlariga taqdim etib boriladi.

Qonunchilik buzilgan holatlarda Xalq qabulxonasi rahbarlarga ijrosi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritishi, hatto ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirib, ularni ko‘rib chiqish uchun sud organlariga yo‘llashi mumkin. Davlat organlaridan har qanday statistik va tahliliy ma’lumotlarni talab qilish, muammolarni o‘rganish uchun barcha idoralar hududi va binolariga moneliksiz kirish vakolati ham berilgan. Agar davlat tashkilotlari Xalq qabulxonasining qonuniy talab va ko‘rsatmalarini bajarmasa, tegishli choralar ko‘rish uchun materiallar prokuratura organlariga taqdim etiladi.

Muddatlar ustidan qat’iy monitoring

Joriy yilning 1-mayidan boshlab Prezidentning virtual qabulxonasi orqali kelib tushadigan murojaatlarni nazorat qilishning mutlaqo yangi tizimi yo‘lga qo‘yildi. Unga ko‘ra, belgilangan ijro muddati o‘tib ketgan murojaatlar hech qanday inson omilisiz, avtomatik ravishda yuqori turuvchi davlat organining tizimiga o‘tkaziladi. Tizimga kelayotgan arizalar shoshilinch, odatiy hamda maslahat talab qiluvchi toifalarga ajratilgan holda qabul qilinmoqda. Sifatsiz ijro tufayli nazoratga qaytarilgan murojaatlar esa yuqori organlar tomonidan uch ish kuni ichida qaytadan puxta o‘rganib chiqilishi shart.

Shu bilan birga, davlat idoralari rahbarlarining aholi bilan ishlash bo‘yicha hisobotlarini eshitishning davriy tizimi joriy etildi. Endilikda markaziy idoralar rahbarlarining hisobotlari har chorakda kamida bir marta Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatida, hokimlar hamda hududiy tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari esa Senat yoki mahalliy kengashlar majlislarida eshitiladi. Davlat organlarining axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan birgalikda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi e’tirozlarni monitoring qilib boradi va bu ko‘rsatkich ularning faoliyat samaradorligini baholashda asosiy mezonlardan biri bo‘ladi.

Shaxsiy mas’uliyat va ochiq reyting tizimi

Yangi nizomga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, barcha viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman va shahar hokimlari tegishli hududiy xalq qabulxonalariga jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi. Ularning zimmasiga fuqarolarni shaxsan qabul qilish, muammolarni joyida hal etish va arizalarni tahlil qilish majburiyati yuklatildi. Tizimli muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish uchun barcha idora va hokimliklarda doimiy ishchi guruhlar tuziladi. Ularga tashkilotlarning birinchi rahbarlari boshchilik qiladi va har uch oyda ishlab chiqilgan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

Shaffoflikni ta’minlash maqsadida Virtual qabulxona platformasida har olti oyda davlat organlari va hokimliklarning reytingi e’lon qilib boriladi. Ushbu reytingda murojaatlar soni, ularning ijobiy hal etilishi, muddatlarga rioya qilinishi hamda takroriy arizalar salmog‘i inobatga olinadi. Kelgusida shaxsiy va sayyor qabullar to‘liq raqamlashtirilib, nazorat yanada kuchaytiriladi.

Hududlar va shahar rahbarlari har chorakda amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusi rejalari haqida jamoatchilikka batafsil hisobot e’lon qilishi belgilangan. E’tiborli jihati, aholi tomonidan yo‘llangan jamoaviy murojaatlar bevosita fuqarolar va “mahalla yettiligi” ishtirokida joyiga chiqqan holda o‘rganiladi va faqat ularning roziligi olingandan keyingina nazoratdan chetlashtiriladi. Umuman olganda, ushbu tizimni mukammallashtirishda ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi hamda keng jamoatchilikning taklif va mulohazalari muntazam ravishda inobatga olinmoqda.

Теги :
Jamiyat