$
 12844.00
18.99
 13550.42
-1.77
 128.30
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

Biznesda qo‘shimcha ishchi kuchiga talab oshmoqda

O‘zbekiston Markaziy banki 2024-yilning III choragi uchun biznes kayfiyati sharhini e’lon qildi. Ma’lum bo‘lishicha, turizm, maishiy xizmatlar va ishlab chiqarish sohalarida yangi xodimlarga talab yuqori.

Ishchi kuchiga talab qayerlarda oshmoqda?

Tadqiqotda 2 mingdan ortiq tadbirkor ishtirok etgan bo‘lib, natijalar biznesning qaysi yo‘nalishlarda rivojlanayotganini ko‘rsatib beradi. Sharh natijalariga ko‘ra, Samarqand va Andijon viloyatlaridagi tadbirkorlar qo‘shimcha ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojning ortganini qayd etishgan. Turizm, maishiy xizmatlar va ishlab chiqarish sohalarida yangi xodimlarga talab yuqori.

Yil oxiriga qadar Toshkent shahrida yetkazib berish, tibbiyot va savdo sohalarida ishchi kuchiga talab oshishi kutilmoqda. Aksincha, qishloq xo‘jaligi, moliya va ishlab chiqarish sohalarida bu ko‘rsatkich pasayishi taxmin qilinmoqda.

Ishlab chiqarish quvvatlari va iqtisodiy faollik

Tadbirkorlarning 54 foizi III chorakda ishlab chiqarish quvvatlaridan o‘rta yoki yuqori darajada foydalanganini ma’lum qilgan. Ammo bu ko‘rsatkich avvalgi chorakka qaraganda biroz pasaygan.

Quvvatdan foydalanishning pasayishi Sirdaryo, Qashqadaryo, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘istonda kuzatilgan bo‘lsa, aksincha, Jizzax va Farg‘ona vodiysi hududlarida ijobiy o‘zgarishlar qayd etilgan.

Tadbirkorlikka to‘siqlar: Gaz va elektr muammosi

Ishlab chiqarish faoliyatini to‘liq amalga oshirmaslikning asosiy sabablari orasida:

 • Gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar,

 • Avtomobil yoqilg‘isi narxining oshishi,

 • Soliq tizimidagi qiyinchiliklar mavjudligi ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, gaz va elektr energiyasidan foydalanishning o‘sish sur’ati pasaygan, bu esa iqtisodiy faollikka ta’sir qilmoqda.

Qarz yuklari va kreditlar

So‘nggi choraklarda tadbirkorlarning qarz yuklari barqaror darajada saqlanib qolgan. Ammo Samarkand, Jizzax va Toshkent shahri bo‘yicha qo‘shimcha kreditga bo‘lgan ehtiyoj ortishi prognoz qilingan.

Mamlakat bo‘ylab kredit talabida pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda ijobiy o‘sish kutilmoqda.

So‘rovda ishtirok etgan tadbirkorlarning 57 foizi biznes muhiti yaxshilanganini ta’kidlashgan. Bank xizmatlari sifati, kredit olish imkoniyatlarining kengayishi va litsenziya olish jarayonlarining soddalashuvi bu o‘zgarishlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.