$
 12844.00
18.99
 13550.42
-1.77
 128.30
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

Sun’iy intellekt ta’limda qo‘llansa, o‘qituvchining vazifasi butunlay o‘zgarib ketadi

ai teach

Ta’limda sun’iy intellekt qo‘llanilishi rejalashtirilganda, qator yangilanishlar bo‘lishi ehtimoli ham ko‘rib chiqilmoqda. Germaniyaning eng yirik universitetlaridan biri rahbari taʼlim kelajagi haqida fikr bildirdi.

O‘quv jarayonining tezlashishi

Sven Shyutt, IU universiteti rahbari, McKinsey konsalting kompaniyasi veb-saytiga bergan intervyusida taʼlimda sunʼiy intellekt (SI) qoʻllanilishi haqida toʻxtaldi. Uning soʻzlariga koʻra, SI talabalarga nafaqat yangi fanlarni oʻrganish, balki individual oʻquv jarayonini sezilarli darajada tezlashtirish imkonini ham yaratadi.

Oʻquv muddati qisqaradi: imkoniyatlar va xavotirlar

Universitet mutaxassislarining baholashicha, AI-tyutorlar yordamida talabalar oʻquv jarayonini 50% tezlashtirish mumkin. Sven Shyutt taʼkidlaydiki, sunʼiy intellekt yordamida maktab va universitetdagi umumiy oʻqish muddati uchdan bir qismga qisqarishi mumkin.

Bunday oʻzgarish yoshlarga bir qancha yangi imkoniyatlarni ochib beradi:

– Bitiruvchilar mehnat bozoriga tezroq chiqishadi.

– Ular real ish sharoitiga mosroq koʻnikmalarga ega boʻlishadi.

Biroq taʼlimning qisqarishi ijtimoiy va shaxsiy rivojlanishga qanday taʼsir qilishi nomaʼlumligicha qolmoqda. Maktab va universitet nafaqat bilim olish, balki shaxs shakllanishi va ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirish uchun ham muhim ekani taʼkidlanmoqda. Sunʼiy intellekt bu jarayonlarni qanchalik qoʻllab-quvvatlay oladi, hozircha savol boʻlib qolmoqda.

Oʻqituvchining roli butunlay oʻzgarib ketadi

Sven Shyuttning fikricha, texnologiyalar oʻqituvchining anʼanaviy vazifalarining qaysilarini insonlarga qaraganda yaxshi bajarishini aniqlash zarur. U sunʼiy intellekt qoʻllanilishi mumkin boʻlgan ikki muhim jihatni taʼkidlaydi:

– oʻquv dasturlarini talabalar ehtiyojlariga moslashtirish (personalizatsiya)

– baholash jarayoni

Unga koʻra, oʻqituvchilarni bu vazifalardan ozod qilish mumkin.

Shunday boʻlsa, oʻqituvchida qanday vazifalar qoladi? 

Sven Shyutt taʼlimda ijtimoiy kontekst muhim ekanligini taʼkidlaydi:

“Insonlarga taʼlimda ijtimoiy muhit kerak boʻladi, uni oʻqituvchi yaratadi, qoʻllab-quvvatlaydi va rivojlantiradi. Lekin taʼlimning boshqa jihatlari, jumladan baholash va oʻquv dasturlarini personalizatsiya qilish, sunʼiy intellekt yordamida sezilarli darajada takomillashtirilishi mumkin. Bu, ayniqsa, ishlaydigan kattalar uchun muhim, chunki ularga moslashuvchan va personallashtirilgan taʼlim variantlari zarur. … Kelajakda oʻqituvchilar bilim beruvchilar emas, balki ijtimoiy muhit yaratuvchilarga aylanadi. Bizning oʻqituvchilarimiz haqida bilganlarimizga asoslanib, bu rol ular uchun koʻproq foyda keltirishini taxmin qilyapmiz, harchand u anʼanaviy dars oʻtish modelidan ancha farq qiladi. Men shaxsan buni ijobiy oʻzgarish deb hisoblayman, ammo bu sunʼiy intellekt yordamidagi oʻquvchilar bilan hamkorlikning butunlay yangi shartlarini keltirib chiqaradi”.

Umrbod taʼlimning gullab-yashnash davri keladi

Sunʼiy intellekt texnologiyalarining ijobiy jihatlariga qaramay, katta yechimini topmagan savollar mavjud.

Sven Shyuttning fikricha, sunʼiy intellekt yordamida odamlar umrbod taʼlimni oʻziga xos tarzda qabul qila boshlaydi. U har bir inson shaxsiy AI-kompanyonga ega boʻlishini taxmin qiladi:

“AI-kompanyon bizga nimani oʻrganish kerakligini eslatib turadi va barcha maʼmuriy vazifalarni bajaradi. Bu bizning oʻqish jarayoniga koʻproq eʼtibor qaratish imkonini beradi”.

Bunday kelajakda formal taʼlim va shaxsiy qiziqish uchun olib boriladigan norasmiy taʼlim chambarchas bogʻliq boʻladi.