$
 11968.59
16.35
 14020.01
56.21
 147.74
-0.07
weather
+26
Кечаси   +14°

15 ming dollar to‘lamasangiz, AQShga viza yo‘q

viza

So‘nggi paytlarda AQSh vizasi bilan bog‘liq yangiliklar ko‘pchilikni hushyor torttirdi. Avvallari viza olishning o‘zi murakkabdek tuyulgan bo‘lsa, endi esa ayrim davlatlar fuqarolari vizadan tashqari AQShga garov puli ham topshirishi lozim. Rasmiylar bu chorani viza shartlarini buzish holatlarini kamaytirish bilan izohlamoqda. 

Xo‘sh, kimlar 15 ming dollar to‘laydi?

Viza garovi nima?

Viza garovi — bu ayrim davlatlar vaqtinchalik viza olayotgan chet elliklardan talab qiladigan moliyaviy kafolatdir. Uning asosiy maqsadi viza olgan shaxs vizadagi shartlarga, ayniqsa mamlakatda qolish muddatiga rioya qilishini ta’minlashdir.

Har yili AQSh minglab chet elliklarga vaqtinchalik vizalar beradi. Bu vizalar talabalarga, sayyohlarga va ishlash uchun kelayotganlarga beriladi va ularning muddati bir necha haftadan bir necha yilgacha bo‘lishi mumkin.

Agar odam vizada belgilangan muddat tugaganidan keyin ham AQShda qolib ketsa, bu holat viza muddati buzilishi deb ataladi.

Ko‘plab davlatlar viza berishda odamdan yetarli mablag‘i borligini isbotlashni so‘raydi, ammo odatda kirishdan oldin qaytariladigan garov puli talab qilmaydi. Masalan, Yangi Zelandiya avvallari viza garovi tizimini qo‘llagan, lekin keyinchalik undan voz kechgan. Buyuk Britaniya ham 2013-yilda ayrim “xavfli” davlatlardan keluvchilar uchun garov puli joriy etishga uringan, ammo bu rejani tez orada bekor qilgan.

Garov puli qaysi vizalar uchun joriy etilgan?

Joriy yilning avgust oyidq AQSh immigratsiya qoidalarini yanada qat’iylashtirgan edi. Bunda ayrim davlatlardan keladigan sayyohlar va ishbilarmonlar AQShga kirish uchun 15 ming dollargacha garov puli to‘lashi kerak. Bu qaror vizasi tugagach mamlakatdan chiqib ketmay qoladiganlar ko‘p bo‘lgan davlatlarga qaratilgan. Statistikaga ko‘ra, hujjatsiz muhojirlarning qariyb 40 foizi aynan viza muddati o‘tib ketgan bo‘lsa ham chiqib ketmagan shaxslardir.

Yangi tartib B-1 (ish) va B-2 (turistik) vizalariga taalluqli bo‘lib, 20-avgustdan kuchga kirgandi. Agar kelgan mehmon viza shartlariga amal qilib, belgilangan vaqtda AQShni tark etsa, to‘langan garov puli qaytariladi.

Yangi qoida avvalroq joriy etilgan ayrim davlatlar uchun sayohat taqiqlari va boshqa qo‘shimcha to‘lovlardan keyin paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, bu talab Meksika, Kanada va Visa Waiver dasturiga kirgan 40 dan ortiq davlat fuqarolariga tatbiq etilmaydi. Bu dastur orqali ayrim mamlakatlar fuqarolari AQShga 90 kungacha vizasiz borishi mumkin.

Viza garovi qancha bo‘ladi?

AQSh taklif qilayotgan viza garovi 5 ming, 10 ming va 15 ming dollar miqdorida bo‘ladi.Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, dastur davomida taxminan 2 ming nafar viza oluvchi shunday garov puli to‘lashi kerak bo‘ladi. Agar o‘rtacha garov miqdori 10 ming dollar deb olinsa, jami garov summasi 20 million dollarni tashkil etadi.

Garov miqdorini konsullik xodimlari belgilaydi. Bunda arizachining shaxsiy holati ham inobatga olinadi. Masalan, safar maqsadi, ish joyi, daromadi, kasbi va ma’lumoti ko‘rib chiqiladi.

Ba’zi alohida holatlarda garovdan ozod qilish ham mumkin. Masalan, AQSh hukumati xodimlari bilan bog‘liq safarlar yoki favqulodda gumanitar vaziyatlar bo‘lsa, konsullik bunday imtiyoz berishi mumkin.

Bu tajriba avval ham bo‘lganmi?

Bu g‘oya aslida yangi emas. Tramp prezident bo‘lgan 2020-yilda AQSh viza garovi tizimini sinab ko‘rishga uringan, ammo o‘sha paytda pandemiya sabab sayohatlar keskin kamayib ketgani uchun dastur to‘liq ishga tushmagan.

Oldinroq Davlat departamenti konsullarga bunday garovlarni talab qilmaslikni tavsiya qilgan edi. Sababi bu jarayon ortiqcha murakkab va odamlar orasida noto‘g‘ri tushuncha uyg‘otishi mumkin deb hisoblangan. Lekin hozir rasmiylar bu fikr so‘nggi yillarda aniq dalillar bilan tasdiqlanmaganini aytmoqda, chunki viza garovlari deyarli qo‘llanilmagan va 2020-yildagi tajriba ham yetarli natija bermagan.

Shu bilan birga, hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, viza bilan kelib, belgilangan muddatda AQSHni tark etmaganlar soni juda ko‘p. Hisobotlarda yuz minglab odamlar viza shartlariga amal qilmay qolib ketgani qayd etilgan. Aynan mana shu muammo viza garovi masalasini yana kun tartibiga olib chiqmoqda.

Qaysi davlatlarga ta’sir qiladi?

AQSh Davlat departamentining 2025-yil 5-avgustdagi e’lonida viza garovi talabi dastlab Malavi va Zambiya fuqarolariga qo‘llangandi.

20-avgustdan boshlab ushbu ikki davlat fuqarolari AQShga B-1 (biznes) va B-2 (sayyohlik) vizasi uchun murojaat qilganda 15 ming dollargacha garov puli to‘lashlari kerak bo‘lgan.

Davlat departamenti vakili Tammi Bryus esa keyinchalik ro‘yxat kengayishi mumkinligini aytgandi. 2026-yilning 5-yanvar kuni e’lon qilingan ma’lumotlarga qaraganda, endi bu ro‘yxatga Turkmaniston, Butan, Botsvana, Markaziy Afrika Respublikasi, Gvineya, Gvineya-Bisau va Namibiya kiritildi. Hozircha O‘zbekiston ushbu ro‘yxatga kiritilmadi. Biroq, ro‘yxat vaqt o‘tishi bilan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

Qaysi davlatlarda viza muddati buzilishi ko‘p uchraydi?

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023-yilda Afrikadagi ko‘plab davlatlar, shuningdek Gaiti, Laos, Myanma va Yaman fuqarolari orasida B-1 (biznes) va B-2 (sayyohlik) vizasi bilan kelib, muddati tugagach mamlakatdan chiqib ketmaslik holatlari eng ko‘p qayd etilgan.

Shuningdek, Donald Tramp joriy qilgan 12 davlatga nisbatan sayohat taqiqi ro‘yxatiga kirgan mamlakatlarning aksariyatida ham viza muddati buzilishi yuqori ekani aniqlangan. Bu davlatlar orasida Chad va Eritreya ham bor.

Noqonuniy yashayotgan muhojirlarning qanchasi viza muddatini buzgan?

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi Kongressga bergan hisobotida 2023-yilda viza egalari tomonidan taxminan 39 million ta chiqib ketish bo‘lishi kutilganini aytgan. Shu yilning o‘zida 400 mingga yaqin kishi viza muddati tugagach mamlakatni tark etmagan.

Mutaxassislarning fikricha, noqonuniy muhojirlarning sezilarli qismi aynan shunday viza muddati buzganlardan iborat. Bu holat AQSHdagi ruxsatsiz muhojirlar sonining oshishiga sabab bo‘layotgan omillardan biri hisoblanadi.

1990-yillar ma’lumotlariga tayangan holda, AQSh immigratsiya xizmati 2002-yilda noqonuniy muhojirlarning 41 foizi viza muddati buzganlar ekanini aniqlagan. Bu raqam keyinchalik ko‘plab siyosatchilar tomonidan ham keltirib o‘tilgan.

2003-yilda ma’lumotlar qayta ko‘rib chiqilib, 2000-yil holatiga ko‘ra bu ko‘rsatkich 33 foiz ko‘p ekani aytilgan. Keyingi yillarda esa Migratsiya tadqiqotlari markazi 2014-yilda noqonuniy muhojirlarning taxminan 42 foizi viza muddati buzganini aniqlagan va bu raqam 2024-yilda ham qayd etilgan.

Mutaxassislar viza muddati buzganlarni aniqlash va hisoblash oson emasligini ta’kidlaydi. Sababi, so‘nggi yillarda muhojirlarning mamlakatga kirish usullari va kelib chiqishi o‘zgargan, mavjud statistik ma’lumotlar esa buni to‘liq aks ettirmaydi.

Теги :
Jamiyat