$
 12258.38
16.21
 14455.08
-67.81
 159.49
-0.41
weather
+26
Кечаси   +14°

Quyosh bor, vitamin yo‘q: Nega o‘zbekistonliklarda D vitamin yetishmaydi?

vitamin

Bugungi kunda dunyo bo‘yicha 1 milliardga yaqin odam D vitamini yetishmovchiligi bilan yashamoqda. Hatto quyoshli mamlakat bo‘lgan O‘zbekistonda ham o‘smirlar va bolalarning katta qismi D vitamin tanqisligidan aziyat chekadi. Qizig‘i, quyosh — D vitaminining tabiiy va eng kuchli manbai hisoblanadi. Shu o‘rinda bir qancha savollar tug‘iladi: Quyosh ko‘p bo‘lgan yurtda odamlar qanday qilib D vitaminiga muhtoj bo‘lib qolmoqda? D vitamin yetishmasligi nimalarga sabab bo‘ladi? Buni qanday davolash mumkin?

Nima uchun D vitamini yetishmaydi?

D vitamini yetishmasligining eng katta sababi bu odamlarning quyosh nurlaridan yetarli foydalanmasligidir. Aslida bu vitaminning asosiy qismi terida aynan quyosh nuri ta’sirida hosil bo‘ladi, biroq zamonaviy hayot tarzi odamlarni butun kun ofis, uy yoki yopiq joylarda ushlab qo‘ymoqda. Bundan tashqari, noto‘g‘ri ovqatlanish ham muhim omil. Baliq, tuxum sarig‘i, sut mahsulotlari kabi D vitaminiga boy mahsulotlar kam iste’mol qilinganda organizm bu vitaminni yetarlicha ololmaydi.

Yosh, terining tabiiy rangi, yashaydigan mintaqaning ob-havosi ham juda ahamiyatli. Masalan, terisi qoramtir odamlarning quyosh nurini kamroq qabul qiladi, natijada D vitamin sintezi sekinlashadi. Shuningdek, ba’zi tibbiy holatlar ham bu jarayonga ta’sir qiladi. Surunkali kasalliklar, ovqat hazm qilishdagi muammolar yoki ichak kasalliklari organizmning D vitaminini so‘rib olishini yomonlashtiradi va tanada yetishmovchilik yuzaga keladi.

D vitamin yetishmasligining tanaga ta’siri

D vitamini tanadagi juda ko‘p jarayonlarga ta’sir qiladi, shu sababli uning yetishmasligi birinchi navbatda suyaklarga zarar yetkazadi. Bu vitamin suyaklarda kalsiy va fosfor almashinuvini boshqaradi. U yetishmasa, suyaklar mo‘rtlashib, kattalarda osteoporoz yoki osteomalaziya, bolalarda esa raxit paydo bo‘lishi mumkin.

Tana kuchsizlanishi ham keng tarqalgan belgi. Mushaklar og‘riydi, bo‘g‘imlar og‘irlashadi, odam tez charchaydi va o‘zini “energiyasi yo‘qdek” his qiladi.

D vitaminining kamayishi immunitetni ham zaiflashtiradi. Organizm himoyasi sustlashgani uchun odam tez-tez shamollaydi, viruslar oson yuqadi va kasallikdan tuzalish uzoq vaqt oladi. Bu vitamin faqat jismoniy sog‘liq uchun emas, ruhiy holat uchun ham muhim. Tadqiqotlar D vitamini yetishmaydigan odamlarda kayfiyat tushishi, diqqatning tarqoqligi, xotira bilan bog‘liq muammolar va hatto depressiya belgilari uchrashi mumkinligini ko‘rsatadi.

Bolalar uchun esa vaziyat yanada jiddiy bo‘lib, D vitamini bolaning suyaklari to‘g‘ri o‘sishi va organizmi rivojlanishi uchun zarur. Bu vitaminning yetishmasligi bolaning o‘sishini sekinlashtirishi va suyaklarda deformatsiyaga olib kelishi mumkin.

Nega ko‘plab o‘zbekistonliklar uchun bu muammo dolzarb?

O‘zbekiston quyoshli mamlakat bo‘lsa-da, odamlarning ko‘pchiligi zamonaviy hayot tarzida kunning katta qismini uyda yoki ofisda o‘tkazadi. Kompyuter oldida ishlash, yopiq joylarda yurish, terini quyoshdan himoya qilish kabi odatlar terida D vitamini sintezini sezilarli darajada kamaytiradi. Shuning uchun quyosh ko‘p bo‘lsa ham, odamlar yetarli D vitamini ololmayapti.

Bolalar va yoshlar orasida noto‘g‘ri ovqatlanish ham katta muammo. Tez tayyor bo‘ladigan ovqatlar, yog‘li va foydasiz mahsulotlar, temir va vitaminlarga boy ovqatlarning yetishmasligi organizmni holdan toydiradi va D vitamini darajasini pasaytiradi. Tadqiqotlar bu yosh guruhlarda vitamin yetishmovchiligi juda keng tarqalganini ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, ota-onalar va hatto ayrim shifokorlar orasida ham D vitamini yetishmasligining oqibatlari haqida yetarli tushuncha yo‘q. Ko‘pchilik bu holatni jiddiy qabul qilmaydi, natijada vaqtida tekshiruvdan o‘tilmaydi. Shu sabab bugun yoshlarning ham, bolalarning ham, kattalarning ham katta qismi D vitamini tanqisligi bilan yashamoqda. Bu esa suyakdan tortib mushaklarga, immunitetdan ruhiy holatgacha — butun sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Nima qilish kerak?

Quyosh — D vitaminining eng tabiiy va eng kuchli manbai. Shuning uchun D vitamini yetishmovchiligining oldini olish uchun eng avvalo quyosh nurlaridan to‘g‘ri foydalanish kerak. Har kuni, hech bo‘lmasa 15–30 daqiqa ochiq havoda, ayniqsa tonggi yoki kechki quyosh ostida yurish tanaga juda katta foyda beradi. Ovqatlanishga jiddiy e’tibor berish ham muhim. Baliq, tuxum sarig‘i, sut va sut mahsulotlari kabi D vitaminiga boy taomlarni ratsionga ko‘proq qo‘shish organizmga yetishmayotgan vitaminni tabiiy yo‘l bilan to‘ldirishga yordam beradi. Bu mahsulotlar muntazam iste’mol qilinsa, tanadagi vitamin darajasi asta-sekin yaxshilanadi.

Agar organizmda D vitamini darajasi juda past bo‘lsa yoki odam quyoshga kam chiqadigan bo‘lsa, shifokor tavsiyasi bilan qo‘shimcha vitamin qabul qilish kerak bo‘ladi. Bu ayniqsa bolalar, keksalar va to‘yinish muammosi bo‘lganlar uchun juda muhim. Vitamin darajasi haqiqatan pastmi yoki yo‘qligini bilish uchun qon tahlili topshirish eng to‘g‘ri yo‘l. 25-(OH) D testi tanada D vitaminining real holatini ko‘rsatadi va shifokorga to‘g‘ri yo‘l tanlashda yordam beradi.

Shu bilan birga, sog‘lom turmush tarzini ham unutmaslik kerak. Yetarlicha uyqu, to‘yimli ovqatlanish va muntazam jismoniy faollik organizmning umumiy holatini yaxshilab, D vitaminining ham yaxshi o‘zlashtirilishiga yordam beradi.

Теги :
Jamiyat
Salomatlik