$
 12814.78
-14.29
 13442.70
97.9
 123.50
-1.41
weather
+26
Кечаси   +14°

Bolalar orasida xavfli virus tarqalayotgani rostmi?

virus

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda xavfli virus tarqalayotgani va u bolalar orasida pnevmoniyaga olib kelayotganiga doir xabarlar tarqaldi. Biroq, bu xabarlar qanchalik asosli? Sanitar-epidemiologik va jamoat salomatligi qo‘mitasi (SSV) bu masalaga rasmiy munosabat bildirdi.

Rasmiy munosabat

Toshkent shahri Sanitar-epidemiologiya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilfuza Rasulova xabarlarning asossizligini ta’kidlab o‘tib, bu borada quyidagi ma’lumotlarni berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kunlik va haftalik respirator virusli infeksiyalar, shu jumladan, gripp A kasalligining tahlillari muntazam ravishda olib boriladi. Bemorlar tahlillari asosida laboratoriyada viruslar tekshirilmoqda. https://t.me/sanepidcommittee/12677

"Hozirgi kunda olingan laboratoriya tahlillari natijasida grippning A turi va respirator sensitsial viruslar, rino viruslar ba’zi bemorlarda aniqlanmoqda. Bemorlarning klinik belgilari, ya’ni mushak og‘rig‘i, yuqori tana harorati, yo‘tal, ko‘z og‘rig‘i, burun oqishi, tumanov kabi belgilar aynan grippning A turiga xos", — dedi Rasulova.

Gripp A virusining tarqalishi

Dilfuza Rasulova qo‘shimcha qilib, Toshkentda gripp A kasalligining ba’zi tumanlarda tarqalishining kuzatilayotganini ma’lum qildi. Biroq, bu holat mavsumiy infektsiyalar va kuz-qish davrida odatiy holat ekanini ta’kidladi. Hozirgi vaziyat gripp A kasalligining avj olishiga bog‘liq bo‘lib, yangi xavfli viruslar bilan bog‘liq emas.

"Toshkentda kuzatilayotgan vaziyat grippning A turi bilan bog‘liq. O‘tkazilgan so‘nggi haftalar davomida bu turdagi kasallik yuqori ko‘rsatkichlar bilan ro‘yxatga olinmoqda", — dedi u.

Davolash tadbirlari va profilaktika

Toshkentda davolash-profilaktika muassasalarida qo‘shimcha bemor o‘rinlari tashkil etilgan. Ushbu muassasalarda gripp A va boshqa respirator virusli infektsiyalarni davolash uchun zarur dorilar va simptomatik davolash uchun dori vositalari zahirasi yaratilgan. Bemorlar uchun davolash ishlarini amalga oshirish davom etmoqda.

Rasulova fuqarolardan profilaktik choralarni ko‘rishni so‘radi:

"Agar kasallikning belgilari sezilsa, uyda qolib, ishga, o‘qishga yoki bog‘chaga bormaslik kerak. Oila shifokoringizni chaqirib, u bilan maslahatlashish zarur. Shifokor maslahatlari asosida yotish tartibiga rioya qilib, davolanishni davom ettirish lozim", — dedi u.

Virusning tarqalishini oldini olish bo‘yicha tavsiyalar

Virusning tarqalishini oldini olish va aholi salomatligini saqlash uchun quyidagi profilaktik choralar tavsiya etiladi:

Kasallik belgilari paydo bo‘lsa, jamoat joylariga chiqmaslik, uyda qolish;

Oila shifokoringizga murojaat qilish, uyga chaqirish;

Shifokor tavsiyalariga rioya qilish, yotish tartibiga rioya etish va davolanishni davom ettirish.

"Ushbu choralar virusning tarqalishini oldini olishga yordam beradi va jamiyatni himoya qiladi", — deya qo‘shimcha qildi Rasulova.