$
 12720.00
-7.96
 13827.91
46.07
 140.04
0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

Bu paradoks hali hech qaysi davlatda uchramagan: O‘zbekistonda zo‘ravonlikka uchragan ayollarning o‘zi javobgarlikka tortilmoqda

oilaviy zo

O‘zbekistonda ayollarni himoya qilishi kerak bo‘lgan qonun ularni jazolash uchun ham xizmat qilmoqda. Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYU) tadqiqotchilari O‘tkirbek Xolmirzayev va Zayniddin Shamsidinov tomonidan tayyorlangan O‘zbekistonda ayollarga nisbatan maishiy zo‘ravonlik huquqbuzarliklarining sud amaliyotiga doir tadqiqotda aytib o'tilgan.

Tadqiqotda 2023-yil aprel-dekabr oylaridagi oilaviy zo‘ravonlikka oid sud amaliyoti (10 091 ta ma’muriy va 371 ta jinoyat ishi — jami 10 462 ta huquqbuzarlik va jinoyat ishlari) qamrab olingan. Tadqiqot boshqa jamiyatlardan o‘rganilgan huquqiy (va boshqa) institut va mexanizmlar O‘zbekistonda tatbiq etilganida butunlay boshqacha mazmun kasb etishi mumkinligini oilaviy zo‘ravonlik huquqbuzarligi misolida tushuntirishga urinadi.

Oilaviy zo‘ravonlik qaysi hududlarda ko‘proq uchramoqda?

O‘zbekiston aholisining 51 foizi shaharlarda yashasa-da, ayollarga nisbatan oilaviy zo‘ravonlikning mutlaq ko‘p (xususan, ma’muriy ishlarning 82,2 foizi) qismi qishloq hududlarda sodir etilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, eng ko‘p oilaviy zo‘ravonlik ishlari Toshkent, Navoiy, Jizzax, Buxoro va Farg‘ona viloyatilariga, eng kami esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va Xorazm viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, qishloq hududlarda oilaviy zo‘ravonlik darajasining og‘irroqligi, tan jarohat yetkazish holatlarining ko‘proqligi bilan ham e’tiborga molik. Ilmiy tadqiqotlar ham qishloqlarda aholi, ayniqsa, ayollarning ta’lim darajasi nisbatan past ekani, qarindoshchilik aloqalarining intensivligi va jamoaviy nazorat tufayli oilaviy zo‘ravonlik ko‘proq bo‘lishini tasdiqlaydi.

Madaniy-ijtimoiy normalar ayollarni doim bo‘ysunishga, qaror qabul qilishdan tiyilishga undaydi. Bu normalarni buzgan taqdirda, xotin-qizlar g‘iybat (gap-so‘z, “mahalla-ko‘y nima deydi?”), ostrakizm (jamiyatdan chetlatish, aloqa qilmaslik) va yaqinlari tomonidan boshqacha shaklda jazolanadi.

Xolmirzayev va Shamsiddinov o‘tkazgan tadqiqot sudlar oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklarida jabrlangan ayollarning o‘zini ham MJtKning ayni 59−2-moddasi — oilaviy zo‘ravonlikda ayblab, javobgarlikka tortayotganini ko‘rsatdi. 

Bunda jazo choralari odatda ruhiy yoki jismoniy zo‘ravonlikka uchragan ayollarning zo‘ravonga qarshi javob harakatlari — masalan, kuch ishlatayotgan zo‘ravonni haqorat qilish, unga javoban kuch ishlatish orqali jismoniy zarar yetkazish kabi holatlar uchun qo‘llanilmoqda.

Asosan Andijon, Farg‘ona va Toshkent viloyati

Masalan, Andijon viloyatidagi ayrim tumanlarning sud qarorlari o‘rganilganida, tasodifiy tanlab olingan 10 ta ma’muriy ishning 6 tasida jabrlanuvchi ayolning o‘zi ham (jazo tayinlanmasa ham) javobgarlikka tortilgani yoki zo‘ravonlikda ayblangani ma’lum bo‘ldi. 

Umuman, tadqiqot yakunlariga ko‘ra, bunday amaliyot asosan Andijon viloyati sudlarida, shuningdek, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari sudlari tomonidan qo‘llanilayotgani oydinlashgan.

Birinchi holat

Masalan, bir holatda (3−1702−2301/1596-sonli ish) huquqbuzar o‘z xotinini urishi oqibatida xotini javob qaytaradi, ular bir-biriga tan jarohati yetkazadi, sud har ikkalasiga ham jarima jazosi tayinlaydi.

Ikkinchi holat

Yana bir holatda (3−1702−2302/1627-sonli ish) er alohida yashayotgan xotinining yashash uyiga borib, u bilan janjallashib, unga tan jarohati yetkazadi, xotini esa bunday zo‘ravonlikka qarshi so‘kish bilan javob qaytaradi va erining mashinasi oynasini sindiradi. Sud erni oilaviy zo‘ravonlikda, xotinni bo‘lsa haqorat va mulkka shikast yetkazishda aybdor deb topib, har ikkalasini javobgarlikdan ozod qiladi.

Uchinchi holat

Uchinchi bir holatda (3−1703−2301/3311-sonli ish) esa er xotinini telefon so‘zlashuvida haqorat qiladi va bunga javoban xotini ham uni haqorat qiladi, sud esa har ikkisini oilaviy zo‘ravonlikda aybdor deb topadi. To‘rtinchi holatda (3−1506−2301/2780-sonli ish) er va qaynona kelinni urib, unga tan jarohati yetkazadi, sudda esa kelinning o‘zi ham haqorat qilishda aybdor deb topiladi — shu tariqa barchasining o‘zaro yarashib olishi uchun qulay vaziyat yaratiladi.

Aslida, har ikki tomonga zarar yetgani haqida ariza bo‘lgan taqdirda ham, sud zaruriy mudofaa va boshqa tushunchalar nuqtai nazaridan ishni qo‘shimcha o‘rganishi mumkin edi, lekin tadqiqotchilar ko‘rib chiqqan ma’muriy va jinoiy ishlarda sudyalar bunga e’tibor qaratmagan.

Asosan erkak sudyalar

E’tiborga molik yana bir jihat shuki, oilaviy zo‘ravonlikka doir o‘rganilgan mazkur 10462 ta ishning 96 foizini erkak, 4 foizini ayol sudyalar ko‘rib chiqqan.

Faqat ayollarni himoya qilish uchun ishlab chiqilgan qonunlar ular jabrlangan holatlarda ham ularning o‘zini javobgarlikka tortilishiga olib kelmoqda. Bu esa zo‘ravon erkakning yarashuvga erishish, jabrlanuvchi ayol ustidan ariza yozish orqali kelishuvga majburlash usullaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi. Tadqiqotchilar bu paradoks hali dunyoning hech bir huquqiy tizimi amaliyotida uchramaganligini alohida ta’kidlab o‘tgan.