$
 12228.58
20.5
 14282.98
166.78
 155.96
0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Huquq-tartibot xodimlari videolarini “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatishni taqiqlovchi qonun 3-marta ma’qullanmadi

video

Oliy Majlis Senati 16-avgustdagi yalpi majlisda huquq-tartibot idoralari xodimlari faoliyatiga oid tasvirlarni “obro‘sizlantirish maqsadida” tarqatganlik uchun jazoni nazarda tutuvchi qonunni ma’qullamadi. Qonun qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarildi. Endi parlament palatalarining kelishuv komissiyasi tuziladi.

O‘tgan yili ilk bor muhokamaga qo‘yilgan edi

Ma’lum qilinishicha, “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun 2023-yil 28-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda deputatlar tomonidan qabul qilib, Senat muhokamasiga yuborilgandi.

Shuningdek, 2024-yilning 10-yanvar kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tgandi. Yig‘ilishda “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokamaga qilingan edi. Bu haqda saytimizda ham to‘liq ma’lumot bergan edik.

Unda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarishi chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish maqsadida, ya’ni yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni internetga joylashtirish BHMning 50 baravari miqdorida jarima solishga yoki 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan.

Faollarning e’tirozlari

O‘shanda deputat Doniyor G‘aniyev buni ochiqlik siyosatiga zid deb hisoblashini aytgandi.

“Bu IIO to‘g‘risidagi davlat, hokimiyat boshqaruvi organi ochiqlik to‘g‘risidagi qonunlarimizga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri zid. Konstitutsiyamizda ham axborot erkinligi bor. Mana shu narsalarni inobatga olish kerak. Qolaversa, eng xavotirlisi shuki — bu norma amaliyotga kiradigan bo‘lsa, ba’zi mansabini suiiste’mol qiluvchi, fuqarolar huquq va erkinligini kamsituvchi xodimlar bundan boshqa maqsadlarda: fuqarolar huquqlarini buzishga, ularga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lishga ishlatishlari xavfi yo‘q emas”, degan edi deputat.

Politsiya davlatiga aylantirish yo'lida katta qadam

Xususan, Otabek Bakirov o‘z sahifasida “O‘zbekistonni politsiya davlatiga aylantirish yo‘lida katta qadam tashlanibdi, deya fikrlarini yozib qoldirgan. 

“Biz maishiy tashvishlarga o‘ralashtirilib, masalan, svet va suv uchun kurashib yotgan paytda O‘zbekistonni politsiya davlatiga aylantirish yo‘lida katta qadam tashlanibdi. Anonssiz, hech bir jamoatchilik muhokamalarisiz, dastyor parlament vositasida. Obro‘sizlantirish va haqorat uchun qonunchilikda jazo bor. Normal huquqiy davlatda bu qoidalar barcha uchun amal qiladi.Agar politsiya yo ichki ishlar xodimlari uchun alohida qoidalarni belgilash boshlansa, kuch, ma’muriy resurslar va mablag‘lar noteng taqsimlangani, ayniqsa, mustaqil sudning yo‘qligi sharoitida fuqarolarni repressiv apparatga “garovga topshirib” qo‘ygan bo‘lamiz. Politsiya davlatiga aylangan davlatda politsiya repressiyalardan holi bo‘ladi, deb o‘ylayotgan bo‘lsangizlar, qattiq adashasizlar”, — deya yozgan Otabek Bakirov.

Bundan tashqari, “Davletovuz” Telegram-kanali muallifi Qobil Hidirov ham bu normaga o‘z mulohazasini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Ichki ishlar organlari norma bilan o‘zlarini himoyalab olmoqda. 

Deputatlar haqorat qismini chiqarib tashlashdi, lekin obro‘sizlantirishni qoldirishdi. Ochiqlikka, mamlakatdagi trendga qarshi qaratilgan norma.

Lekin ko‘rinib turibdiki, Ichki ishlar organlari o‘zlarini himoyalab olishmoqda. Himoyalaganda ham, qattiqroq jazo so‘rashmoqda. Bu norma chiqarilishi kerak. Shundoq ham noto‘g‘ri axborot tarqatganni, darhol topib, uzr so‘rattirib, jazolashmoqda. Qonun uchala o‘qishda ham qabul qilindi va senatga yuborildi. Muhokamalarni to‘liq ko‘rish mumkin”, — deydi bloger.

“Dejurniy” modda

Belgilanayotgan jazo choralari jamoatchilik e’tirozlariga ham sabab bo‘ldi. Xususan, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ham buni tanqid qilib, ushbu qonun normasiga hech qanday ehtiyoj yo‘qligi va bu ertaga faqat zarar keltirishini qayd etgandi.

“Og‘rigan quloqni davolash emas, kesishni xohlayotganlar haqida: Bugun deputatlar ko‘p qonunlar qatorida yana bitta antiqa qonunni ham tasdiqlabdi. Ya’ni ichki ishlar xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida fuqarolar tomonidan foto yoki videotasvirga olib internet orqali tarqatilishi ma’muriy, hatto 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanishga sabab bo‘lishi haqidagi qonun uch o‘qishda tasdiqlanib ketibdi.

Bu nima degani? Bu shu deganiki, ertaga birorta nopok, o‘z ishiga noloyiq va qonunbuzar ichki ishlar xodimining videosi yoki suratini internetga joylasangiz, sizga jamoatchilik nazoratidagi faolligingiz, tizimni tozalashdagi yordamingiz uchun rahmat aytishmaydi, balki aksincha 15 sutkagacha tiqib qo‘yishadi.

Aslida bunaqa alohida moddaga ehtiyoj bormi? Yo‘q! Ushbu qonun normasiga hech qanday ehtiyoj yo‘q va bu ertaga faqat zarar keltiradi. Hozirgi qonunlarimizda ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan qarshilik qilganlarga jazo bormi? Bor!

Ichki ishlar xodimini haqorat qilgani uchun (xoh hayotda, xoh internetda) jazo bormi? Bor! Bo‘ldi-da, unda yana nima kerak sizlarga? O‘zi amaliyotda eng ko‘p soxta ayblov qo‘yiladigan moddalardan biri — ichki ishlar organlari xodimiga qarshilik qilish, degan modda edi, kimnidir 15 sutkaga qamash kerak bo‘lsa, odatda mana shu “dejurniy” ayblovdan foydalanishardi. Endi yana bitta “dejurniy” modda qo‘shilyapti, ichki ishlar xodimini obro‘sizlantirmoqchi bo‘ldi, deb qamashlar ko‘payadi. Chunki nima obro‘sizlantirish-u, nima obro‘sizlantirish emasligi haqida aniq chegara yo‘q. 

Juda yomon ish bo‘libdi lekin”, — degan edi Xushnudbek.