$
 12927.17
36.74
 14717.58
-3.29
 155.73
-0.31
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Musulmonlar idorasi: “Vaqf” fondi rahbariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi uning oldingi faoliyati bilan bog‘liq

musulmonlar

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashkilotda mablag‘lar o‘zlashtirilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Idora axborot xizmati ma’lum qilishicha, xorij nashrlarining birida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyatiga oid asoslanmagan ma’lumotlar tarqatilgan.

 Idora sarf-xarajatlari xayriya ishlaridan tushgan ehsonlar hisobidan qoplanadi

Ushbu xabarlarda Diniy idorada moliyaviy kamomad kuzatilgani va mablag‘lar o‘zlashtirilgani haqida bir qator iddaolar qilingan. O‘zbekiston musulmonlari idorasi o‘z ustav talablariga ko‘ra, tashkiliy-huquqiy jihatdan nodavlat-notijorat tashkilot bo‘lib, hech qanday tijoriy faoliyat bilan shug‘ullanmaydi. Diniy idoraning sarf-xarajatlari masjidlar, ziyoratgohlar va turli xayriya ishlaridan tushgan ehsonlar hisobidan qoplanadi.

Yig‘ilgan mablag‘lar tasdiqlangan smeta asosida sarflanadi va moliyaviy aylanmalar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy hay’ati, Taftish komissiyasi, adliya organlari va soliq idoralari tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi. Xususan, 2024-yilning 1-12-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mutaxassislari, soliq idoralari xodimlari tomonidan diniy idorada qonunchilik hujjatlari bajarilishi va moliyaviy faoliyatlarning qonuniyligi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

Kamomad mavjud emasligi qayd etilgan

O‘rganilgan ishlarning yakuni bo‘yicha Adliya vazirligining 2024-yil 18-noyabr kunidagi 21/5-978/9-sonli taqdimnomasida diniy idorada moliyaviy kamomad va noqonuniy xatti-harakatlar mavjud emasligi qayd etilgan.

Shuning bilan birga, Taftish komissiyasi O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2021-2024-yillardagi moliyaviy faoliyatini batafsil tekshirib, mazkur jarayonlar amaldagi qonunchilikka muvofiq ekani to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy hay’atiga hisobot bergan.

Fond o‘z faoliyatini qonunchilik hujjatlari va Vasiylik kengashi qarorlari asosida olib boradi

Tarqatilgan xabarlardagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi rahbariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi esa uning mazkur vazifaga kirishishdan oldingi faoliyati bilan bog‘liq ekani alohida ta’kidlangan. Olib borilgan tergov jarayonlarida ham fond mablag‘larini noo‘rin sarflash va o‘zlashtirish holatlari o‘z tasdig‘ini topmagan. Fond o‘z faoliyatini qonunchilik hujjatlari va Vasiylik kengashi qarorlari asosida olib boradi. Mazkur kengash fond faoliyatining dinimiz talablari va qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini muntazam nazorat qilib boradi.

Ziyoratchilar kiyimlarini tayyorlash bo‘yicha tanlovning xolis emasligi haqidagi zabarlar asossiz

“Shuningdek, xabarlarning birida umra ziyoratchilari uchun nimcha va sumka bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov haqida ham asoslanmagan ma’lumotlar uchraydi.

Ma’lumki, mamlakatda haj va umra safarini tashkil etish ishlari Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi “Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 364-sonli qaror asosida amalga oshiriladi. Ushbu qarorga ilova qilingan nizomning 17-bandida ziyoratchilar uchun kiyim-kechak va sumka tayyorlab beruvchi tashkilotlarni tanlash uchun alohida tender (tanlov) o‘tkazish va tender (tanlov) xulosalarini Jamoatchilik kengashiga kiritish va Jamoatchilik kengashi qaroriga asosan tender (tanlov)da g‘olib chiqqan tashkilotlar bilan shartnomalar tuzish belgilangan.

Qayd etilishicha, har yili nimcha (kamzul) va sumka tayyorlab berish bo‘yicha alohida ochiq tanlov o‘tkaziladi va bu haqda OAVda e’lonlar beriladi. Unda firmalar tomonidan taqdim etilgan bir qator hujjatlar bilan birga nimcha (kamzul) va sumka namunalari sifati va narxi mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, ularning yakuniy xulosasi Jamoatchilik kengashiga kiritiladi.

Mazkur xabarda umra ziyoratchilari uchun nimcha va sumkalarga pullar o‘tkazilib, o‘zlashtirib yuborilgan, degan mazmundagi ma’lumot ham asossizdir. Chunki, o‘tkazilgan tanlovda g‘olib chiqqan firma bilan tuzilgan shartnomaga asosan har bir nimcha uchun 34.130,91 so‘mdan (QQSsiz), har bir sumka uchun 28,369,09 so‘mdan (QQSsiz) tasdiqlangan smeta asosida mablag‘ ajratilgan. Mazkur nimcha va sumkalar umra ziyoratchilariga tarqatilgan va ular Saudiya Arabistonida ibodatlarini ado etib qaytdi”, deya yozgan diniy idora matbuot xizmati.