$
 12102.39
-33.37
 13990.36
-77.41
 153.08
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

Global pul oqimi: dunyo valyuta savdosining 80 foizi qayerda amalga oshiriladi?

Bugungi kunda dunyo moliya tizimida har kuni ulkan miqdordagi pul harakat qiladi. Turli davlatlar o‘rtasida banklar, kompaniyalar va investorlar valyuta almashadi, natijada trillionlab dollar bir mamlakatdan boshqasiga o‘tadi. Aslida xalqaro savdo, investitsiya va hatto oddiy to‘lovlarning ko‘pi aynan shu valyuta bozori orqali amalga oshadi. Shuning uchun ham valyuta savdosi global iqtisodiyotning eng muhim qismlaridan biri hisoblanadi.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyoda har kuni taxminan 2,6 trillion dollar miqdorida xalqaro valyuta operatsiyalari amalga oshiriladi. Ammo bu savdolar dunyo bo‘ylab teng taqsimlanmagan. Aksincha, bir nechta yirik moliyaviy markazlar global valyuta savdosining katta qismini o‘z qo‘lida ushlab turadi.

Valyuta savdosining asosiy markazlari

Xalqaro valyuta bozorida eng katta rolni Buyuk Britaniya o‘ynaydi. London moliyaviy markazida kuniga qariyb 957 milliard dollar miqdorida valyuta savdosi amalga oshiriladi. Bu jahon bozorining qariyb 40 foizi degani. Londonning bu darajada kuchli bo‘lishiga uning qulay vaqt zonasi, rivojlangan moliyaviy bozorlari va uzoq yillik tajribasi sabab bo‘lmoqda.

Ikkinchi o‘rinda AQSh turadi. Bu yerda kuniga taxminan 653 milliard dollar miqdorida xalqaro valyuta operatsiyalari amalga oshiriladi. Keyingi o‘rinlarni esa Osiyoning yirik moliyaviy markazlari egallagan. Singapurda kuniga 336 milliard dollar, Gonkongda esa 149 milliard dollar miqdorida valyuta savdosi amalga oshiriladi.

Shuningdek, Shveytsariya (85 mlrd dollar), Germaniya (74 mlrd dollar), Yaponiya (71 mlrd dollar), Avstraliya (40 mlrd dollar), Fransiya (27 mlrd dollar) va Kanada (24 mlrd dollar) ham global valyuta bozorida muhim o‘rin egallaydi. Qolgan davlatlarning umumiy ulushi esa taxminan 154 milliard dollarni tashkil qiladi. Qizig‘i, atigi to‘rtta moliyaviy markaz — Buyuk Britaniya, AQSh, Singapur va Gonkong butun dunyodagi valyuta savdosining qariyb 80 foizini nazorat qiladi.

Chegarasiz moliya davri

So‘nggi yillarda moliya tizimi ham tez o‘zgarib bormoqda. Oldin xalqaro pul o‘tkazish uchun ko‘plab banklar va vositachilar kerak bo‘lardi. Bu esa ko‘p vaqt va katta komissiya talab qilardi. Endi esa yangi moliyaviy texnologiyalar bu jarayonni ancha osonlashtirmoqda. Raqamli to‘lov tizimlari yordamida pulni boshqa davlatga tezroq va arzonroq yuborish mumkin. Masalan, ayrim ilovalar orqali odamlar dunyoning 150 dan ortiq mamlakatiga pul yuborishi yoki u yerda to‘lov qilishi mumkin. Natijada global moliya tizimi asta-sekin chegarasiz pul harakati tomon o‘zgarib bormoqda. Bu esa xalqaro savdo, investitsiya va biznes aloqalarini yanada tezlashtiryapti.