$
 12929.92
-20.11
 13496.25
-9.34
 146.25
3.72
weather
+26
Кечаси   +14°
uzfood

UzIMEI tizimi sababli telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazishda navbatlar yuzaga keldi

uzimei

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilarning telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun navbatda turish holatlari kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Yo‘lovchilar olib kelingan mobil qurilmalarini UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni sababli yuzaga kelgan bu navbatlar, davlat idoralari tomonidan tezkor chora ko‘rishni talab qildi. Davlat bojxona qo‘mitasi (DBQ) axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik bo‘limi mutaxassislarini joyga yuborib, vaziyatni o‘rganishga kirishdi. Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vazirligi va UzIMEI vakillari ham tekshiruvda ishtirok etdilar.

 Mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni qanday ishlaydi? 

 O‘zbekistonga mobil qurilmalarni olib kirishda, agar belgilangan normadan oshmagan taqdirda (ikkita yangi telefonni boj to‘lovi to‘lamasdan olib kirish ruxsat etilgan), fuqarolar boj to‘lovi to‘lashga majbur emaslar. Biroq yo‘lovchi qurilmaning IMEI (identifikatsion kodi) ko‘rsatilgan deklaratsiyani to‘ldirishi shart bo‘ladi. Ushbu deklaratsiya keyinchalik UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishning asosiy hujjati hisoblanadi. Tizim DBQ ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashganligi sababli, olib kirilgan qurilmalar avtomatik tarzda qayd etiladi. Aeroportda yo‘lovchilarning qulayligi uchun mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelish zonasida tashkil etilgan. 

Navbatlar qayerdan paydo bo‘lmoqda? 

Kuniga o‘rtacha 150 yo‘lovchi kelish vaqtida telefonlarini darhol ro‘yxatdan o‘tkazishadi va bu jarayon bitta shaxs uchun taxminan 8 daqiqa davom etadi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta reyslar qo‘nishi esa vaqtinchalik kechikishlarga olib kelmoqda. Ma’lumotlarni qayta ishlashda 2 ta bojxona inspektori va 1 ta UzIMEI operatori 24 soat davomida faoliyat yuritmoqda. 

Jarayonni tezlashtirish uchun nimalar qilinmoqda? 

Hozirgi paytda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonida ishlayotgan xodimlar soni oshirildi: endi 4 ta bojxona inspektori va 2 ta UzIMEI operatori faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, DBQ va UzIMEI ma’lumotlar bazasi o‘rtasidagi integratsiya optimallashtirildi, bu esa ma’lumotlarni tezroq qayta ishlash imkonini beradi va bitta yo‘lovchi uchun ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtini 2 daqiqagacha qisqartiradi. Shu bilan birga, kelgusida mobil ilova orqali onlayn deklaratsiyani ishga tushirish rejalashtirilmoqda, bu yo‘lovchilarga hujjatlarni oldindan tayyorlash va aeroportdagi navbatlardan qochish imkonini beradi. 

Aeroportda telefonlarni ro‘yxatdan o‘tkazish majburiy emas! 

Yo‘lovchilar mamlakatga kirishdan keyin 30 kun ichida, o‘zlariga qulay bo‘lgan istalgan vaqtda UzIMEI tizimida mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin. Chegara o‘tkazish vaqtida yagona majburiy talab – yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida olib kelingan telefonning IMEI-kodini ko‘rsatishdir. Shuningdek, chegara o‘tkazishda qurilmalarni deklaratsiya qilishlari shart.