$
 12778.00
-9.03
 14012.35
-36.76
 131.58
-1.47
weather
+26
Кечаси   +14°

Abituriyentlar Bilim va malakani baholash agentligini sudga berdi

UzBMB

Huquqshunoslik fanidagi test savollaridan norozi abituriyentlar Bilim va malakalarni baholash agentligini sudga berdi. Bu haqda “Ta’lim xabarlari” portali ma’lum qildi.

Advokat ishga kirishgan

Avvalroq, huquqshunoslik fani bo‘yicha tuzilgan savollar abituriyentlar hamda keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgan edi. Advokat Muhriddin Shamsiddinovning ma’lum qilishicha, ushbu holatdan norozi bo‘lgan abituriyentlar Bilim va malakalarni baholash agentligini sudga berdi.

Modda sanksiyalarini yodlash kelgusi faoliyatda kerak bo‘lmaydimi?

Ta’kidlanishicha, joriy yil iyul oyida yuridik yo‘nalishlarga imtihon topshirgan abituriyentlarga moddalar sanksiyalaridan (qancha jarima belgilangan, necha yilga “qamaladi” kabi) savollar tushgan.

“Universitetda o‘qib yurgan vaqtlarimda ustozlarim modda sanksiyasini yodlashni qat’iy man etardi. Ya’ni biz umuman sanksiya yodlamasdik. Chunki birinchidan, yodlashni umuman imkoniyati yo‘q, ikkinchidan, bu kelgusi faoliyatda umuman kerak bo‘lmaydi. Bugundan advokat sifatida ishga kirishdim. Hozir Toshkent tumanlararo ma’muriy sudidaman. Ish bilan tanishish va OAVni jalb etish bo‘yicha sudga iltimosnoma taqdim etaman”, – deyiladi xabarda.

UzBMB o‘zini jinnilikka solishni zo‘r eplayapti – Xushnudbek

Aynan ushbu mavzuda oldinroq huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev “UzBMB o‘zini jinnilikka solishni zo‘r eplayapti. Huquq sohasidagi vakolatli davlat organlari ham pozitsiyasini aytishi kerak” sarlavhasi ostida o‘z Telegram kanalida post joylagan edi. Bu post Xushnudbek va agentlik o‘rtasidagi mojarolarning oxirgisi bo‘lgan.

Blogerning yozishicha, huquq faniga oid e’tirozlar bo‘yicha UzBMB naq 3 marta bayonot berdi. Uchalasida ham asosiy savolga javob yo‘q, faqat aravani quruq olib qochib, safsata to‘qishdan boshqasiga o‘tmayapti. Yoki ular e’tiroz nimadaligini tushunmayapti yoki tushunsa ham, atayin o‘zini tushunmaslikka olyapti.

“Shaxsan mendagi asosiy e’tiroz: nima uchun testda kodekslarda keltirilgan turli huquqbuzarliklar uchun jazo qismidan savol bergansizlar? Sanksiya qismini hech kim hech qayerda so‘ramaydi”, – deb yozgan Xushnudbek.

Modda sanksiyasi hech qachon so‘ralmaydi

Uning so‘zlariga ko‘ra, Modda sanksiyalari 4 yillik oliy ta’limdagi talabadan ham so‘ralmaydi, magistrdan ham so‘ralmaydi, doktorantdan ham so‘ralmaydi, sudyadan ham so‘ralmaydi, prokurordan ham so‘ralmaydi, tergovchidan ham so‘ralmaydi, advokatdan ham so‘ralmaydi, professoru akademikdan ham so‘ralmaydi.

“Huquqning “h” harfini ham tushunmaydigan, istalgan matndan test tuzsa bo‘ladi, deb o‘ylaydigan uquvsizlargina buni testda savol qilib berishi mumkin, xolos”, – deya e’tiroz bildirgan huquqshunos.

Agentlik javobi

Bilim va malakani baholash agentligi Xushnudbekning ushbu postiga ham munosabat bildirib o‘tgan. Xabarga koʻra, test savollarida agentlik saytida eʼlon qilingan darslik va kitoblardan chetlashish boʻlmagan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2018-yil 3-apreldagi 261-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 8-bandiga asosan test topshiriqlari umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimining umumtaʼlim fanlari oʻquv dasturlariga muvofiq tuzilishi koʻrsatilgan.

“Huquqshunoslik fanlari tez oʻzgaruvchi ijtimoiy fan ekanligi, qonun hujjatlari yangilanishi bilan darslikdagi maʼlumotlar eskirishi, amaldagi qonun hujjatlari bilan har bir fuqaro muntazam tanishib borishini inobatga olish lozim.

Qonun hujjatlari yangi tahrirda qabul qilinsa-da, oʻquv dasturidagi mavzular oʻzgarmay qolaveradi. Yuqoridagilarni inobatga olib, huquqshunoslik fanlari boʻyicha test sinovi materiallari amaldagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar asosida shakllantirilgan va test topshiriqlarining maʼno-mazmuni huquqshunoslik fanlari oʻquv dasturiga moslashtirilgan.

Qolaversa, umumiy oʻrta taʼlim tizimida chop etilgan oʻquv darsliklarining soʻngida QR-kod yordamida olinadigan huquqiy-meʼyoriy hujjatlar roʻyxati keltirilgan”, – deb yozilgan agentlik xabarida.

Теги :
Жамият