$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Arxivdagi qonunbuzilishlari ochiqlandi

arxiv

Joriy yil davomida “Oʻzarxiv” agentligi va Arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan 102 ta vazirlik va idora hamda boshqa tashkilotlarda arxiv ishi va ish yuritish holati ustidan davlat nazorati olib borildi.

AOKAda “Oʻzarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliev ishtirokida brifing oʻtkazildi. Unda, arxivlardagi qonunbuzilishlari hamda korrupsiya holati kuzatilganda kimga murojaat qilinishi kerakligi haqida aytib oʻtildi.

Majburiy taqdimnomalar

Qayd etilishicha, joriy yil davomida olib borilgan davlat nazorati natijasida 95 ta tashkilotga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar yuborilgan. 

19 nafar qonunbuzarga bayonnoma tuzilgan

Tekshirishda aniqlangan qonunbuzilishlari boʻyicha 19 nafar masʼul xodimga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi tegishli moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik boʻyicha maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli sud organlariga taqdim qilingan. 

Qanday qonunbuzilishlari aniqlangan?

Tekshirishlar davomida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan arxiv hujjatlarini belgilangan muddatlarda davlat arxivlariga topshirmaslik, arxiv hujjatlarining qimmatliligi boʻyicha ekspertizadan oʻtkazmaslik, jumladan, arxiv roʻyxatlarini tuzmaslik, hujjatlarni tartibga keltirmasdan saqlash, arxiv xonalariga boʻlgan talablarga rioya etmaslik hamda ish yuritish yoʻriqnomalari, yigʻmajildlar nomenklaturalari ishlab chiqmaslik kabi qonunbuzilishlar aniqlangan. 

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlarga yuklangan 220 ta funksiyaning korrupsiyaviy xavf-xatarlari tahlil qilinib baholangan va e-anticor.uz elektron tizimi orqali Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuborilgan. 

Korrupsiya holati kuzatilsa kimga murojaat qilish kerak?

Taʼkidlanishicha, davlat arxivlarida pora talab qilinsa, fuqaro “Oʻzarxiv” agentligiga ogʻzaki, yozma yoki elektron shaklda murojaat qilishi mumkin. Murojaatni “Oʻzarxiv” agentligiga yoki uning hududiy boshqarmalariga tashrif buyurib, shaxsan taqdim etish, 55-50-301-50 Ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilish, toʻgʻridan-toʻgʻri elektron shaklda murojaat qoldirish mumkin