$
 12855.93
11.93
 13570.72
20.3
 128.16
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Kunduzgi uyqu — diqqat jamlashni 50 foizga yaxshilaydi, yurak xuruji xavfini 30 foizga kamaytiradi

uyqu

Tushlik vaqtida 20—30 daqiqaga uxlab olish diqqatni jamlash, xotirani mustahkamlash, yurak xuruji va insultga chalinish xavfini kamaytiradi. Bu haqda Rossiya maorif universiteti tibbiyot fakultetining fundamental fanlar kafedrasi dotsenti Tatyana Krimtseva “Izvestiya” nashriga xabar berdi.

Insoniyatning uyqu davomiyligi qisqarmoqda

“O‘rta yoshli insonning kundalik uyqu normasi 7 soatdan 9 soatgacha, o‘rtacha 7 soat va 40 daqiqani tashkil etadi. Ammo soʻnggi yillarda insoniyatning uyqu davomiyligi keskin qisqara boshladi. Tinimsiz ish va tig‘iz kun tartibi bilan bog‘liq bu surunkali uyqusizlik ortidan turli kasalliklarning miqdori ortdi. Xususan, yurak-qon tomir tizimi va oshqozon-ichak trakti bilan bog‘liq xastaliklar tobora yoshara boshladi”, deydi u.

Hayotiy va fiziologik jihatdan muhim 

Tatyana Krimtsevaning so‘zlariga ko‘ra, biz ahamiyat bermagan kunduzgi uyqu hayotiy va fiziologik jihatdan muhim bo‘lib, unda tana nafaqat dam oladi, balki barcha organlar va muhim tizimlar ishi tiklanadi, zarur gormonlarning yetarli miqdorda ishlab chiqarilishi tufayli tanadagi gormonal muvozanat tartibga keladi.


Shu sababli kunduz kuni qisqa vaqtga mizg‘ib olishga vaqt topish juda foydalidir. Buning uchun soat 13:00 dan 15:00 gacha bo‘lgan vaqtda atigi 20—30 daqiqa uxlash kifoya. Bunda inson to‘liq yotib dam olishi shart emas. Ish kiyimida va odatiy kresloda ham uxlash mumkin. Bu vaqtda xonada tinchlik va sukunatning ta’minlanishi yanada foydalidir.

Kunduzgi uyquning qanday foydalari bor?

“Kunduz kungi uyqu organizmdagi barcha organlar faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday uyqu diqqatni jamlashni taxminan 50 foizga yaxshilaydi, xotirani 30 foizga mustahkamlaydi, yurak xuruji va insult xavfini ham 30 foizga kamaytiradi”, deya tushuntirdi mutaxassis.

“Agar buning iloji bo‘lmasa, hatto metroda ishga ketish vaqtida 10 daqiqaga uxlab olish ham ancha foydali”, deydi u.

Agar sizda uyquga to‘ymaslik va uning yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammo bo‘lsa, kunduzgi dam olish vaqtini 90 daqiqagacha oshirish mumkin. Bu bitta to'liq uyqu siklini tashkil qiladi va tanaga katta energiya va kuch beradi.

Maktab yoshidagi bolalar uchun uyquning ahamiyati

Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, maktabgacha yoshdagi bolalar kuniga kamida 10—12 soat uxlashlari kerak. Kunduzgi uyqu kognitiv funksiyalar uchun foydalidir. U xotira, zehn, mantiqan fikrlash, diqqatni jamlash, hisob-kitob qilish qobiliyatini rivojlantiradi. 

Shuningdek, u stress gormoni — kortizol darajasini pasaytiradi va o‘sish gormoni ishlab chiqarilishiga yordam beradi.