$
 12004.75
-16.57
 13691.42
-42.94
 157.11
-0.53
weather
+26
Кечаси   +14°

Yer arzon, uy esa qimmat Ko‘chmas mulk bozorida nimalar bo‘lyapti?

uy

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozoridagi faollik kutilganidan ham yuqori darajaga chiqdi. Uy-joy savdosi keskin oshib, ipoteka kreditlari ko‘paydi, yangi uylar qurilishi esa jadallashdi. Shu bilan birga, uy va ijara narxlari o‘sishda davom etayotgan bo‘lsa-da, Toshkentdagi yer uchastkalari narxi aksincha pasaydi.

Xo‘sh, nima sababdan yer narxlari tusha boshladi?

Uy-joy bozori rekord darajada “jonlandi”

2026-yilning birinchi choragi ko‘chmas mulk bozori uchun juda faol davr bo‘ldi. Shu uch oy ichida mamlakat bo‘yicha 110 ming 100 ta oldi-sotdi bitimi rasmiylashtirildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda qariyb 48,4 foizga ko‘p. Ayniqsa, Toshkent shahri, Sirdaryo, Andijon va Navoiy viloyatlarida savdo sezilarli darajada oshdi. Eng yuqori o‘sish Sirdaryoda kuzatilib, bitimlar soni 67 foizga ko‘paydi. Toshkentda bu ko‘rsatkich 64 foizni, Andijonda 56 foizni, Navoiyda esa 52 foizni tashkil etdi.

Eng ko‘p shartnomalar mart oyida tuzildi. Hatto bu oyda rasmiylashtirilgan bitimlar soni 2025-yil martiga nisbatan ikki baravardan ham oshib ketdi. Markaziy bank bunga 1-apreldan eskrou tizimi joriy etilishi sabab bo‘lganini ta’kidladi. Ko‘plab xaridor va sotuvchilar yangi tartib kuchga kirishidan oldin hujjatlarni eski qoidalar asosida rasmiylashtirishga shoshilgan.

Bu davrda ipoteka kreditlariga bo‘lgan talab ham yuqori bo‘ldi. Birinchi chorak davomida aholiga 5,7 trillion so‘mlik ipoteka krediti ajratildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 29 foizga ko‘p. Aholining real daromadlari o‘sishi biroz sekinlashgan bo‘lsa-da, chorak yakunida 7,8 foizni tashkil etdi. Mutaxassislar aynan shu omillar uy-joy bozorida talabning yuqori bo‘lib qolishiga sabab bo‘layotganini qayd etmoqda.

Uylar va ijara qimmatlashdi, lekin yer narxi pasaydi

Bozordagi yuqori faollik narxlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Mart oyida yangi uylarning narxi dollar hisobida 8,1 foizga, so‘m hisobida esa 1,8 foizga oshdi. Ikkilamchi bozorda esa narxlar bundan ham tezroq ko‘tarildi. Eski uylar dollarda 9,4 foizga, so‘mda esa 3 foizga qimmatlashdi.

Ijara bozorida ham narxlar o‘sishda davom etdi. Respublika bo‘yicha mart oyida ijara narxi dollar hisobida 9,5 foizga, so‘m hisobida esa 3,1 foizga oshdi. Toshkent shahrida esa ijara narxlari nisbatan sekinroq o‘sdi. Poytaxtda dollar hisobida 6,9 foiz, so‘mda esa atigi 0,6 foizlik o‘sish qayd etildi.

Shu bilan birga, birinchi chorak yakuniga ko‘ra, Toshkentda bir sotix yerning o‘rtacha narxi 301 million so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,4 foizga arzon degani. Markaziy bank bunga shahar markazidan uzoqroq hududlarda yer uchastkalari taklifi ortib borayotgani sabab bo‘layotganini bildirdi.

Qurilish ko‘paydi, investitsiyalar ham oshmoqda

Uy-joy qurilishi ham yuqori sur’atlarda davom etmoqda. Yilning dastlabki uch oyida foydalanishga topshirilgan uy-joylarning umumiy maydoni 3,3 million kvadrat metrni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,6 foizga ko‘p. O‘sishning asosiy qismi yakka tartibdagi uylar qurilishi hisobiga to‘g‘ri keldi. Ushbu yo‘nalishdagi qurilish hajmi 6,8 foizga oshdi.

Ko‘p qavatli uylar segmentida esa o‘sish nisbatan sekinroq bo‘ldi. Markaziy bank bunga ayrim yirik turar joy majmualarining foydalanishga topshirilish muddatlari keyinga surilgani ta’sir qilayotganini qayd etdi. Shunga qaramay, qurilish sohasiga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar sezilarli darajada oshgan. Agar 2025-yilning birinchi choragida qurilish investitsiyalari jami investitsiyalarning 7,4 foizini tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 10,8 foizga yetdi. Mutaxassislar buni uy-joy va infratuzilma loyihalariga investitsiyalar tobora ko‘payayotgani bilan izohlamoqda.

Теги :
Jamiyat